Logo

Buxorodagi 7,8 mlrd dollarlik 145 ta loyiha: ayrimlari ishga tushdi, qolganlarining qurilishi boshlandi

Bugun 18:203 daqiqa

Loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 14 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi, yiliga 22 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi va 510 mln dollarlik eksport imkoniyati paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Buxorodagi 7,8 mlrd dollarlik 145 ta loyiha: ayrimlari ishga tushdi, qolganlarining qurilishi boshlandi © Foto: president.uz

Buxoroda umumiy qiymati 7,8 mlrd dollarlik 145 ta loyihani ishga tushirish va qurilishiga start berish jarayonida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Davlat rahbari so‘nggi to‘qqiz yilda viloyatga 9,5 mlrd dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilinib, 6 mingdan ortiq yangi ishlab chiqarish quvvati va 120 mingta doimiy ish o‘rni yaratilganini aytdi.

Neft-kimyo, to‘qimachilik, qurilish materiallari, mashinasozlik, energetika, tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, uy-joy qurilishi, infratuzilma, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida umumiy qiymati 7,8 mlrd dollar bo‘lgan 145 ta loyihadan iborat dastur shakllantirilgan. Shundan 654 mln dollarlik 55 ta loyiha 3-noyabr kuni ishga tushirildi, qiymati 7,1 mlrd dollar bo‘lgan yana 90 tasining qurilishi boshlandi.

Loyihalarda AQSH, Kanada, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Xitoy, Vietnam, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Hindiston investorlari, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirok etmoqda. Ularning amalga oshirilishi natijasida 14 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi, yiliga 22 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi va 510 mln dollarlik eksport imkoniyati paydo bo‘lishi kutilmoqda.

«Maqsadimiz bitta — import o‘rnini bosadigan va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish», — dedi prezident.

Viloyatda energetika sohasida ham yirik quvvatlar barpo etilmoqda. So‘nggi yillarda «yashil» energetikaga 2 mlrd dollar jalb qilinib, 1 ming megavatt shamol va 750 megavatt quyosh elektr stansiyalari, shuningdek, 63 megavattli energiya saqlash tizimlari ishga tushirildi. 601 kilometr magistral elektr tarmog‘i tortildi.

Xorij loyihalari

G‘ijduvonda «ACWA» kompaniyasi bilan 300 megavattli «Bosh-2» shamol elektr stansiyasi, Jondorda «Toyota Corporation» va Peshkuda «Sinoma» kompaniyalari ishtirokida umumiy quvvati 1 ming megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarining qurilishi davom etmoqda. Xitoylik hamkorlar bilan Kogon tumanida maishiy chiqindilardan elektr energiyasi olishga qaratilgan 165 mln dollarlik loyihani amalga oshirish, Germaniyaning «Leman» kompaniyasi bilan esa «Amu-Buxoro» kanali nasos stansiyalarining barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha 150 mln dollarlik loyihani yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Buxoro shahrida «Kurt Baver» brendi ostida yiliga 62 ming tonna mahsulot ishlab chiqaradigan to‘qimachilik kompleksi barpo etiladi. Romitanda xitoylik investorlar ishtirokida qiymati 400 mln dollar bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida 9 ming gektar yerni o‘zlashtirish tashabbusi ham ilgari surilgan. Natijada yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini 65 foizga yetkazish va qo‘shimcha 100 mln dollarlik eksport imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.

Markazda «Boqiy Buxoro» madaniy-etnografik parki, ko‘rgazmalar zali, zamonaviy mehmonxonalar, madaniy va ko‘ngilochar maskanlar barpo etiladi. Shuningdek, Buxoro shahrida «Indigo», «Holiday Inn» va «Hilton» xalqaro brendlari ostida mehmonxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.

«Buxoroda qiymati 3 mlrd dollarlik 19 ta yirik loyihani boshlaymiz. Agar bu ishlarni tizimli tashkil qilsak, birgina Buxoroning o‘zida bemalol 5 mlrd dollarlik turizm xizmatlari eksportini ta’minlaymiz», — dedi prezident.

Kelgusi besh yilda Buxoro viloyati aholisini to‘liq ichimlik suvi bilan, yirik shaharlar va tuman markazlarini esa kanalizatsiya tarmog‘i bilan ta’minlash maqsad qilingan. Xalqaro hamkorlar bilan umumiy qiymati 633 mln dollar bo‘lgan ikkita yirik loyiha boshlangan. Ularning hisobiga 2 mln aholining suv ta’minoti yaxshilanadi, 781 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suviga ega bo‘ladi.

Shuningdek, viloyatning tranzit salohiyatini uch karra oshirishga qaratilgan, qiymati 565 mln dollar bo‘lgan yettita yo‘l loyihasi amalga oshiriladi.

Prezident ramziy tugmani bosib, yangi obyektlarni ishga tushirdi va istiqbolli loyihalar qurilishiga start berdi. Xorijlik investorlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Shu yerning o‘zida davlat rahbari Buxoro infratuzilmasini 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammitlarga puxta tayyorlash yuzasidan mutasaddilarning axborotlarini tingladi va tegishli topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxorodagi turizm markazi bitsa, mahalliy budjetga tushadigan yillik tushum qancha bo‘lishi aytilgandi.

Teglar

Mavzuga oid