Logo

«Click» to‘qqiz oyda 275,7 mlrd so‘m sof foyda oldi

Kompaniya tushumi 30,8 foizga o‘sganiga qaramay, to‘qqiz oylik sof foyda ko‘rsatkichi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 mlrd 857 mln so‘mga kamaygan.

«Click» to‘qqiz oyda 275,7 mlrd so‘m sof foyda oldi

«Click» kompaniyasi 2026-yilning yanvar–sentabr oylari yakunlariga ko‘ra 275 mlrd 709 mln so‘m sof foyda ko‘rdi. Bu haqda «Click»ning 2026-yil uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha hisobotida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, kompaniyaning sof tushumi joriy davrda 30,8 foizga o‘sib, 657 mlrd 532 mln so‘mga yetgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 502,5 mlrd so‘mni, sof foyda esa 282 mlrd 566 mln so‘mni tashkil etgan edi.

Soliq va operatsion xarajatlarning keskin o‘sishi

Kompaniyaning asosiy faoliyatdan olingan foydasi 14,7 foizga oshib, 312,3 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Biroq, xarajatlar tushumga nisbatan tezroq o‘sish dinamikasini ko‘rsatgan.

Asosiy faoliyatdan olingan foydaning


tushumdagi ulushi 54,2 foizdan 47,5 foizgacha pasaygan.

Jumladan, davr xarajatlari 50 foizga oshib, 345,3 mlrd so‘mga yetdi. Ularning asosiy qismini (289,4 mlrd so‘m) boshqa operatsion xarajatlar tashkil qilgan (o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 189,1 mlrd so‘m edi).

Shuningdek, sotish xarajatlari 26,3 foizga o‘sib, 47,4 mlrd so‘mni, ma’muriy xarajatlar esa 2,4 barobarga o‘sib, 8,6 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Soliq to‘langunga qadar foyda 14,6 foizga o‘sib, 324 mlrd 954 mln so‘mga yetgani qayd etilgan. Biroq, foyda solig‘i xarajati o‘tgan yilgi 0,9 mlrd so‘mdan 49,2 mlrd so‘mgacha — 54,8 barobarga keskin oshdi.

Mazkur holat «Click»ning 2026-yil 1-apreldan boshlab «IT Park» rezidenti maqomini yo‘qotgani va standart 15 foizlik stavka bo‘yicha foyda solig‘ini to‘lashni boshlagani bilan bog‘liq.

Uchinchi chorak natijalari va aktivlar holati

Moliyaviy faoliyatdan jami 14,9 mlrd so‘m daromad olingan bo‘lib, shundan 14,7 mlrd so‘mi foiz daromadlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Moliyaviy xarajatlar esa 2,9 mlrd so‘mdan 2,2 mlrd so‘mgacha kamaygan.

Yarim yillik va to‘qqiz oylik hisobotlar asosida hisob-kitob qilinganda, uchinchi chorakning o‘zida «Click» taxminan 219,9 mlrd so‘m tushum va 125,7 mlrd so‘m sof foyda olgani oydinlashadi. (O‘tgan yilning shu choragida tushum 149,1 mlrd so‘mni, sof foyda esa 127,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan).

Aktivlar va kapital holati bo‘yicha: kompaniya aktivlari yil boshidagiga nisbatan 13,3 foizga oshib, 721,4 mlrd so‘mga yetdi. Ustav kapitali 20 mlrd so‘mligicha o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa-da, zaxira kapitali 0,8 mlrd so‘mdan 33,8 mlrd so‘mgacha ko‘paygan.

Taqsimlanmagan foyda 22,4 foizga oshib, 416,6 mlrd so‘mga yetgan. Yil boshidagi qoldiq va joriy foydani hisobga olganda, davr mobaynida taqsimlanmagan foydaning 199,6 mlrd so‘mi ishlatilgan va shundan 33 mlrd so‘mi zaxira kapitaliga yo‘naltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda «Click» kompaniyasining sof foydasi 27 foizga o‘sib, 376 mlrd so‘mni tashkil qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

«Click» to‘qqiz oyda 275,7 mlrd so‘m sof foyda oldi | Vaqt.uz