«Click» Techstars Startup Week’da: foydalanuvchi tajribasi va moliyaviy xizmatlarga ishonch
«Click» CPO vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ulug‘bek Abdurahmonov yangi foydalanuvchilarni jalb qilish, ularning kundalik hayotida moliyaviy xizmatlarning tutgan o‘rni va mijozlar ishonchini saqlash haqida fikr bildirdi.

24-noyabr kuni Toshkentda Techstars Startup Week doirasida «Banklar va fintex: O‘zbekistonda navbatdagi raqamli mijozni kim jalb qiladi?» mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda «Click» Mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ulug‘bek Abdurahmonov ishtirok etdi.
Muhokama davomida u moliyaviy xizmatlarni tanlashda foydalanuvchilar nimalarga e’tibor berishi va ularni ilovadan qayta foydalanishga undaydigan omillar haqida gapirdi. Uning fikricha, foydalanuvchining tanlovi muayyan ehtiyoj va vaziyatga bog‘liq. Bunda xizmatning qulayligi, tezligi va barqaror ishlashi muhim ahamiyatga ega.
Xizmat sifati — foydalanuvchi tanlovining asosi
Yagona QR-banklar va fintex kompaniyalari umumiy infratuzilma asosida o‘z xizmatlarini rivojlantirishi hamda foydalanuvchilarga tanlash erkinligini yaratishi mumkinligining yaqqol misollaridan biri. Tadbirkor bitta QR-kod orqali ushbu tizimga ulangan turli ilovalardan to‘lovlarni qabul qilishi, xaridor esa o‘zi odatlangan ilova orqali to‘lov qilishi mumkin.
QR-to‘lovlar bilan bir qatorda Apple Pay kabi boshqa to‘lov texnologiyalari ham rivojlanmoqda. Ular bir-birini to‘ldirib, foydalanuvchilarning turli ehtiyoj va odatlariga mos keladi. Yagona QR savdo nuqtalarida to‘lovlarni qabul qilishni soddalashtiradi. Apple Pay orqali esa iPhone va boshqa Apple qurilmalarida saytlardagi xaridlar uchun karta ma’lumotlarini qo‘lda kiritmasdan to‘lov qilish mumkin.
«Click» o‘z to‘lov sahifasi orqali hamkorlariga Apple Pay yordamida to‘lovlarni qabul qilish imkoniyatini yaratdi. Bu biznes uchun xaridorlarga ko‘proq to‘lov usullarini taklif qilish imkonini beradi. Moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarni esa to‘lov jarayonining qulayligidan tortib, mijozlar murojaatlariga tezkor javob berishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda xizmat sifatini oshirishga undaydi.
Ishonch — uzoq muddatli munosabatlarning asosi
«Click» faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari haqida gapirar ekan, Ulug‘bek Abdurahmonov barqarorlik, ishonchlilik va xavfsizlikning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, foydalanuvchining bank kartasini ilovaga ulashi kompaniyaga bildirilgan katta ishonchdir.
«Inson bank kartasini mobil ilovaga qo‘shar ekan, aslida, o‘z mablag‘larini shu xizmatga ishonib topshiradi. Bu ishonchni saqlab qolish juda muhim», — dedi u.
«Click» uchun nafaqat yangi foydalanuvchilarni jalb qilish, balki ularning kundalik hayotidan o‘rin olish ham muhim. Mijozlar bilan uzoq muddatli munosabatlar xizmatning ularning ehtiyojlariga javob berishi va har safar bildirilgan ishonchni oqlashi asosida shakllanadi.
Ma’lumot uchun, «Click» — O‘zbekistonning yetakchi fintex kompaniyasi bo‘lib, uning xizmatlaridan 25 milliondan ortiq kishi foydalanadi. Kompaniya mamlakatdagi raqamli to‘lovlar bozorida peshqadamlik qiladi. 2024-yilda «Click» superilovaga aylandi. U to‘lovlar va sug‘urtadan tortib logistika, avtomobil xizmatlari va xayriyagacha bo‘lgan keng ko‘lamli o‘z va hamkor xizmatlarini birlashtirdi. 2026-yilning yanvar oyida «Click» sun’iy intellekt asosidagi aqlli yordamchi — Cleo’ni ishga tushirib, shaxsiylashtirilgan raqamli xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirdi.
«Click» 1-sonli to‘lov tashkiloti litsenziyasiga hamda PCI DSS 4.0.1 standartiga muvofiqlik sertifikatiga ega. Kompaniya sun’iy intellekt, yashil energetika yechimlari va ijtimoiy tashabbuslarga sarmoya kiritishda davom etmoqda.
Reklama





