Rossiyadan migrantlarni chiqarib yuborish uchun asoslar soni ikki barobarga oshiriladi

Bugun 17:302 daqiqa

Xorijiy fuqarolarni «ruxsat etilmagan mitinglarda ishtirok etgani» yoki «Rossiya qurolli kuchlarini diskreditatsiya qilgani» uchun ham deportatsiya qilish rejalashtirilmoqda.

Rossiyadan migrantlarni chiqarib yuborish uchun asoslar soni ikki barobarga oshiriladi © Фото: © Дмитрий Рогулин/ ТАСС

13-aprel kuni Rossiya Davlat Dumasi kengashi xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni qator huquqbuzarliklar uchun Rossiyadan chiqarib yuborishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshlaydi. Bu haqda parlament palatasi raisi Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi jamoat xavfsizligini oshirish va xorijiy fuqarolar xulq-atvorini nazorat qilishni kuchaytirishga qaratilgan. Hujjatga muvofiq, migrantlar deportatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklar ro‘yxati deyarli ikki baravarga oshiriladi – Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi 22 moddadan 43 moddagacha.

Qonun loyihasi Rossiya hukumati tomonidan mart oyida kiritilgan. Unga ko‘ra, bir qator moddalarga alohida normalar kiritilib, agar huquqbuzarlikni xorijiy fuqaro sodir etsa, jarima bilan birga mamlakatdan chiqarib yuborish jazosi ham qo‘llaniladi.

Jumladan, quyidagi holatlar uchun deportatsiya nazarda tutilmoqda:

— ruxsat etilmagan mitinglarda ishtirok etish;

— Rossiya qurolli kuchlarini diskreditatsiya qilish;

— Rossiya va uning fuqarolariga qarshi sanksiyalarga chaqirish;

— mamlakat hududiy yaxlitligini buzishga qaratilgan ommaviy chaqiriqlar.

Shuningdek, ayrim huquqbuzarliklar uchun jarimalarni oshirish ham taklif qilingan. Jumladan: chegarani kesib o‘tish qoidalarini buzish, mamlakatga kirish va unda bo‘lish tartibini buzish, noqonuniy mehnat faoliyati va migrantlarni noqonuniy ishga qabul qilish uchun jazolar kuchaytiriladi.

Volodin ta’kidlashicha, «mamlakatga kelgan har bir inson Rossiya qonunlariga rioya qilishi shart». Uning qo‘shimcha qilishicha, 2024-yildan buyon Davlat Dumasi migratsiya siyosatini takomillashtirishga qaratilgan 22 ta federal qonun qabul qilgan, shulardan 18 tasi deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan.

Rossiyadagi migrantlar

Rossiyada migrantlar soni 2025-yil davomida qariyb 10 foizga kamaydi. Masalan, 2025-yil boshida ular soni 6,3 mln kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil yanvar holatiga ko‘ra 5,7 mln kishiga tushgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu raqamlarni Rossiya IIV migratsiya xizmati tahliliy boshqarmasi rahbari Aleksandr Perejogin «Rossiyada yangi migratsiya siyosati» konferensiyasida keltirgan. Perejoginning aytishicha, migrantlar sonining 10 foizga qisqarishi, asosan, mamlakatdagi voyaga yetmagan migrantlar soni qariyb chorakka kamaygani bilan bog‘liq. Rossiya IIV rasmiy vakili Irina Volkning aytishicha, agar xorijiy fuqarolar o‘z farzandlariga Rossiyada qonuniy yashash sharoitini ta’minlamasa yoki ularning asosiy umumiy ta’lim olishini ta’minlamasa, ularning mamlakatda bo‘lishi «nomaqbul» deb topilishi mumkin.

Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlar

O‘zbekiston prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Rahim Hakimov 2026-yil boshida Rossiyada taxminan 1,3 million nafar O‘zbekiston fuqarosi qonuniy tarzda mehnat qilayotganini aytgandi. Uning qayd etishicha, 2025-yilda mehnat migratsiyasi oqimida muayyan o‘zgarishlar kuzatilgan. Tashkillashtirilgan ishga jo‘natish mexanizmlari orqali Rossiyaga 106 ming kishi yuborilgan. Taxminan 50 ming mutaxassis yirik korporatsiyalar tarkibida ish o‘rinlariga joylashgan.

Teglar

Mavzuga oid