Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi ish boshlagani sharafiga dasturxon yozildi
Komil Allamjonov loyihaning amalga oshishida ko‘maklashgan AQSH hukumati va Markaziy Osiyo davlatlari elchilariga minnatdorlik bildirdi.

Vashingtonda Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi rasman ish boshladi. Shu munosabat bilan sharafiga tantanali kechki ovqat uyushtirildi. Bu haqda Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonov ma’lum qildi.

«O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo munosabatlari tarixida yangi sahifa ochilishida yonimizda bo‘lgan Oq uy, Davlat departamenti, Savdo vazirligidagi hamkorlarimizga hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari elchilariga minnatdorlik bildiraman», — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Kengashning ochilishi
6-aprel kuni Vashingtonda Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini rasman ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda kengash hamraislari — O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor ishtirok etdi.

«Ushbu tuzilma O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi biznes aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan samarali maydonga aylanishi shubhasiz. Bunga mamlakatlarimiz prezidentlarining qat’iy siyosiy irodasi mustahkam zamin yaratmoqda», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida.
Serjio Gor X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ushbu kengashning ishga tushirilishi «tijorat diplomatiyasi tufayli so‘nggi bir necha oy ichida sheriklikda erishilgan aql bovar qilmas yutuqlarning yuqori nuqtasi» ekanini ta’kidladi.

Kengashni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yilning 4−6-noyabr kunlari AQSHga amalga oshirgan tashrifi doirasida erishilgan edi. Kengash tuzilishining maqsadlari sifatida O‘zbekiston va Shtatlar o‘rtasidagi «o‘zaro manfaatli savdo-investitsiya va tijorat aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash», shuningdek, «ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, bu yo‘nalishda samarali ishlarni tashkil etish» ko‘rsatilgan.





