Eskrou orqali eng ko‘p shartnoma tuzgan hududlar ma’lum qilindi
1–7-aprel kunlari eskrou tizimi orqali amalga oshirilgan eng ko‘p bitimlar Toshkent shahri, Farg‘ona va Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.
© Getty ImagеsO‘zbekistonda eskrou mexanizmlari orqali amalga oshirilayotgan bitimlar soni izchil o‘sishni namoyon etmoqda. 1–7-aprel kunlari davomida jami ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnomalar soni 6 156 tani tashkil etmoqda.
Shundan 3 904 ta bitim transport vositalari oldi-sotdisiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2 252 ta holatda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalar amalga oshirilgan.
Hududlar kesimida shartnomalar soni
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng yuqori faollik Toshkent shahrida kuzatilgan bo‘lib, bu yerda 1 708 ta bitim qayd etilgan. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida 598 ta, Samarqand viloyatida esa 519 ta shartnoma amalga oshirilgani qayd etildi.

Manba: Markaziy bank
Boshqa hududlar orasida Qashqadaryo (350 ta), Buxoro (341 ta), Xorazm (324 ta) va Surxondaryo (271 ta) viloyatlarida ham muayyan darajada faollik kuzatilgan. Eng kam ko‘rsatkich Navoiy viloyatida — 166 ta va Sirdaryo viloyatda — 136 ta bitim qayd etilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, eskrou hisobvarag‘idan foydalanish hisob-kitoblarning xavfsizligi va shaffofligini ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda eskrou tizimi orqali amalga oshiriladigan bitimlar bo‘yicha xizmat haqlari uchun aniq cheklovlar joriy etilgan. Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar uchun komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan oshmaydi. Amalda bu eng ko‘pi bilan 206 ming so‘mgacha degani.
Avtotransport vositalari bo‘yicha bitimlarda xizmat haqi bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan, ya’ni 103 ming so‘mdan oshmasligi kerak.





