Jon boshiga daromad: O‘zbekiston nega ortda qoldi?
So‘nggi 30 yilda O‘zbekiston jon boshiga daromad o‘sishi bo‘yicha sobiq ittifoq davlatlari orasida eng sekin o‘sgan.

O‘zbekiston so‘nggi 30 yil ichida sobiq ittifoq mamlakatlari orasida jon boshiga daromad o‘sishi bo‘yicha eng past natijalardan birini qayd etgan. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahliliga ko‘ra, mamlakatda ushbu davrda jon boshiga (nominal) daromad atigi 6,8 barobarga oshgan.

Taqqoslash uchun, bu davrda eng tez o‘sish Gruziyada kuzatilgan bo‘lib, jon boshiga daromad qariyb 25 barobarga oshib, 10,3 ming dollarga yetgan. Shuningdek, Armaniston va Ozarbayjonda ham daromadlar 20 barobardan ortiq o‘sgan.
Qo‘shni mamlakatlardan Qozog‘istonda o‘sish 14,1 barobarni, Tojikistonda 16,9 barobarni tashkil etgan. Turkmaniston va Qirg‘izistonda esa bu ko‘rsatkich mos ravishda 8,6 va 8,5 barobar bo‘lgan.
O‘zbekistonda nominal daromadning yillik o‘sish sur’ati o‘rtacha 6,6 foizni tashkil etgan. Bu esa boshqa davlatlarga nisbatan past ko‘rsatkich hisoblanadi: Qirg‘izistonda 7,4 foiz, Qozog‘istonda 9,2 foiz, Tojikistonda 9,9 foiz va Gruziyada 11,3 foiz qayd etilgan.
Yana bir muhim tendensiya — 2025 yil prognozlari bilan bog‘liq.
Ko‘plab tashkilotlar, xususan Xalqaro valuta jamg‘armasi, Qozog‘iston jon boshiga daromad bo‘yicha Rossiyani ortda qoldirishini kutgan edi. Biroq rublning sezilarli mustahkamlanishi Rossiyada daromadlarning tezroq o‘sishiga olib keldi.
Natijada, Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi jon boshiga daromad tafovuti qisqarish o‘rniga kengaydi va Qozog‘istonning Rossiyani quvib o‘tishi amalga oshmadi.
2018 yildan keyin O‘zbekiston iqtisodiyotida burilish yuz berdi

2018 yildan boshlab O‘zbekiston iqtisodiyotida kutilmagan burilish yuz berdi. Agar oldingi yillarda mamlakat sobiq ittifoq hududida eng sekin o‘sayotgan iqtisodiyotlardan biri bo‘lgan bo‘lsa, keyingi davrda vaziyat keskin o‘zgargan.
2018–2025 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda jon boshiga daromad 2,1 barobarga oshdi. Eng e’tiborlisi, yillik o‘rtacha o‘sish 11,5 foizni tashkil etdi — bu esa mamlakatni sobiq ittifoq davlatlari orasida eng tez o‘sayotgan uchinchi iqtisodiyotga aylantirdi. Faqat Armaniston va Gruziya bu borada yuqoriroq natija ko‘rsatgan.
Taqqoslash uchun, shu davrda Qirg‘izistonda o‘sish 11,3 foizni, Tojikistonda 10,4 foizni tashkil etdi, Qozog‘iston esa 6,3 foiz bilan ortda qoldi.
Bu tezlashuv ichki islohotlar, tashqi iqtisodiy sharoitlarning nisbatan qulayligi, oltin narxining keskin oshishi, faol fiskal siyosat va valuta kursining barqarorligi bilan izohlanadi.
Jon boshiga daromad bo‘yicha Qirg‘iziston va Tojikiston o‘zib ketdi

Biroq 2021 yildan keyin vaziyat yana o‘zgardi. Endilikda Qirg‘iziston va Tojikiston jon boshiga daromad o‘sishi bo‘yicha O‘zbekistondan oldinlab ketdi.
So‘nggi to‘rt yilda O‘zbekistonda o‘rtacha o‘sish 14,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 19,1 foiz, Tojikistonda 16,4 foizga yetdi. Qozog‘iston esa 9,7 foiz bilan pastroq natija qayd etdi.
Bu holat geosiyosiy keskinliklarning kutilmagan ijobiy ta’siri ushbu mamlakatlarda ko‘proq shakllanganligi bilan izohlanishi mumkin (shuningdek, Qirg‘izistonda ayni davrda boshqaruvda o‘zgarish kuzatilgan). Umuman olganda, 2021 yildan keyingi davrda Markaziy Osiyoda nominal daromadlarning o‘sishi sezilarli tezlashgan.





