Eronga quruqlikdan hujum AQSH uchun «ikkinchi Viyetnam»ga aylanishi mumkin
Harbiy keskinlik avj olayotgan bir paytda, siyosatchilarning bayonotlarida Eronga qarshi quruqlikdagi amaliyot o‘tkazish ehtimoli tez-tez tilga olinmoqda.

Eron obyektlariga berilayotgan zarbalar va Yaqin Sharqdagi keskinlik kuchayishi fonida xalqaro kun tartibida bir savol bot-bot yangramoqda: Tehronga qarshi quruqlikdagi harbiy amaliyotlar boshlanishi mumkinmi?
Amerika va Isroil rasmiylari o‘z bayonotlarida ehtiyotkorlik bilan: «bunday rejalar yo‘q, ammo hech narsa istisno qilinmaydi», qabilida ish tutmoqda. Shunga qaramay, aksariyat harbiy ekspertlar va tahlil markazlari to‘liq ko‘lamli bosqin ehtimoli juda pastligini, bu ko‘proq ruhiy bosim o‘tkazish vositasi ekanini ta’kidlamoqda.
So‘nggi kunlarda Eron atrofidagi vaziyat keskin tus oldi. AQSH va Isroil Eronning harbiy va fuqarolik obyektlariga minglab zarbalar berdi. Qurbonlar soni minglab kishini tashkil etmoqda, vaziyat esa amalda to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv bosqichiga o‘tdi.
Shu bilan birga, G‘arb siyosatchilari ikkiyoqlama ritorikadan foydalanmoqda. Oq uy Eronga quruqlikdagi qo‘shinlarni yuborish hozirgi rejalarga kirmasligini aytsa-da, bunday imkoniyatni inkor etmayapti. Isroil rasmiylari ham bir necha hafta davom etadigan kampaniyaga tayyorgarlik ko‘rilayotganini bildirib, quruqlikdagi kuchlarni safarbar qilish ehtimoli kamligini urg‘ulamoqda. Ayni vaqtda ommaviy axborot vositalari AQSHning mintaqadagi ayirmachi tuzilmalar bilan aloqalari haqida xabar bermoqda. Bu kuchlar mojaro kengaygan taqdirda quruqlikdagi ittifoqchi vazifasini bajarishi mumkin. Bu kabi ma’lumotlar urush yangi bosqichga o‘tishi mumkinligi haqidagi muhokamalarni yanada avj oldirmoqda.
Quruqlikdagi amaliyot qanchalik haqiqatga yaqin?
Aksariyat tahlil markazlari bir fikrda yakdil: Eronga keng ko‘lamli bosqin uyushtirish zamonaviy davrning eng murakkab harbiy amaliyotlaridan biriga aylanishi mumkin.
Eron — aholisi 90 milliondan ortiq kishini tashkil etuvchi Yaqin Sharqdagi eng yirik davlatlardan biridir. Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat qurolli kuchlari tarkibida 610 ming nafarga yaqin amaldagi harbiy xizmatchi va urush holatida safarbar qilinishi mumkin bo‘lgan yana 350 ming nafar zaxiradagi askar mavjud.
Muntazam armiyadan tashqari, 190 ming kishilik shaxsiy tarkibga ega bo‘lgan Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) — parallel harbiy tuzilma ham faoliyat yuritadi. IIMKning o‘z quruqlikdagi qo‘shinlari, floti, aviatsiyasi va raketa kuchlari mavjud bo‘lib, u Livan, Suriya, Iroq va Yamandagi ittifoqchi qurolli guruhlar tarmog‘ini ham nazorat qiladi. Bu Eron bilan har qanday quruqlikdagi ixtilof muqarrar ravishda bir nechta frontga ega mintaqaviy urushga aylanib ketishi mumkinligini anglatadi.
Hatto ittifoqchilarini hisobga olmaganda ham, Eron umumiy harbiy qudrati bo‘yicha dunyodagi eng kuchli yigirmata davlat qatoriga kiradi. Mamlakat geografiyasi ham muhim rol o‘ynaydi. Eron murakkab tog‘li va cho‘l hududlaridan iborat relefga, uzun chegaralarga va ulkan hududga ega. Hujum qilayotgan armiya uchun bu ta’minot logistikasining qiyinlashishini, aloqa vositalarining zaiflashishini va keng maydonlarni nazorat qilish zaruratini keltirib chiqaradi. Harbiy tahlilchilarning ta’kidlashicha, bunday amaliyot yuz minglab harbiy xizmatchilarni, keng ko‘lamli ta’minot tizimini va uzoq muddatli harbiy ishtirokni talab etadi.
Eron Iroq emas
Ekspertlar doirasida AQSHning Yaqin Sharqdagi avvalgi urushlari bilan tarixiy qiyoslashlar tez-tez amalga oshirilmoqda.
2003 yilda Iroqqa bostirib kirish chog‘ida, amaliyotning eng yuqori nuqtasi bo‘lgan 2007 yilda 170 ming nafar amerikalik harbiy ishtirok etgan edi. O‘sha paytda Iroq aholisi qariyb 25 million kishini tashkil etgan, hududi esa ancha kichik bo‘lgan. Afg‘onistonda esa AQSH dastlabki tezkor harbiy muvaffaqiyatdan so‘ng, raqibning iqtisodiyoti va qurolli kuchlari ancha zaif bo‘lishiga qaramay, yigirma yillik ixtilof girdobida qolib ketdi.
Eron holatida esa ehtimoliy amaliyot ko‘lami ancha keng bo‘ladi: mamlakat aholisi 2003 yildagi Iroq aholisidan qariyb to‘rt baravar ko‘p, qurolli kuchlari ancha yirik, mudofaa tizimi esa muntazam armiya, IIMK va urush olib borishning asimmetrik usullari uyg‘unligiga asoslangan. Shu sababli, ko‘plab tahlilchilar Eronga qarshi quruqlikdagi amaliyot AQSH uchun Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng murakkab harbiy kampaniyaga aylanishi mumkin, deb hisoblaydi.
Ehtimoliy ssenariylar
Quruqlikdagi harakatlarning cheklangan shakllarini butunlay istisno qilib bo‘lmaydi. Eng ko‘p muhokama qilinayotgan ssenariylar qatoriga quyidagilar kiradi: ayrim obyektlarni yo‘q qilish yoki razvedka o‘tkazish uchun maxsus topshiriqli kuchlar amaliyotlari; strategik nishonlarni egallash uchun cheklangan reydlar; Eron chegaralaridagi ittifoqchi qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlash hamda mojaro kengaygan taqdirda chegaraoldi hududlarida amaliyotlar o‘tkazish.
Bunday harakatlar to‘liq ko‘lamli bosqindan sezilarli darajada farq qiladi va havo hujumlari kampaniyasiga qo‘shimcha sifatida ishlatilishi mumkin. Ekspertlar, shuningdek, ehtimoliy bosqin haqidagi muhokamalar bir vaqtning o‘zida bir nechta siyosiy va axborot vazifalarini bajarishiga e’tibor qaratmoqda. Birinchidan, bu Eron rahbariyatiga bosimni kuchaytirish va keyingi keskinlikka tayyorlikni namoyish etish usulidir. Ikkinchidan, bunday ritorika jamoatchilik fikrini mojaroning kengayishiga tayyorlash uchun xizmat qilishi mumkin. Uchinchidan, quruqlikdagi amaliyot haqidagi gap-so‘zlar AQSH ichki siyosiy kurashining bir qismiga aylanmoqda; zero, Iroq va Afg‘onistondagi urushlardan so‘ng bu mavzu Amerika jamiyati uchun o‘ta nozik masala bo‘lib qolgan.
Hozirgi vaqtda Eronga qarshi keng ko‘lamli quruqlikdagi amaliyotga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan dalolat beruvchi belgilar — yirik qo‘shin kontingentlarini ko‘chirish, logistika tugunlari yoki harbiy gospitallarni joylashtirish kabi holatlar kuzatilmayapti. Shunga qaramay, bunday ssenariyning ehtimoli siyosiy va axborot ritorikasida faol qo‘llanilmoqda.
«Komsomolskaya pravda» nashrining harbiy sharhlovchisi, iste’fodagi polkovnik Viktor Baranetsning ta’kidlashicha, AQSH va Isroilning keng ko‘lamli zarbalaridan keyin ham Eronning harbiy salohiyati yuqoriligicha qolmoqda, bu esa quruqlikdagi har qanday ehtimoliy amaliyot rejalarini jiddiy ravishda murakkablashtiradi.
«AQSH va Isroil Eronga — armiya, IIMK, havo hujumidan mudofaa tizimlari, flot va aviatsiyaga ancha shikast yetkazdi. Ammo shunga qaramay, eronliklarning jangovar salohiyati bor-yo‘g‘i 25–30 foizga kamaygan, xolos. Asosiy kuchlar hamon saqlanib qolgan. Bundan tashqari, Eronning barcha kuch ishlatar tuzilmalari jami 600 ming kishini tashkil etishini unutmaslik kerak. Qolaversa, 92 millionlik Eron safarbarlik e’lon qilib, 7-9 million zaxiradagi askarni safga tortishi mumkin. Bu omil amerikaliklarning quruqlikdagi amaliyoti jarayoniga juda kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin», — deb qayd etdi Baranets.
Ekspert, shuningdek, ehtimoliy quruqlikdagi kampaniya ko‘lami ulkan qo‘shinlar guruhini va murakkab logistikani talab qilishini, uni tayyorlash uchun esa oylab vaqt ketishi mumkinligini ta’kidladi.
«Rossiyalik mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday holatda AQSHga faqat quruqlikdagi qo‘shinlarning o‘zidan kamida 500 ming askar kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, Eron qirg‘oqlari yaqinida qo‘shimcha samolyotlar va aviatashuvchi zarbador guruhlar (kamida 7 yoki 8 ta aviatashuvchi) hamda har kuni o‘n minglab tonna yuk talab etiladi. Bularning barchasini mintaqaga ko‘chirish uchun, hatto tinch davrda ham yarim yil vaqt sarflangan bo‘lardi», — deb hisoblaydi harbiy sharhlovchi.
Baranetsning so‘zlariga ko‘ra, hatto shuncha kuch safarbar qilinganda ham, Eronga qarshi quruqlikdagi amaliyot tez orada uzoq davom etadigan va nihoyatda qimmatga tushadigan ixtilofga aylanib ketishi mumkin.
«Qanday vaziyat bo‘lmasin, agar AQSH to‘xtamasa, uni uzoq va davomli urush kutmoqda. Bu oylab, balki yillab davom etishi mumkin. Bu esa ulkan xarajatlar va katta yo‘qotishlar demakdir», — deb ta’kidladi ekspert.
Eronga bostirib kirish uchun ulkan armiya talab etiladi
Eronga qarshi ehtimoliy quruqlikdagi amaliyotga tayyorgarlik ko‘rish albatta mintaqaga qo‘shinlarni keng ko‘lamda ko‘chirish va yirik harbiy infratuzilma yaratish bilan birga kechadi.
«AQSHning Eronga qarshi quruqlikdagi amaliyotga tayyorgarlik ko‘rayotganining asosiy ko‘rsatkichi — Eron bilan chegaradosh mamlakatlarga piyoda qo‘shinlarning katta kontingentini yuborish hamda mintaqada quruqlikdagi janglarni olib borishga mo‘ljallangan yirik qurol-yarog‘ va harbiy texnika omborlarini tashkil etish bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, aholisi taxminan 90 million kishi bo‘lgan va relefi murakkab, asosan tog‘li hududlardan iborat Eron kabi davlatda keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazish uchun juda ko‘p sonli armiya kerak bo‘ladi. Qiyoslash uchun: 2003 yilda Iroqqa qarshi amaliyot vaqtida Amerika va koalitsiya qo‘shinlarining umumiy soni taxminan 300 ming askarni tashkil etgan edi», — deb ta’kidladi «Dünya Siyaseti» strategik markazi eksperti Sabir Askerog‘lu TRT nashriga.
Askerog‘lu quruqlikdagi kampaniya vaqtida aynan quruqlikdagi kuchlar asosiy rolni o‘ynashini, aviatsiya va raketa zarbalari esa yordamchi vazifalarni bajarishini ta’kidlaydi.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi har bir amaliyotning yakuniy maqsadi mamlakat hududi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishdir va bu holat ehtimoliy harbiy kampaniyani sezilarli darajada murakkablashtiradi.
«Quruqlikdagi qo‘shinlarning asosiy vazifasi — hudud ustidan nazorat o‘rnatishdir. Agar AQSH qat’iy natijaga erishmoqchi bo‘lsa, birinchi bosqichda asosiy harbiy obyektlar, boshqaruv markazlari va qo‘mondonlik punktlarini zaiflashtirishga harakat qiladi. Biroq to‘liq muvaffaqiyatga erishish uchun mamlakatning faqat bir qismini nazorat qilish kifoya emas. Davlatning butun hududi, ayniqsa poytaxt va yirik shaharlar ustidan nazorat o‘rnatish zarur. Aks holda, harbiy amaliyotni tugallangan deb hisoblab bo‘lmaydi», — deb hisoblaydi ekspert.
Shuningdek, Askerog‘lu Eron geografiyasi, uning demografik salohiyati va mintaqaviy ittifoqchilari har qanday quruqlikdagi ixtilofni uzoq davom etadigan va nihoyatda qimmatga tushadigan to‘qnashuvga aylantirishi mumkinligidan ogohlantiradi.
«Eronga qarshi quruqlikdagi amaliyot haddan tashqari qimmat va murakkab bo‘ladi. Mamlakatning murakkab geografiyasi, ko‘p sonli aholisi, kuchli mafkuraviy safarbarlik bazasi hamda jamiyatning katta qismida AQSHga bo‘lgan salbiy munosabat tashqi harbiy aralashuv uchun jiddiy to‘siqlarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, mintaqadagi Eronga xayrixoh qurolli guruhlarning faollashishi vaziyatni yanada chigallashtiradi. Bunday holatda ixtilof uzoq davom etadigan urushga aylanib ketishi mumkin. Bu esa AQSH uchun o‘z xarakteriga ko‘ra «ikkinchi Viyetnam»ni, ya’ni siyosiy va harbiy jihatdan bahosi juda yuqori bo‘lgan charchatuvchi nizoni anglatadi», — deya xulosa qildi ekspert.
Ekspertlarning bu ssenariyga shubha bilan qarashiga qaramay, hatto cheklangan quruqlikdagi amaliyotlar ham keskinlik darajasini keskin oshirib, joriy nizoni Basra ko‘rfazidan Sharqiy O‘rta Yer dengizigacha bo‘lgan keng mintaqaviy urushga aylantirishi mumkin.
So‘nggi o‘n yilliklar tarixi shuni ko‘rsatadiki, Yaqin Sharqdagi urushlar kamdan-kam hollarda dastlabki ssenariy bo‘yicha kechadi. Iroqdagi urush «tezkor kampaniya», Afg‘oniston esa «cheklangan amaliyot» bo‘lishi kerak edi. Ikkala urush ham oqibatlari hozirgacha sezilayotgan uzoq davom etgan nizolarga aylanib ketdi.
Shu bois, ko‘pchilik ekspertlar Eronga ehtimoliy bosqin haqidagi muhokamalarni aniq harbiy reja emas, balki amaldagi keskinlik Yaqin Sharqni yangi yirik urush yoqasiga qanchalik tez surib borayotganidan dalolat beruvchi xavotirli ogohlantirish sifatida baholamoqda.





