Binance: Dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjasi qanday qurilgan?

Bugun 11:206 daqiqa

2017 yil iyulida kichik bir dasturchilar guruhi tezkor, arzon va oson foydalaniladigan kriptovalyuta birjasini yaratishga kirishdi. O‘sha paytda ularning rahbari CZ nomi bilan tanilgan Changpeng Zhaoda alohida ofis ham yo‘q edi. Mehmonxona xonalari shtab-kvartira vazifasini o‘tagan. Shunga qaramay, atigi 180 kun ichida ularning birjasi -  Binance savdo hajmi bo‘yicha dunyodagi eng yirik kriptobirjaga aylandi. Bu texnologiya tarixidagi eng g‘aroyib muvaffaqiyat hikoyalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Binance: Dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjasi qanday qurilgan? © Vincent Isore / Keystone Press Agency / www.globallookpress.com

Bugungi kunda 300 milliondan ortiq foydalanuvchisi va yillik savdo hajmi 34 trillion dollarni tashkil etadigan Binance endi shunchaki birja emas, balki u global kriptoiqtisodiyotning markaziy infratuzilmasiga aylangan. Bu yutuq ortida tavakkallar, tinimsiz innovatsiyalar, regulyatorlar bilan kurashlar va hatto qamoq jazosi ham to‘xtata olmagan mexanizmning tarixi yotadi.

CZ kim?

Changpeng Zhao 1977 yilda Xitoyning Szyansu provinsiyasida tug‘ilgan. Uning otasi professor bo‘lib, Madaniy inqilob davrida “burjuaparast ziyoli” deya tamg‘alangan va muntazam kamsitishlarga duchor bo‘lgan. 1989 yilda oila Kanadaning Vankuver shahriga ko‘chib ketadi.

Dastlabki yillar qiyin kechdi. Oilasiga yordamlashish uchun o‘smir CZ McDonald’s va mahalliy yoqilg‘i quyish shoxobchasida smenada ishladi. Keyinchalik u Monrealdagi McGill universitetida Komputer fanlari yo‘nalishida diplom oldi. O‘qishni tamomlagach, Bloomberg va boshqa moliya kompaniyalarida yuqori chastotali savdo tizimlarini yaratish ustida ishladi, aynan shu tajriba keyinchalik Binance’ning muvofiqlashtirish mexanizmini quvvatlantirib turdi.

2013 yil: Bitkoinga investitsiya

2013 yili CZ poker o‘ynab o‘tirganda Bobbi Лиdan Bitcoin haqida eshitib qoldi. U CZga pullarining 10 foizini Bitcoinga tikishni maslahat berdi. CZ esa bundan-da keskinroq ish tutdi, u Shanxaydagi xonadonini sotib, bor pulini Bitcoinga sarmoya qildi. Bu ishidan oilasi dahshatga tushdi. O‘sha paytda Bitcoin bir necha yuz dollardan sotilayotgan edi. O‘shanda o‘ylamay qilingandek tuyulgan bu qaror, oxir-oqibat uning hayotidagi eng muhim moliyaviy qaror bo‘lib chiqdi.

2013–2016 yillar oralig‘ida CZ Blockchain.info‘da ishladi, so‘ngra OKCoin’da bosh texnik direktor lavozimini egalladi. 2015 yilda u kriptobirjalar uchun savdo tizimi yechimlarini taqdim etuvchi BijieTech kompaniyasiga asos soldi. Biroq uning ko‘zi doim kattaroq yutuqda edi: o‘z birjasini noldan yaratish.

Binance’ning tug‘ilishi

2017 yil o‘rtalarida CZ o‘zining sherigi va OKCoin’ning sobiq marketing direktori Yi He’ni yangi loyihaga hammuassis va marketing direktori (CMO) sifatida jalb qildi. Yi He o‘sha paytdayoq kripto olamida eng zo‘r marketolog sifatida nom qozongan edi.

2017 yil iyul oyida Binance Dastlabki tanga taklifi (ICO) orqali 15 million dollar mablag‘ to‘pladi. Birja esa oradan atigi 11 kun o‘tib ishga tushdi. Savdo komissiyalari uchun chegirmalar taklif qilgan mahalliy BNB tokeni qisqa muddatda sodiq foydalanuvchilar bazasini o‘ziga jalb qildi.

Formula oddiy, ammo samarali edi: juda past savdo to‘lovlari, soniyasiga millionlab buyurtmalarni qayta ishlay oladigan tizim hamda yangi boshlaganlar uchun qulay interfeys. CZ Twitter’da juda faol bo‘lib, foydalanuvchilarning savollariga shaxsan o‘zi javob berar edi, bu esa dastlabki kunlarda kompaniyaga nisbatan ulkan ishonch uyg‘otdi.

Birinchi o‘ringa chiqish uchun 180 kun

2017 yil oxirida Xitoy kriptobirjalarni taqiqlaganida, CZ bosh qarorgohni ko‘chirdi, avval Yaponiyaga, so‘ng Singapurga, keyin Maltaga va oxir-oqibat Abu-Dabiga. Tez harakatlanish va tartibga soluvchi organlarga moslashish qobiliyati Binance DNKsining bir qismiga aylandi.

2017 yil kuzida Bitkoin narxi keskin oshgach, Binance’ning kunlik savdo hajmi 11 milliard dollarga yetdi. Ishga tushganidan so‘ng 180 kun ichida u savdo hajmiga ko‘ra dunyodagi eng yirik kriptobirjaga aylandi — bu fintex tarixidagi misli ko‘rilmagan yutuq edi.

CZ boyligi: mehmonxona xonasidan 96 milliard dollargacha

CZ shaxsiy boyligining o‘sish trayektoriyasi:

Yil

Taxminiy sof boyligi

Izoh

2018 yil

1,39 milliard dollar

Forbes: “Kriptovalyuta olamidagi eng boy inson”

2021 yil, noyabr

94,1 milliard dollar

Dunyodagi eng boy xitoylik

2024 yil (jarimadan so‘ng)

30+ milliard dollar

Forbes ro‘yxatida qoldi

2026 yil (hozirgi)

~30–40 milliard dollar

Binance ~100 milliard dollarga baholangan

 

Judakatta boyligiga qaramay, CZ doim shunday deydi: "Maqsad boylik emas. Maqsad – pul erkinligi." U Bill Geyts va Uorren Baffetdan o‘rnak olib, shaxsiy boyligining 90–99 foizini xayriya ishlariga sarflashga va’da bergan.

AQSH Adliya vazirligi jinoiy ishi: 4,3 mlrd dollarlik jarima va qamoq (2023–2024)

Binance’ning jadal va tartibga solinmagan o‘sishi regulyatorlar bilan to‘qnashuvni muqarrar qildi. AQSH Adliya vazirligi Binance’ni pul yuvish, sanksiyalarni chetlab o‘tish va tegishli litsenziyasiz faoliyat yuritishda ayblab, bir necha yil davomida tergov olib bordi.

2023 yil noyabrda CZ AQSHning Bank siri to‘g‘risidagi qonunini buzganini tan oldi va bosh ijrochi direktor lavozimidan iste’foga chiqdi. Kelishuv shartlari quyidagicha:

Binance jami 4,3 mlrd dollar jarima to‘ladi

CZ shaxsan 150 mln dollar to‘ladi

CZ to‘rt oylik federal qamoq jazosiga hukm qilindi (jazoni 2024 yilda o‘tagan)

•  U bosh ijrochi direktor lavozimidan ketib, rahbariyatni Richard Tengga topshirdi

CZ federal qamoqxonadagi to‘rt oyini raqamli olamdan uzoqlashishga va chuqur shaxsiy mulohazalarga undagan "juda sokin joy" deya ta’rifladi. U panjara ortidagi vaqtining ko‘p qismini 2026 yil 8-aprelda nashr etilgan "Pul erkinligi: Foydalanuvchilarni himoya qilish, matonat va Binance asoslari haqida xotiralar" nomli memuarini yozish bilan o‘tkazdi. Kitobdan tushgan barcha mablag‘ uning "Giggle Academy" nomli ta’limiy notijorat tashkilotiga yo‘naltiriladi.

Bugungi Binance: 2025–2026 yillardagi ko‘rsatkichlar

Jarimalar va rahbariyatdagi o‘zgarishlarga qaramay, Binance global kripto bozorlaridagi yetakchi mavqeini yo‘qotmadi. Bosh ijrochi direktorlar Yi He va Richard Teng e’lon qilgan yil yakunlari bo‘yicha hisobot birjaning barqaror kuchini tasdiqladi:

Ko‘rsatkichlar

2025-yilgi statistika

Jami ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar

300 million (dunyodagi har 27 kishidan biri)

Yillik savdo hajmi

34 trillion dollar

Foydalanuvchi aktivlari (Zaxiralar isboti)

162,8 milliard dollar

Institutsional savdo o‘sishi

Yillik +21%

Oncheyn tranzaksiyalardagi ulushi

Asosiy oncheyn tranzaksiyalarning 60 foizdan ortig‘i

Qaytarilgan o‘g‘irlangan aktivlar

11,7 million dollar (2025 yil davomida)

Oldi olingan firibgarlik yo‘qotishlari

6,7 milliard dollar

Noqonuniy moliyalashtirishga aloqadorlikning kamayishi

96% ga kamayish (2023–2025 yillar)

 

Binance 2025 yilni 170 million foydalanuvchi bilan boshlab, yil davomida 130 million yangi foydalanuvchi qo‘shib oldi va yilni muvaffaqiyatli yakunladi. Bu bir yil ichidagi o‘sish butun dunyoda kriptovalyutalarning dastlabki 6,5 yillik jami qamrovidan ham oshib ketdi. Bosh ijrochi direktor Teng ta’kidlaganidek: “Hozirda dunyodagi har 27 kishidan biri Binance’dan foydalanadi”.

Yangi rahbariyat: Richard Teng va Yi He

Richard Teng 2021 yil avgust oyida Binance Singapore bosh ijrochi direktori sifatida Binance’ga ishga kelgan va 2023 yil noyabrida CZ iste’foga chiqqanidan so‘ng global bosh ijrochi direktor etib tayinlangan edi. Abu Dhabi Global Market va Singapurning MAS tashkilotlarida faoliyat yuritgan tajribali moliyaviy nazoratchi bo‘lgan Teng Binance’ni yanada qat’iy qoidalarga rioya etish va institutsional o‘sishga yo‘naltirdi. Uning rahbarligi ostida Binance Abu-Dabida joylashgan institutsional investor – MGX’dan 2 milliard dollar sarmoya jalb qildi. Bu esa yirik institutsional kapitalning platformaga ishonch bildira boshlaganidan darak beradi.

Yi He loyihada hammuassis, CZ’ning biznes sherigi va Binancye’ning ikkinchi yirik aksiyadori — markaziy strategik rolni o‘ynashda davom etmoqda. Uning marketing dahosi tufayli Binance dastlabki olti oy ichida mehmonxona xonasidagi startapdan dunyoning birinchi raqamli birjasiga aylandi. Teng 2026-yilgi “Consensus Hong Kong” sammitida uni yuqori baholab, "Binance’ning ilk kunidanoq tamal toshi bo‘lgan" deya ta’rifladi.

CZ hozir nima bilan band?

Qamoqdan ozod etilgach, CZ korporativ boshqaruvdan voz kechib, e’tiborini ikkita asosiy yo‘nalishga qaratdi:

1. Giggle Academy — Bepul ta’lim: Rivojlanayotgan mamlakatlar bolalariga bepul, sifatli ta’lim berishga qaratilgan blokcheynga asoslangan tashabbus. CZ shaxsiy boyligining 90–99 foizini xayriya maqsadlariga va’da qilgan, Giggle Academy esa bu yo‘nalishdagi bosh loyihadir.

2. Raqamli aktivlar bo‘yicha hukumat maslahatchisi: 2024 yil aprel oyida Pokiston Moliya vazirligi tomonidan Pokiston Kripto Kengashining strategik maslahatchisi etib tayinlandi. 2025 yil may oyida esa Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning raqamli aktivlarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

2026 yil 8-aprelda CZ o‘zining “Pul erkinligi” nomli memuarini nashr etdi. 364 sahifalik ushbu asarda uning Xitoy qishlog‘idagi oddiy xonadondan boshlab, qiymati 100 milliard dollarga baholangan va 300 million foydalanuvchiga ega platformani yaratishgacha bo‘lgan hayot yo‘li hikoya qilinadi. Kitobga Yi He so‘zboshi yozgan. Sotuvdan tushgan barcha mablag‘ xayriyaga yo‘naltiriladi.

Teglar

Mavzuga oid