Turkmaniston neft-gaz sohasida Malayziya bilan hamkorlik qiladi

Bugun 18:152 daqiqa

Vazir va elchi uchrashuvida neft-gaz sohasi va PETRONAS bilan sheriklik asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.

Turkmaniston neft-gaz sohasida Malayziya bilan hamkorlik qiladi © Фото: Туркманистон ТИВ

Turkmaniston va Malayziya neft-gaz sohasidagi hamkorlik, jumladan Ashxobodning Malayziya davlat neft-gaz kompaniyasi PETRONAS bilan uzoq muddatli sherikligi masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

TIV ma’lumotiga ko‘ra, bu masala Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovning Malayziyaning mamlakatdagi elchisi Moxd Suxaymi bin Ahmad Tadjuddin bilan uchrashuvida ko‘rib chiqilgan.

Ta’limdagi hamkorlik

Tomonlar ta’lim sohasidagi hamkorlik samaradorligini ham qayd etgan. Xususan, turkman talabalari Malayziya universitetlarida tahsil olmoqda, PETRONAS texnologiya universiteti bilan barqaror aloqalar saqlanmoqda, shuningdek, texnik hamkorlik bo‘yicha Malayziya tashabbuslari doirasida mutaxassislar tayyorlash dasturlari amalga oshirilmoqda.

Kompaniya asosiy faoliyatidan tashqari inson kapitali uzoq muddatli rivojiga ham katta e’tibor qaratadi. Jumladan, PETRONAS ta’lim grantlari dasturi (PESP) orqali iqtidorli talabalarni mahalliy va xalqaro yetakchi universitetlarda, shu jumladan o‘zining PETRONAS texnologiya universitetida o‘qishini moliyalashtiradi.

Avvalroq Turkmaniston ta’lim vaziri Jumamirat Gurbangeldiyev va Malayziya elchisi Moxd Suxaymi bin Ahmad Tadjuddin neft-gaz sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilgan edi.

Boshqa masalalar

Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikning kengroq yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi, jumladan siyosiy-diplomatik aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar bog‘lanishlar.

Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida bo‘lajak yuqori darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, PETRONAS – Malayziyaning davlat neft-gaz korporatsiyasi bo‘lib, Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik energetika kompaniyalaridan biri sanaladi. U 100 dan ortiq mamlakatda uglevodorodlar qiymat zanjiri bo‘ylab kompleks faoliyat yuritadi.

Teglar

Mavzuga oid