«Kursga qanaqadir sun’iy ta’sir o‘tkazish yo‘li tarafdori emasmiz» — Markaziy bank
VAQT.UZ muxbirining ma’lum qilishicha, Markaziy bank oltin narxi inflatsiyaga bevosita ta’sir qilmasligini, valuta kursi esa erkin shakllanishini bildirdi.

Markaziy banki raisi Temur Ishmetov matbuot anjumanida oltin narxining iqtisodiyot va valuta bozoriga ta’siri haqida izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, oltin narxining o‘zgarishi inflatsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmaydi.
Raisning ta’kidlashicha, oltin narxining ta’siri iqtisodiyot uchun muhim bo‘lsa-da, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri inflatsiya bilan bog‘lash noto‘g‘ri.
«Endi oltin narxi ta’siri, albatta, keng qamrovli: iqtisodiyotga, budjetga, valuta tushumlariga. Lekin to‘g‘ridan-to‘g‘ri inflatsiyaga faqatgina oltinni ma’lum bir narx bilan bog‘lash, menimcha, noto‘g‘ri bo‘ladi».
Kurs erkin shakllanadi
Uning aytishicha, oltin narxi o‘zgarishi ko‘proq pul oqimlari va qo‘shimcha tushumlar orqali ta’sir ko‘rsatadi. Markaziy bank esa valuta siyosatida qat’iy pozitsiyani egallagan.
«Biz endi valuta siyosatida aniq qat’iy pozitsiyamiz — bu kursning erkin suzib yurishini ta’minlash».
Ishmetovga ko‘ra, so‘nggi davrda valuta kursi dinamikasi ham aynan bozor omillari asosida shakllangan: o‘tgan yili tushumlar ko‘pligi sabab mustahkamlangan, joriy yil boshida qisqa muddatli qadrsizlanish kuzatilgan va mart oyida yana tiklangan. Hozirda yil boshiga nisbatan kurs deyarli o‘zgarmagan.
«Mana to‘rt oylik, demak, kursning o‘zgarishi 0 foiz darajada qadrsizlanishi. Ya’ni nima bo‘lgan taqdirda ham, biz kursga qanaqadir bir sun’iy ta’sir o‘tkazish yo‘li tarafdori emasmiz. Erkin suzib yurishini qo‘yib yuboramiz».
Oltin narxi va valuta bozori
Regulyatorga ko‘ra, oltin narxi o‘zgarishi ishlab chiqaruvchilar daromadiga va budjet tushumlariga bevosita ta’sir qiladi. Markaziy bank oltinni jahon bozori narxlarida sotib oladi va hisob-kitoblar milliy valutada amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, Markaziy bank valuta bozoridagi ishtirokini oltin xaridlari hajmiga mos ravishda olib boradi va kursga qo‘shimcha bosim beruvchi operatsiyalardan tiyiladi.
«Biz esa valuta bozorida ishtirokimizni aynan shu oltinni sotib olgan miqdorga yaqinroq miqdor bilan shakllantiramiz. Ya’ni undan ortiq bilan milliy valutaning taklifini oshirish yoki kamaytirish hisobiga kursga sun’iy ta’sir qilish siyosatimiz yo‘q va bo‘lmaydi ham».
Markaziy bankka ko‘ra, ayniqsa global noaniqliklar kuchaygan sharoitda erkin suzuvchi kurs iqtisodiyot uchun muvozanatlash mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi.


