Elvira Nabiullina: Rossiya tarixida hali bunday ishchi kuchi tanqisligi bo‘lmagan

Rossiya Markaziy banki rahbari mamlakat iqtisodiyoti uchun asosiy to‘siq — kadrlar defitsiti ekanini ma’lum qildi. Ishsizlik darajasi tarixiy minimumga tushgan bo‘lsa-da, bu ishlab chiqarishning kengayishiga yo‘l bermayapti.

Elvira Nabiullina: Rossiya tarixida hali bunday ishchi kuchi tanqisligi bo‘lmagan

Rossiya Markaziy banki raisi Elvira Nabiullina «Alfa-Sammit»dagi chiqishida zamonaviy Rossiya tarixida ishchi kuchi taqchilligi hozirgidek darajaga hech qachon chiqmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mehnat bozoridagi bu anomal holat iqtisodiy siklning o‘ziga xos xususiyatiga aylandi va butun iqtisodiy vaziyatga ta’sir o‘tkazmoqda. Markaziy bank asosiy stavka va boshqa pul-kredit siyosati choralarini ko‘rib chiqishda aynan kadrlar yetishmovchiligi omilini birinchi navbatda hisobga olmoqda.

Hozirda Rossiyada ishsizlik darajasi Xalqaro mehnat tashkiloti metodologiyasi bo‘yicha 2,2 foizgacha pasaygan bo‘lib, iqtisodiyotda 74,7 million kishi band. Biroq ekspertlar past ishsizlikni ijobiy ko‘rsatkich emas, balki iqtisodiyotning «qizib ketgani» va resurslar tugagani belgisi sifatida baholamoqdalar. Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi va Markaziy bank tahlilchilari yaqin yillarda ishsizlik 2,5–3 foiz atrofida saqlanib qolishini prognoz qilishmoqda, bu esa ishchi kuchi uchun kurash yanada kuchayishini anglatadi.

Kadrlar defitsiti va xatarlar

Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi (RSSP) hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga borib Rossiya iqtisodiyotida kadrlar tanqisligi 3 milliondan ortiq kishini tashkil etishi mumkin. Nabiullinaning ta’kidlashicha, bu vaziyatda iqtisodiyotni to‘g‘ri boshqarish uchun mehnat bozori haqida yanada tezkorroq va aniqroq ma’lumotlar zarur. Rosstat hisobotlari bir oylik kechikish bilan chiqayotgani regulyatorga real vaqt rejimida qaror qabul qilishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Ishchi kuchining yetishmasligi korxonalarni maoshlarni oshirishga majbur qiladi, bu esa ishlab chiqarish hajmi oshmagan sharoitda inflatsiyani yuqoriga itaradi.

Shu sababli, Markaziy bank uchun ishchi kuchi taqchilligi — inflatsiyaga qarshi kurashdagi asosiy qiyinchiliklardan biridir. Rossiya iqtisodiyoti kadrlar yetishmovchiligini texnologik yangilanish yoki migratsiya hisobiga to‘ldira olmasa, yaqin kelajakda iqtisodiy o‘sish sur’atlari sezilarli darajada sekinlashishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid