Imomali Rahmon: «AQSH Tojikistonning yetakchi investitsiya hamkorlarining beshtaligiga kiradi»

Bugun 12:442 daqiqa

Tojikiston prezidenti AQSH prezidentining maxsus vakili bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Imomali Rahmon: «AQSH Tojikistonning yetakchi investitsiya hamkorlarining beshtaligiga kiradi» © Тожикистон президенти матбуот хизмати

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon kecha, 28-aprel kuni AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qildi. Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va istiqbollari, jumladan iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar va xavfsizlik masalalarini muhokama qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmatiga ko‘ra, muzokaralarda «Markaziy Osiyo — AQSH (C5+1)» muloqoti doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Suhbat davomida AQSH Tojikistonning yetakchi investitsiya hamkorlaridan biri ekani ta’kidlandi.

Imomali Rahmon savdo va investitsiyalar bo‘yicha kelishuv – «Trade and Investment Framework Agreement» (TIFA) imkoniyatlaridan faol foydalanish muhimligini ta’kidlagan. Shuningdek, u mamlakatning gidroenergetika, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, yengil, oziq-ovqat, kimyo va farmatsevtika sanoatlarida katta salohiyatga ega ekanini qayd etgan. Tomonlar ushbu sohalardagi amaliy hamkorlik o‘zaro manfaatli ekanini tan olgan.

Serjio Gor esa Tojikiston va AQSH xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish borasida umumiy manfaatlarga ega ekanini bildirib, Tojikiston AQSH diqqat markazida qolayotganini ta’kidlagan.

Kun tartibidagi masalalar

Muzokaralarda sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish istiqbollariga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish orqali ularni eksport qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishlar ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va investitsiyalarni jalb qilish uchun muhim deb baholandi.

Xavfsizlik

Uchrashuv yakuni bo‘yicha matbuot anjumanida Serjio Gor ta’kidlashicha, Tojikiston va AQSH, ayniqsa terrorizmga qarshi kurash va tashqi tahdidlarga qarshi turish sohasida umumiy manfaatlarga ega. Bu masalalar Imomali Rahmon bilan bo‘lgan muloqotda ham muhokama qilingan.

«AQSH prezidenti Donald Tramp Tojikiston prezidentining mamlakat va mintaqa barqarorligini ta’minlashdagi hissasini yuqori baholaydi», – dedi Gor.

Shuningdek, u AQSH delegatsiyasi Dushanbeda ikki kunlik rasmiy tashrif bilan bo‘lib turganini ma’lum qildi. Tashrif doirasida terrorizm va tashqi tahdidlarga qarshi kurash, shuningdek, xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlarining Washington, D.C.da bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam sifatida baholandi.

«Tomonlar munosabatlarni yanada mustahkamlash va ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini bildirdilar», — deya xulosa qildi Serdjio Gor.

Teglar

Mavzuga oid

Imomali Rahmon: «AQSH Tojikistonning yetakchi investitsiya hamkorlarining beshtaligiga kiradi» | Vaqt.uz