Haftalik narxlar: bozorda go‘sht va meva arzonlab, sabzavotlar qimmatladi
Avgust oyining birinchi haftasida bozorda narx-navo turlicha shakllandi. Bir tomondan, sabzavotlar narxida mavsumiy qimmatlashuv kuzatilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yangi hosilning kirib kelishi hisobiga mevalarning aksariyati arzonladi. Shuningdek, mol go‘shtining eng yuqori narxi Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri keldi.

5-avgust holatiga ko‘ra, bir hafta ichida pomidor narxining 16,4 foizga oshishi va uzumning 4 foizga tushishi eng asosiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Go‘sht mahsulotlari narxi esa sekin-astalik bilan pasayishda davom etmoqda.
Vaqt.uz Markaziy bankning «narxtahlil» platformasi ma’lumotlari asosida haftalik oziq-ovqat narxlarini an’anaviy ravishda tahlil qilib boradi.
Asosiy mahsulotlar
Kundalik ro‘zg‘or uchun kerakli bo‘lgan un, paxta va kungaboqar yog‘ida sezilarli darajada o‘zgarish bo‘lmadi.
Xususan, bu hafta paxta va kungaboqar yog‘i narxi biroz oshdi. Biroq amalda xaridorlar uchun narxlar deyarli o‘zgarmadi. Hozirda paxta yog‘ining o‘rtacha narxi 20 ming 683 so‘m, kungaboqar yog‘i esa 21 ming 573 so‘mni tashkil qilmoqda.
Un va non bozorida ham umumiy barqarorlik saqlanib turibdi. Bu hafta birinchi navli un narxi 1 foizga oshib, 1 kilogrammi o‘rtacha 6 ming 233 so‘mga yetdi. Oliy navli un esa, aksincha, 1 foizga arzonlab, 9 ming 375 so‘mdan sotilmoqda.
Un narxidagi bu dinamika non mahsulotlariga ta’sir qilmadi. Bozorlarda oddiy non narxi hamon 4 ming so‘mdan sotilmoqda.
Bir hafta ichida shakar va guruch narxlari turlicha o‘zgardi. Shakar 0,3 foizga arzonlab, 13 ming 189 so‘mga tushdi. Guruch narxi esa aksincha oshib, 11 ming 789 so‘mdan sotildi. O‘tgan haftada ushbu mahsulot 0,4 foizga qimmatlab, 11 ming 745 so‘mga yetgandi.
Sut va tuxum narxlari ham sezilarli darajada ko‘tarildi. Sutning bir litri 6 ming 918 so‘mga yetdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan haftada u atigi 0,2 foizga oshgan edi.
Tuxum esa bu hafta boshqa oziq-ovqatlarga qaraganda ko‘proq qimmatlagan mahsulot bo‘ldi. Uning narxi birdaniga 0,8 foizga ko‘tarilib, 11 ming 128 so‘mni tashkil etdi. Oldingi haftadagi 0,4 foizlik o‘sishdan so‘ng bu safar narxlarning yanada tezroq ko‘tarilishi xaridorlar cho‘ntagiga yaxshigina sezilmoqda.
Go‘sht mahsulotlari narxlari ham ketma-ket ikki haftadan beri pasaymoqda. Biroq haftalik 0,2–0,3 foizlik pasayish 120–130 ming so‘mlik go‘sht narxida atigi 300–400 so‘mlik farqni beradi, xolos. Ya’ni, narxlar tushgani rasmiy raqamlarda ko‘ringani bilan bozorga kirgan xaridor uchun deyarli bilinmaydi va kunlik xarajatlarni kamaytirmaydi.
Xususan, hafta davomida mol go‘shti 0,3 foizga arzonlab, bir kilosi o‘rtacha 121 ming 267 so‘mni, qo‘y go‘shti esa 0,2 foizga pasayib, 132 ming 564 so‘mni tashkil qildi.
Tovuq go‘shti narxida esa hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. 1 kg mahsulot hamon o‘rtacha 31 ming 948 so‘mdan sotilmoqda.
Bozorda mol va qo‘y go‘shti narxi yuqoriligicha qolayotgan bir paytda, tovuq go‘shtining arzon va barqaror turgani ko‘pchilik oilalarga ro‘zg‘or xarajatlarini tejashga yordam beryapti.

Sabzavotlar
O‘tgan hafta bozorlarda sabzavotlar narxi ancha qimmatladi. Ayniqsa, har kungi iste’mol qilinadigan pomidor va bodring narxi boshqa sabzavotlarga qaraganda ko‘proq oshdi.
Xususan, pomidor narxi atigi bir hafta ichida 16,4 foizga ko‘tarilib, 1 kilosi 5 ming 643 so‘mga chiqdi. O‘tgan haftada bu mahsulot 4 ming 850 so‘mdan sotilayotgandi. Ya’ni, bir haftaning o‘zida pomidor narxi qariyb 800 so‘mga oshgan. Buni birinchi hosil yig‘ishtirib olingach, bozorda taklifning vaqtincha kamayishi bilan izohlash mumkin.
Shu bilan birga, bodring ham ketma-ket ikki haftadan beri oshib bormoqda. O‘tgan haftada uning 1 kilosi 5 ming 679 so‘mdan sotilgan bo‘lsa, bu hafta 3 foizga qimmatlab, 5 ming 847 so‘mga yetdi.
Har kungi ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan kartoshka va piyoz narxi ham ancha oshgan. Bu hafta kartoshka narxi qariyb 0,2 foizga yuqorilab, uning narxi 4 ming 181 so‘mga yetgan. O‘tgan haftada uning qiymati 1 foizga arzonlagandi.
Piyoz narxi uch haftadirki oshib bormoqda. Shu hafta uning 1 kilogrammi 2 ming 508 so‘mdan sotildi.
Nisbatan hamyonbop sabzavotlar sabzi va karam narxlari ham ko‘tarildi. Karam o‘tgan hafta 1 foizga tushgan bo‘lsa, bu haftada uning narxi 1,9 foizga yuqoriladi.
O‘tgan haftada sabzi narxi deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa ham, bu hafta 1,2 foizga oshgan. Natijada uning 1 kg narxi 4 ming 552 so‘mga yetgan.
Aksariyat sabzavotlar qimmatlayotgan bir paytda, baqlajon narxi arzonlashda davom etmoqda. Hozirda 1 kg baqlajon 5,31 ming so‘mdan sotilyapti. Ortda qolgan haftada xaridorlar uni 5 ming 100 so‘mdan xarid qilgandi. Ikki hafta davomidagi bu farq statistikada berilgan bo‘lsa ham, xaridorlar hamyoni uchun deyarli sezilmagan.
Bozorlarda faqat bulg‘or qalampiri narxi o‘zgarmadi. Uning 1 kilosi 7 ming 344 so‘m darajasida saqlanib qoldi.
Demak, bu hafta bozorlarda aksariyat sabzavotlar narxi ko‘tarildi. Baqlajon va bulg‘or qalampiri narxlari barqaror bo‘lsa-da, umumiy manzara xaridorlar ro‘zg‘orida xarajatlar biroz ortganini ko‘rsatmoqda.

Mevalar
Mevalar segmentida esa bu hafta bir xil tendensiya kuzatilmadi. Ayrim mahsulotlar narxida arzonlashuv qayd etilgan bo‘lsa, boshqa turdagi mevalar aksincha qimmatladi.
Nisbatan hamyonbop narxlar olma va nok mevalarida kuzatildi. Xususan, olma bir hafta ichida 0,9 foizga arzonlab, kilosi 12 ming 619 so‘mga tushdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan haftada u 12 ming 739 so‘mdan sotilayotgan edi. Demak, bir hafta ichida olma narxi qariyb 100 so‘mga arzonlagan.
Nok narxi ham tushmoqda. Bu hafta uning narxi 1 foizga arzonlab, 18 ming 668 so‘mni tashkil qildi. Avvalgi haftada nok 18 ming 855 so‘mdan sotilgandi.
Hafta davomida eng ko‘p arzonlagan meva uzum bo‘ldi. Oldingi haftada narxi bir maromda saqlanib turgan ushbu mahsulot bu safar bir yo‘la 4 foizga pasayib, 1 kilogrammi 13 ming 964 so‘mgacha tushdi.
Limon narxi bir oydan buyon to‘xtovsiz qimmatlashda davom etmoqda. Joriy haftada ham u yana 0,5 foizga ko‘tarilib, bir kilogrammi 50 ming 475 so‘mga yetdi.
Garchi limon har kungi zaruriy mahsulotlar sirasiga kirmasa-da, narxlarning ketma-ket bir necha hafta davomida o‘sishi uni doimiy iste’mol qiluvchi xaridorlar hamyoniga ta’sir qilmoqda.

Hududlar kesimida mol go‘shti narxlari qanday?
Hududlar kesimida mol go‘shti narxlari bir-biridan farq qiladi. 5-avgust holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha o‘rtacha narx 121,5 ming so‘m atrofida shakllangan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich yuqoriroq, ayrimlarida esa pastroq bo‘ldi.

Eng yuqori narxlar Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatida qayd etildi. Poytaxtda 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 130 ming 854 so‘mni tashkil qilib, respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Keyingi o‘rinda Surxondaryo bo‘lib, bu yerda 1 kg mol go‘shti o‘rtacha 125 ming 150 so‘mdan sotilmoqda. Bir hafta ichida uning narxi 0,50 foizga arzonlagan bo‘lsa-da, Surxondaryo hamon mamlakatdagi eng qimmat hududlar uchligida qolmoqda.
Eng past narxlar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Buxoro va Xorazm viloyatlarida kuzatildi. Respublika bo‘yicha eng hamyonbop go‘sht Qoraqalpog‘istonda qayd etilib, 1 kg mol go‘shti o‘rtacha 112 ming 637 so‘mni tashkil etdi. Nisbatan hamyonbop narxlar Buxoro va Xorazmda ham saqlanib qolmoqda. Xususan, Buxoroda 1 kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha qiymati 117 ming 956 so‘mni, Xorazmda esa 118 ming 521 so‘mni tashkil etdi.
Hududlar kesimida mol go‘shti narxlarida keskin o‘zgarishlar kuzatilmadi. 14 ta hududdan faqat Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Qashqadaryoda narxlar oshgan bo‘lsa, qolgan hududlarning barchasida narxlar tushgan. Eng katta arzonlashuv Namanganda kuzatilib, narxlar 1,86 foizga pasaygan. Shuningdek, Jizzaxda narxlar 1,03 foizga, Farg‘onada esa 0,85 foizga pasayib, xaridorlar uchun nisbatan arzonladi.
Aksincha, ilgari eng arzon narxlar qayd etilgan hududlarda ko‘rsatkichlar biroz yuqoriga ko‘tarilgan. Xususan, Qoraqalpog‘istonda go‘sht narxi 1,08 foizga yoki 1 ming 200 so‘mga qimmatlagan. Sirdaryo, Samarqand va Buxoroda esa narxlar deyarli o‘zgarmadi.
Shu bilan birga, hududlar o‘rtasidagi narx tafovuti hanuz saqlanib qolmoqda. Eng qimmat mol go‘shti Toshkent shahrida — 130 ming 854 so‘mni, eng arzon go‘sht esa Qoraqalpog‘istonda — 112 ming 637 so‘mni tashkil etdi. Bu ikki hudud o‘rtasidagi farq 18 ming 217 so‘m, ya’ni poytaxtdagi narx Qoraqalpog‘istondagidan 16,2 foizga yuqori.
Boshqacha aytganda, xaridor 1 kg mol go‘shti uchun Toshkent shahrida Qoraqalpog‘istonga nisbatan qariyb 18 ming so‘m ko‘proq to‘laydi. Bunday farq hududlardagi talab va taklif, go‘sht yetkazib berish xarajatlari hamda mahalliy bozor sharoitlari narx shakllanishiga ta’sir qilayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 15–22-iyulgacha bo‘lgan holatidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishini ham tahlil qilgan edik.
Teglar






