Haftalik narxlar: go‘sht yana qimmatlashdi, sabzavotlar esa arzonlashmoqda
Vaqt.uz Markaziy bank ma’lumotlari asosida eng muhim oziq-ovqat mahsulotlarini haftalik narxlaridagi o‘zgarishlarni muntazam tahlil qilib boradi.

Markaziy bankning “narxtahlil.uz” platformasida e’lon qilingan haftalik ma’lumotlarga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlarida turlicha o‘zgarishlar kuzatildi.
Mol go‘shti narxi o‘tgan haftada yil boshidan buyon birinchi marta arzonlashgan bo‘lishiga qaramay, bu hafta narx yana oshdi. Mol go‘shtining eng yuqori narxi Toshkent shahri va Jizzax viloyatiga, eng arzon narx esa Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek, mavsumiy omillar sabzavotlar bozoriga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Mevalar segmentida holat turlicha bo‘lib, ayrim mahsulotlarda pasayish davom etgan bo‘lsa, boshqalarida nisbatan barqarorlik saqlanib qoldi.
Vaqt.uz 17-24-iyundagi eng muhim 15 xil oziq-ovqat mahsulotlari narxini tahlil qildi.
Asosiy mahsulotlar
Hafta davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi nisbatan barqaror bo‘ldi. Xususan, paxta yog‘i narxi 20 ming 247 so‘mga yetib, 0,2 foizga oshdi. Kungaboqar yog‘i esa 21 ming 465 so‘mga yoki 0,1 foizga tushdi. Lekin amalda narxi o‘zgarmagan. Bu mahsulot narxi ketma-ket ikkinchi hafta arzonlamoqda.
Un mahsulotlari segmentida ham narxlar sezilarli darajada o‘zgarmadi. Birinchi nav un narxi o‘tgan haftadagi 6 ming 241 so‘mdan 6 ming 248 so‘mga ko‘tarilgan. Oliy nav un esa 0,4 foizga oshib, 9 ming 391 so‘mni tashkil qildi. Un mahsulotlari narxlari o‘tgan haftada sezilarli darajada arzonlagan edi.
Go‘sht mahsulotlari narxi yana oshdi. Masalan, o‘tgan hafta mol go‘shti narxi yil boshidan buyon birinchi marta 0,1 foizga pasaygan edi. Bu hafta esa aksincha 0,2 foizga qimmatlashdi. Natijada mol go‘shtining o‘rtacha narxi 122 ming 775 so‘mni tashkil qildi. Qo‘y go‘shti narxi o‘tgan haftada 0,2 foizga tushgan bo‘lsa, bu hafta uning narxi o‘zgarishsiz qoldi. Ya’ni, 1 kg qo‘y go‘shti narxi 133 ming 487 so‘mni tashkil etdi.
O‘tgan hafta ulgurji bozorda ham qo‘y go‘shti narxlari pasaygani kuzatilgan edi. Bu haftada esa chakana bozorda yuqori narx bosimi saqlanib qolmoqda. Mol go‘shti bozorida esa ulgurji segment nisbatan barqaror bo‘lsa-da, chakana savdoda narxlar asta-sekin o‘sishda davom etmoqda. Bu holat chakana va ulgurji bozor o‘rtasidagi tafovut saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.
Shakar va guruch kabi kundalik iste’mol mahsulotlari narxida esa sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi. Biroq tuxum narxi 0,8 foizga arzonladi. Tovuq go‘shti narxi 0,3 foizga oshib, 32 ming 015 so‘mni tashkil qildi. O‘tgan haftada uning narxi 0,5 foizga tushgan edi. Bu esa ushbu mahsulotlarda narxlar turlicha shakllangani ko‘rsatadi.
Sut mahsulotlari narxi 0,2 foizga oshib, 7 ming 783 so‘mni tashkil etdi. Bu mahsulot narxi o‘tgan haftada 0,4 foizga arzonlagan edi. Shakar narxi esa 13 ming 162 so‘mga ko‘tarilib, 0,1 foizlik o‘sishni qayd etdi. Lekin chakana bozordagi narx o‘zgarmagan. Shuningdek, guruch narxi ketma-ket uchinchi hafta oshib, bu haftada uning narxi 14 ming 447 so‘mga yetdi.
Mahsulot | 17.06.2026 | 24.06.2026 | O'zgarish (%) |
Paxta yog‘i (1 litr) | 20 210 | 20 247 | +0,2% |
Kungaboqar yog‘i | 21 441 | 21 465 | +0,1% |
Un (1-nav) | 6 241 | 6 248 | +0,1% |
Mol go‘shti (1 kg) | 122 547 | 122 775 | +0,2% |
Qo‘y go‘shti (1 kg) | 133 447 | 133 487 | 0,0% |
Tuxum | 11 566 | 11 478 | -0,8% |
Sabzavotlar
Sabzavot bozorida mavsumiy arzonlashuv tendensiyasi davom etmoqda. O‘tgan haftada bulg‘or qalampiri 9,3 foizga arzonlashgan bo‘lsa, bu hafta ham uning narxi keskin tushib, yana 6,7 foizga pasaydi. Shuningdek, bu hafta baqlajon narxi 11,9 foizga tushib, 6 ming 896 so‘mni tashkil etdi. Baqlajon narxi mavsumiy sabzavot bo‘lgani uchun keskin pasayishda davom etmoqda.
Pomidor narxi ham ketma-ket beshinchi hafta tushmoqda. Hafta davomida pomidor narxi 13,4 foizga arzonlab, 5 ming 798 so‘mni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, o‘tgan hafta ushbu mahsulot narxi 14,7 foizga pasaygan edi.
Bodring narxi ham arzonlashishda davom etmoqda. Uning o‘rtacha narxi 5 ming 439 so‘mni tashkil etib, bir hafta ichida 6,2 foizga pasaygan. O‘tgan haftada bodring 5 ming 801 so‘mdan sotilgan edi. Kartoshka mahsulotida ham narxlar pasayishi davom etmoqda. Kartoshka narxi 5,1 foizga arzonlab 4 ming 775 so‘mga tushdi.
Sabzi va karam narxlarida esa aksincha o‘sish kuzatildi. Xususan, sabzi narxi 6,8 foizga oshib, 4 ming 267 so‘mga yetdi. Bu mahsulot ketma-ket ikkinchi hafta boshqa mahsulotlarga qaraganda eng keskin oshgan mahsulot bo‘ldi. 1 kg narxi karam narxi esa 3 ming 717 so‘mga yetib, o‘tgan haftaga nisbatan 3,9 foizga qimmatlashdi.
Shuningdek, piyoz narxi ham 2,1 foizga oshib, 2 ming 379 so‘mni tashkil qildi. Biroq bu mahsulot o‘tgan haftada 2 ming 345 so‘mdan 2 ming 330 so‘mga pasaygan edi. Piyoz narxi boshqa sabzavotlarga nisbatan yuqori o‘sish tendensiyasini saqlab kelmoqda.
Ayrim sabzavotlar narxining oshishi yangi hosil hali bozorga to‘liq chiqmagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Aksincha, pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlarda yangi hosil taklifining ko‘payishi narxlarning sezilarli pasayishiga olib kelmoqda.
Mahsulot | 17.06.2026 | 24.06.2026 | O'zgarish (%) |
Kartoshka (1 kg) | 5 034 | 4 775 | -5,1% |
Piyoz (1 kg) | 2 330 | 2 379 | +2,1% |
Sabzi (1 kg) | 3 995 | 4 267 | +6,8% |
Pomidor (1 kg) | 6 699 | 5 798 | -13,4% |
Bodring (1 kg) | 5 801 | 5 439 | -6,2% |
Mevalar
Mevalar segmentida esa aksariyat mahsulotlar narxining pasaygani kuzatildi. Eng katta pasayish uzum narxida qayd etilib, bir hafta ichida 13,2 foizga arzonlashdi. Natijada 1kg uzumning o‘rtacha narxi 16 ming 615 so‘mni tashkil qildi. Ushbu mahsulot narxi ikki haftadan buyon pasaymoqda.
Olma va nok mahsulotlari narxlarida ham pasayish tendensiyasi saqlanib qolmoqda. Xususan, olma narxi hafta davomida 4,2 foizga arzonlashib, 14 ming 237 so‘mga tushdi.
Shuningdek, nok narxi ham pasayishda davom etmoqda. Uning 1 kg narxi 20 ming 246 so‘mni tashkil qildi. Bu narx o‘tgan haftaga nisbatan 1,7 foizga arzonlagan.
Limon narxi esa aksincha oshib bormoqda. O‘tgan hafta mahsulot 0,5 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, bu hafta ham o‘sish saqlanib, 0,9 foizni tashkil etdi. Natijada 1 kg limon narxi 49 ming 509 so‘mga yetdi.
Bu esa mevalar bozorida narxlar pasayish tendensiyasi kuzatilayotgan bo‘lsa-da, limon narxi aksincha keskin oshmoqda.
Mahsulot | 17.06.2026 | 24.06.2026 | O'zgarish (%) |
Olma | 14 864 | 14 237 | -4,2% |
Nok | 20 600 | 20 246 | -1,7% |
Limon | 49 047 | 49 509 | +0,9% |
Uzum | 19 134 | 16 615 | -13,2% |
Hafta davomida oziq-ovqat bozorida turlicha tendensiya kuzatildi. Xususan, mol go‘shti narxi yana qimmatlashgan bo‘lsa, qo‘y go‘shti narxi o‘zgarishsiz qoldi. O‘tgan hafta yil boshidan beri birinchi marta go‘sht mahsulotlari narxi pasaygan edi. Sabzavot va mevalar segmentida esa mavsumiy arzonlashuv kuchaydi.
Ayniqsa, pomidor va bodring narxining keskin pasayishi bozorda yangi hosillar kirib kelayotganligini ko‘rsatadi. Aksariyat iste’mol mahsulotlarining narxlari esa barqaror saqlanib qolmoqda.
Hududlar kesimida tafovutlar qanday?
24-iyun holatiga ko‘ra, mol go‘shti narxlari hududlar kesimida sezilarli darjada farq qilmoqda. Respublika kesimida o‘rtacha narx 123 ming so‘m atrofida bo‘lsa-da, ayrim viloyatlarda bu ko‘rsatkich sezilarli darajada yuqori, ayrim hududlarda esa nisbatan past saqlanmoqda.
Viloyat nomi | 17.06.2026 | 24.06.2026 | O'zgarish (%) |
Navoiy viloyati | 118 375 | 119 439 | +0,90% |
Buxoro viloyati | 117 294 | 118 267 | +0,83% |
Jizzax viloyati | 127 684 | 128 293 | +0,48% |
Samarqand viloyati | 125 798 | 126 289 | +0,39% |
Qashqadaryo viloyati | 120 980 | 121 362 | +0,32% |
Qoraqalpog'iston | 109 136 | 109 403 | +0,24% |
Sirdaryo viloyati | 123 226 | 123 447 | +0,18% |
Xorazm viloyati | 116 726 | 116 842 | +0,10% |
Andijon viloyati | 126 426 | 126 544 | +0,09% |
Farg'ona viloyati | 123 988 | 124 034 | +0,04% |
Namangan viloyati | 126 439 | 126 378 | -0,05% |
Surxondaryo viloyati | 126 093 | 126 030 | -0,05% |
Toshkent viloyati | 123 492 | 123 400 | -0,07% |
Toshkent shahri | 132 411 | 131 725 | -0,52% |
Xususan, eng qimmat narx Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etildi. Toshkent shahrida 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 131 ming 725 so‘mni, Jizzax viloyatida esa 128 ming 293 so‘mni tashkil qildi.
Eng arzon mol go‘shti Qoraqalpog‘iston Respublikasida sotilmoqda. Bu yerda 1 kg go‘shtning o‘rtacha narxi 109 ming 403 so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, Navoiy viloyatida 119 ming 439 so‘m va Buxoro viloyatida 118 ming 267 so‘m bilan respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichidan past bo‘lib qolmoqda.
Shunday qilib, eng qimmat va eng arzon hududlar o‘rtasidagi farq qariyb 22 ming 300 so‘mni tashkil etmoqda. Bu esa bitta mahsulot narxida hududlar bo‘yicha sezilarli tafovut borligini ko‘rsatadi.
Haftalik o‘zagarishlar bo‘yicha hududlar kesimidagi farqlar ham turlicha. Xususan, Toshkent shahri mol go‘shti narxi eng katta pasayishni qayd etib, bir hafta ichida 0,52 foizga arzonlashgan. Ushbu hududda 1 kg mol go‘shti narxi 131 ming 725 so‘mni tashkil qilgan.
Qizig‘i, Toshkent shahri hududlar kesimida mol go‘shti narxi bo‘yicha eng yuqori o‘rinni egallagan. Ushbu ko‘rsatkich boshqa hududlarga nisbatan ancha yuqori bo‘lib, Toshkent viloyatidagi 0,07 foiz, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi 0,5 foiz pasayishlardan bir necha barobar yuqori bo‘ldi.
Hafta davomida mol go‘shti narxi Navoiy viloyatida 0,9 foizga oshib, boshqa hududlarga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Bu yerda 1 kg mol go‘shti narxi 119 ming 439 so‘mni tashkil qiladi.
Tumanlar kesimida mol go‘shtining keskin arzonlashuvi Sirg‘ali tumanida kuzatildi. Xususan, bu yerda mol go‘shti narxi 136 ming 750 so‘mdan 131 ming 562 so‘mga tushdi. Narxi eng ko‘p oshgan tuman esa Mirzacho‘lda kuzatilib, narxlar 3,9 foizga ko‘tarilgan.
Umuman olganda, eng qimmat va eng arzon hududlar o‘rtasidagi farq 22 ming so‘mdan oshmoqda. Bu esa mamlakat bo‘yicha go‘sht bozorida hududiy narxlar tafovuti hali ham yuqori darajada saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 10-17-iyun holatidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishini ham tahlil qilgan edik.


