Logo

O‘zbekiston Rossiyadan dizel importini qayta tikladi

Bugun 14:482 daqiqa

Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyadan dizel yoqilg‘isi xaridini oshirdi. O‘zbekiston ham sentabrda importni qayta tiklab, 26 ming tonna dizel xarid qilindi.

O‘zbekiston Rossiyadan dizel importini qayta tikladi © TASS


O‘zbekiston 2026-yil sentabr oyida Rossiyadan 26 ming tonna dizel yoqilg‘isi import qildi. Bu haqda «Reuters» agentligi manbalarga tayanib xabar berdi.

Sentyabrda Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiyadan jami 427 ming tonna dizel yoqilg‘isi oldi. Avgustda bu ko‘rsatkich 371 ming tonnani tashkil etgan. Shu tariqa, bir oyda import hajmi qariyb 15 foizga oshdi.

«Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sish Rossiya bozorida dizel yoqilg‘isi taklifi ortib, narxlar pasaygani bilan bog‘liq. Rossiyada dizel zaxiralarining ko‘payishi eksport uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratgan.

Mintaqada yirik xaridorlar

Rossiya dizelining Markaziy Osiyodagi eng yirik xaridori Mongoliya bo‘lib qolmoqda. Mamlakat sentabrda importni avgustdagi 215 ming tonnadan 220 ming tonnaga oshirdi.

Qozog‘iston ham xaridni sezilarli ko‘paytirdi. Mamlakatga yetkazib berilgan dizel hajmi bir oyda 28 ming tonnadan 77 ming tonnaga yetdi. Bu mintaqadagi eng katta o‘sishlardan biri bo‘ldi.

Ayni paytda, Qirg‘iziston importi 72 ming tonnadan 67 ming tonnaga, Tojikistonniki esa 56 ming tonnadan 38 ming tonnaga kamaydi.

2026 yil yanvar–sentabr oylarida Rossiyadan Markaziy Osiyoga jami 3 million tonna dizel yetkazib berilgan. O‘tgan yilning shu davrida bu hajm 2,9 million tonnani tashkil etgan.

Rossiya bozoridagi holat

«Reuters» manbalari Rossiyada dizel yoqilg‘isi ortiqcha taklifga ega ekanini bildirgan. Shu bilan birga, dronlar hujumlari neftni qayta ishlash zavodlari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgani sababli benzin ishlab chiqarishda bosim saqlanib qolmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp 9-oktabr kuni Rossiya jahon bozoriga dizel yetkazib berishga rozi bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab 300 ming tonna yoqilg‘i yetkazib berilishi, keyin esa hajm oshirilishi mumkin.

«Reuters» xabarida AQSH ma’muriyati Rossiya yoqilg‘isiga nisbatan sanksiyalarni vaqtincha to‘xtatgani ham qayd etilgan. Bu qaror AQSHda dizel narxlari yuqori bo‘lib turgan paytda qabul qilindi. Biroq tahlilchilar ushbu chora yoqilg‘i narxlarini uzoq muddat pasaytirish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkinligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yil boshidan buyon mamlakatda neft, ko‘mir va gaz kondensati qazib olish hajmi ham qisqargai haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga, avtobenzin, dizel yoqilg‘isi, elektr energiyasi va portlandsement ishlab chiqarish o‘sgan.

Teglar

Mavzuga oid