Logo

Prezident 9 ta davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Italiya, Falastin, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Jazoir, Malayziya, Pokiston, Ozarbayjon va Qozog‘istonning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Prezident 9 ta davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi © Foto: president.uz

Shavkat Mirziyoyev 9 ta davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 28-iyul kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Italiya Respublikasidan Guido de Sanktis, Falastin Davlatidan Vaill Battrexi, Saudiya Arabistoni Podshohligidan Saad Abu Xaymid, Kuvayt Davlatidan Turki Al-Mekrad, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasidan Jamila Ashur, Malayziyadan Rafeda binti Abdul Aziz, Pokiston Islom Respublikasidan Muhammad Mudassir Tipu, Ozarbayjon Respublikasidan Rashad Mamedov va Qozog‘iston Respublikasidan Yerali Tugjanovlarning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlat rahbari diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini Yangi O‘zbekistondagi sharafli missiyasi boshlangani bilan chin qalbdan samimiy tabrikladi.

Dunyoda turli geosiyosiy ziddiyatlar tobora avj olayotgan hozirgi murakkab davrda diplomatlarning mas’uliyatli faoliyati har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Prezidentimiz har bir elchiga murojaat qilib, ular vakillik qilayotgan davlatlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Italiya katta siyosiy va iqtisodiy salohiyatga ega muhim sherik ekani ta’kidlanib, “yashil” energetika, metallurgiya, kimyo, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, ta’lim va turizm sohalaridagi loyihalar amalga oshirilayotgani, Toshkent shahrida Turin politexnika va Piza universitetlari filiallari samarali faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston yetakchisi Lombardiya va Toskana hududlari bilan hamkorlik aloqalari, xususan, tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Falastin bilan munosabatlar azaliy do‘stlik ruhida rivojlanmoqda. O‘zbekiston Isroil-Falastin muammosini “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lib kelmoqda.

Mamlakatimizning Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida kirishi G‘azoni qayta tiklashga ko‘maklashishga qaratilgani qayd etildi.

Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik boshqalar uchun namuna bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari 25 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllangani, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi islohotlarimizga faol ko‘mak ko‘rsatayotganini alohida e’tirof qildi.

Qolaversa, tibbiyot, farmatsevtika va “yashil” energetika sohalarida katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, fuqarolarimizga Haj va Umra ziyoratlari uchun yaratilayotgan sharoitlar yuqori baholandi.

Kuvayt bilan savdo-iqtisodiyot, investitsiya, infratuzilma, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, Kuvayt investitsiya agentligi bilan neft-kimyo tarmog‘ida va davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning to‘liq ijro etilishi xalqlarimiz manfaatlariga birdek xizmat qilishi bildirildi.

Jazoir bilan so‘nggi yillarda yuqori darajadagi muloqotlarimiz faollashgani e’tirof qilindi.

Shuningdek, neft-gaz, energetika, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Hukumatlararo qo‘shma komissiyani ta’sis etish va Imtiyozli savdo bitimini imzolash muhimligi qayd etildi.

Malayziya bilan munosabatlarimiz so‘nggi yillarda barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib bormoqda. Oliy va yuqori darajadagi muloqotlar faollashdi. Bozorimizga ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari faol kirib kelmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi yarim o‘tkazgichlar, neft-kimyo, islom moliyasi va ziyorat turizmi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat borligiga urg‘u berdi.

Pokiston bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘zaro hurmat va ishonch ruhida rivojlanib, yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.

Toshkent – Karachi yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi, Transafg‘on transport yo‘lagi loyihasini amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasi, energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika va turizm sohalaridagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.

Ozarbayjon bilan munosabatlar ikki davlat yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Savdo hajmi 40 foizga oshib, qo‘shma korxonalar soni salkam 450 taga yetdi, yuk tashish hajmi esa ikki barobarga o‘sdi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi investitsiya portfelini yaqin istiqbolda 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olingani ma’lum qilindi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar ikki tomonlama hamkorlikka yangi shiddat berishi qayd etildi.

Davlat rahbari Qozog‘iston elchisiga murojaat qilar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalari mustahkamlanib, hozirgi vaqtda strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari kengayib borayotganini ta’kidladi.

O‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish asosiy maqsad ekani, 8 milliard dollarlik qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgani ta’kidlandi, “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini to‘liq ishga tushirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Marosim yakunida davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli va mas’uliyatli diplomatik faoliyatlariga ulkan zafarlar tiladi. O‘zaro sheriklikni mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berilishini ta’kidladi. Barcha elchilarni xususiy sektor va hududlar bilan faol ishlashga, joylardagi bunyodkorlik jarayonlari bilan yaqindan tanishishga chaqirdi.

O‘z navbatida, diplomatlar samimiy qabul va yaratilgan imkoniyatlar uchun chuqur minnatdorlik izhor etib, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni faol ilgari surish yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solishlarini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid