add

Putin har safar Tramp bilan gaplashgach, Ukrainaga zarbalarni kuchaytirmoqda

09.09.2025 | 18:4047865

The New York Times nashri tahliliga ko‘ra, Putin har gal muzokaralarga urinish bo‘lsa, aviahujumlar bilan javob qaytarmoqda.

Putin har safar Tramp bilan gaplashgach, Ukrainaga zarbalarni kuchaytirmoqda
Vladimir Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha G‘arbdagi har qanday diplomatik harakatlar fonida, mamlakatga nisbatan havo hujumlarini keskin kuchaytirmoqda, deyiladi The New York Times taҳлилида. Uning bu strategiyasi harbiy frontdagi muvaffaqiyatsizliklarni yopish, shu bilan birga Donald Trampning tinchlik muzokaralariga oid tashabbuslarini so‘ndiradigan diplomatik signal sifatida baholanmoqda. Tahlilchilar ta’kidlashicha, 2025 yilning fevralidan iyuligacha Tramp va Putin orasida olti marta telefon orqali muloqot bo‘lgan. Ularning beshtasidan so‘ng Rossiya Ukrainaga nisbatan o‘rtacha hajmdan ancha yuqori ko‘rsatkichda zarbalar yo‘llagan. Masalan, 3 iyuldagi suhbatdan keyin Rossiya bir kunda 550 ta hujum amalga oshirgan. Solishtirish uchun, yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 118 ta bo‘lgan. Faqatgina telefon suhbatlari emas, balki diplomatik muzokaralar ham Moskvaning o‘ta tajovuzkor reaksiyasiga sabab bo‘lgan. Avgustda Alyaskada Tramp va Putin uchrashganidan so‘ng, AQSH va Yevropa Ittifoqi Ukrainaning urushdan keyingi xavfsizligi bo‘yicha yangi kafolatlar ishlab chiqishga kirishdi. Rossiya esa javob tariqasida Karpatortidagi Amerika zavodiga, Kiyevdagi Yevropa Ittifoqi va Britaniya kengashining binolariga raketali zarba berdi. 7 sentyabrda amalga oshirilgan eng kuchli hujum esa G‘arbdagi faol harakatlar bilan bevosita bog‘liq. Parijda 26 davlat Ukrainada tinchlik o‘rnatilsa, u yerga tinchlikparvar harbiylar yuborishga tayyor ekanini e’lon qilgan paytda, Rossiya Ukrainaga 823 ta zarba vositasini yo‘llagan. Bu orasida 810 ta dron, 9 ta «Iskander-K» va 4 ta «Iskander-M» raketalari bor edi. «Iskander» raketalaridan biri Ukraina Vazirlar Mahkamasi binosiga borib urilgan va yong‘in keltirib chiqargan. Yevropa Ittifoqining Ukrainadagi elchisi Katarina Maternova bu hujumni «hukumat yuragiga qasddan qilingan zarba» deb baholadi. ISW — Urushni o‘rganish instituti tahlilchilari ham shunday xulosaga kelgan: Rossiya bunday hujumlarni diplomatik bosim sifatida qasddan amalga oshirmoqda va ular G‘arbning harbiy yordamini to‘xtatishni asosiy g‘alaba yo‘li deb hisoblaydi. ISWning xulosasiga ko‘ra, Rossiyaning jang maydonidagi og‘ir ahvoli fonidagi yopirilma hujumlar — psixologik va strategik maqsaddagi signal hisoblanadi. Putin G‘arb yordami to‘xtasa, urushda g‘alaba qozonish imkoniyati bo‘lishiga ishonmoqda. Shuning uchun har qanday tinchlik tashabbuslariga raketalar bilan javob qaytarmoqda.

Teglar

Mavzuga oid