«30 oy qoldi»: Ilon Mask global inqirozdan ogohlantirdi
Koinotdagi o‘n minglab sun’iy yo‘ldoshlar va quyosh panellari yordamida «raqamli tashnalik»ni yengish mumkinmi?

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask dunyo hamjamiyatini yaqinlashib kelayotgan global energiya inqirozidan ogohlantirdi. «Cheeky Pint» podkastida chiqish qilgan miliarderning ta’kidlashicha, elektr energiyasi tanqisligi boshlanishiga bor-yo‘g‘i 30 oy vaqt qolgan.
«Bizda 30 oy vaqt qoldi» — dedi u. Maskning so‘zlari shunchaki mubolag‘a emas, balki majozlardan ko‘ra raqamlar bilan ishlashga odatlangan muhandisning aniq hisob-kitobidek yangradi.
Maskning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt quvvatlarining o‘sish sur’ati energetika infratuzilmalarining jismoniy imkoniyatlari chegarasiga yaqinlashmoqda. Agar hozirgi dinamika saqlanib qolsa, ikki-uch yildan keyin ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari butun boshli davlatlar miqyosida energiya iste’mol qila boshlaydi. Keyinchalik esa bu ehtiyoj yanada ortib boradi.
«Bizda shunchaki energiya tugaydi», — deya ogohlantiradi Ilon Mask.


Zamonaviy SI modellari endi megavatt emas, balki gigavattlab energiya talab qilmoqda. Yangi avlodga mansub bitta yirik ma’lumotlarni qayta ishlash markazi 300–500 megavatt elektr energiyasini iste’mol qiladi — bu bitta atom energobloki quvvatiga teng. Hozirda sun’iy intellektni o‘qitish uchun yaratilayotgan eng yirik klasterlar esa 1–2 gigavatt quvvatga mo‘ljallangan.
Taqqoslash uchun: taxminan shuncha miqdordagi energiyani 1 million aholisi bor shahar iste’mol qiladi. Google’ning butun tarmog‘i esa Sharqiy Yevropadagi ayrim davlatlardan ko‘ra ko‘proq elektr sarflaydi.
Endi esa shunday o‘nlab markazlarni ko‘z oldingizga keltiring. Elektr tarmoqlarini qurish sur’ati hisoblash quvvatlarining o‘sish tezligiga shunchaki yetolmaydi. Muhandislar buni «raqamli davrning energetik chegarasi» deb atashmoqda.
Maskning ilmiy fantastikadek tuyuladigan g‘oyasi ham aynan shundan tug‘ilgan: agar Yerda energiya yetishmasa, demak, u mo‘l-ko‘l bo‘lgan joyga — koinotga chiqish kerak.
Maskning kompaniyalari, avvalo, «SpaceX» va «Starlink» kosmik tizimi insoniyat tarixidagi eng yirik sun’iy yo‘ldoshlar guruhini shakllantirib bo‘ldi. Hozirda ularning soni 10 mingga yaqin, kelajakda yana bir necha barobarga ko‘payishi kutilmoqda. O‘zining intervyularidan birida Mask bevosita quyosh energiyasidan quvvat oluvchi kosmik hisoblash markazlarini yaratish kabi ancha keskinroq konsepsiyani ilgari surdi.
Maskning mantig‘i oddiy: koinotda bulutlar, tun va ob-havo injiqliklari yo‘q. Quyosh panellari deyarli uzluksiz ishlaydi. Demak, nazariy jihatdan kosmik serverlar tun-u kun energiya bilan ta’minlanishi mumkin.


Bu g‘oya ko‘rinishidan juda jozibador. Biroq u faqat qog‘ozdagina shunday. Gap shundaki, koinot komputerlar uchun eng noqulay hududdir, chunki ularning asosiy dushmani — issiqlik hisoblanadi. Yerda serverlar havo yoki suv yordamida sovitiladi. Koinot vakuumida esa bunday imkoniyat yo‘q. Issiqlik almashinuvi u yerda faqat nurlanish orqali amalga oshishi mumkin, bu esa odatdagi usullardan o‘nlab marta kam samara beradi.
Natijada insoniyat koinotga chiqish imkoniyatidan o‘n yillab mahrum bo‘lib qolishi ham hech gap emas. Bu endi shunchaki taxmin emas, balki NASA mutaxassislarining aniq hisob-kitoblaridir.
Shuni tushunish kerakki, Ilon Mask qiyomatdan darak beruvchi bashoratchi emas, u — muhandis. Uning «30 oyi» esa dunyoning oxirini ko‘rsatuvchi taymer emas, balki infratuzilma uchun belgilangan so‘nggi muddatdir.
Aslida Mask uchta muhim jihatni nazarda tutmoqda: sun’iy intellekt energetika infratuzilmalariga qaraganda tezroq rivojlanyapti, Yerdagi elektr tarmoqlari bunday talabga tayyor emas hamda yangi energiya manbalari yoki keskin yechimlarsiz texnologik taraqqiyot jismoniy to‘siqqa taqalib qoladi.
Oddiyroq aytganda, muammo robotlarda emas, balki elektrda. Binobarin, agar Maskning prognozi to‘g‘ri chiqsa, dunyoni fojia emas, balki ancha zerikarli, ammo og‘riqli jarayon — rivojlanishning sekinlashishi va energiya tanqisligi kutadi. Bu esa, o‘z navbatida, elektr narxi oshishini, ma’lumotlar markazlariga cheklovlar qo‘yilishini, hisoblash jarayonlarining energiya arzon mamlakatlarga ko‘chirilishini hamda atom va quyosh energetikasi uchun poyga boshlanishini anglatadi.
Insoniyat «sun’iy ong» yaratishni istar ekan, avvalo ancha sodda ko‘ringan vazifani hal qilishi kerak: elektrni qayerdan olish va hosil bo‘lgan issiqlikni qayerga chiqarib yuborish masalasi. Busiz hatto millionlab kosmik sun’iy yo‘ldoshlar ham najot bo‘la olmaydi.





