Dollarga nisbatan kuchaygan valutalar: qaysi davlatlar yetakchi?

So‘nggi bir yilda bir qator global valutalar AQSH dollariga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlandi. Isroil shekeli 20,2 foiz o‘sish bilan yetakchilik qilsa, Qozog‘iston tengesi yuqori darajali o‘sish qayd etdi.

Dollarga nisbatan kuchaygan valutalar: qaysi davlatlar yetakchi? © СР

So‘nggi bir yil davomida bir qator global valutalar AQSH dollariga nisbatan ikki raqamli o‘sishni qayd etdi. Kapital oqimlarining o‘zgarishi, pul-kredit siyosati bo‘yicha kutilmalarning o‘zgarishi va ichki iqtisodiy fundamental omillarning yaxshilanishi bunda muhim rol o‘ynadi.

Quyidagi infografika dollarga nisbatan eng katta o‘sish ko‘rsatgan valutalarni namoyon etadi.

ss копия

Eng katta o‘sishni qayd etgan valutalar

Yillik YAIMi 250 mlrd dollar va undan yuqori bo‘lgan mamlakatlar tahlil qilinib, ularning valutalari dollarga nisbatan so‘nggi bir yildagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha saralandi.

Yetakchi o‘rinda Isroilning yangi shekeli turibdi, u dollarga nisbatan yil davomida 20,2 foizga qimmatlashgan. Isroil banki rahbari bu o‘sishni mojaro sharoitida Isroil iqtisodiyotining barqarorligi va eksport ko‘rsatkichlarining kuchliligi bilan izohlaydi. Shuningdek, mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi ham yuqori bo‘lib, bu shekelga bo‘lgan talabni oshirmoqda.

12

Kolumbiya pesosi va Janubiy Afrika randi ham so‘nggi bir yilda kuchli o‘sish qayd etdi – mos ravishda 19,7 foiz va 16,4 foizga AQSH dollariga nisbatan qimmatlashdi. Meksika pesosi esa 16,4 foiz o‘sish bilan ularga yaqin keldi. Bu o‘sish yuqori foiz stavkalari (AQSHga nisbatan), rekord darajadagi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hamda jadal rivojlanayotgan turizm sohasi bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbekiston milliy valutasi ham dollarga nisbatan 6,8 foizga mustahkamlandi. Dollarning rasmiy kursi 2025-yilda 879,58 so‘mga – 12 904,91 so‘mdan 12 025,33 so‘mgacha qadrsizlangan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yillarda devalvatsiya kuzatilgan: 2024-yilda – 4,71 foizga, 2023-yilda – 9,92 foizga, 2022-yilda – 3,58 foizga.

Dollarning global valutalarga nisbatan zaiflashishi

Albatta, dunyo bo‘ylab valutalarning AQSH dollariga nisbatan qimmatlashishining asosiy sabablaridan biri AQSH dollarining o‘zi zaiflashayotganidir.

Tahlilchilar fikricha, bu pasayish qisman AQSH ma’muriyati siyosatining oldindan bashorat qilib bo‘lmaydiganligi haqidagi bozor xavotirlari bilan bog‘liq. Shuningdek, 2025-yil boshida Federal zaxira tizimi tomonidan foiz stavkalarining yana tushirilishi kutilgani investorlarni yuqoriroq daromad izlab boshqa bozorlarga yo‘naltirgan va bu dollarga bosimni oshirgan.

Global bozorlar uchun bu nimani anglatadi?

AQSH dollari zaiflashganda, bu butun dunyoda pul oqimlari va savdo jarayonlariga ta’sir qiladi.

Masalan, AQSH mahsulotlari boshqa mamlakatlar uchun arzonroq bo‘lib qoladi, bu esa amerikalik eksportyorlarga foyda keltirishi mumkin. Shu bilan birga, kuchli valutaga ega boshqa davlatlar kompaniyalari AQSH tovarlari bilan raqobatlashishda qiyinchilikka duch kelishi mumkin.

Investorlar uchun esa zaif dollar boshqa mamlakatlardagi investitsiyalar qiymatini oshirishi mumkin. Hatto investitsiya o‘zi uncha o‘smasa ham, valuta kursi yaxshilangani sababli, ular AQSH dollariga qayta konvertatsiya qilinganda qimmatroq bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid