Elektromobillar savdosi bo‘yicha «Tesla» yana yetakchilikni qo‘lga oldi

Kecha 15:352 daqiqa

2026 yil birinchi choragida «Tesla» global elektromobil bozorida yetakchilikni qaytarib oldi, «BYD» esa Xitoydagi imtiyozlar qisqarishi ortidan savdoda jiddiy pasayishni qayd etdi.

Elektromobillar savdosi bo‘yicha «Tesla» yana yetakchilikni qo‘lga oldi

2026 yil yanvar–mart oylari yakuniga ko‘ra, «Tesla» elektromobillar savdosi bo‘yicha dunyoda yana birinchi o‘ringa chiqdi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

«Tesla» sotuvi

Ma’lum qilinishicha, Amerika kompaniyasi ushbu davrda 358 mingdan ortiq avtomobil sotgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 6,5 foizga ko‘p. CNBC ma’lumotiga ko‘ra, savdolarning asosiy qismi «Model 3» va «Model Y» hissasiga to‘g‘ri kelgan — jami 341,8 mingta soilgan.

Savdolarning 59 foizdan ortig‘i kompaniyaning Shanxaydagi zavodi orqali amalga oshirilgan. U yerdan yetkazib berish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 23,5 foizga oshgani qayd etilgan.

Shu bilan birga, «Tesla» ko‘rsatkichlari hali ham 2024 yil darajasidan pastligicha qolmoqda. Kompaniya aksiyalari 2-aprel kuni choraklik natijalar e’lon qilingach, 5 foizga arzonlashdi.

«BYD» savdosi

Bozordagi asosiy raqobatchi — Xitoyning «BYD» kompaniyasi esa birinchi chorakda savdoning 25 foizga qisqarishini qayd etdi. Natijada sotuvlar 310,3 mingtaga tushgan.

Ekspertlar bu holatni Xitoyda elektromobillar uchun davlat imtiyozlarining qisqartirilishi bilan izohlamoqda. Yangi tartibga ko‘ra, trade-in orqali avtomobil xarid qilganlarga 12 foizli, ammo 20 ming yuandan oshmaydigan subsidiya beriladi. Avvalroq barcha holatda 20 ming yuan to‘lanar edi.

Shuningdek, elektromobillar uchun 5 foizlik soliq joriy etilgan, bu esa talabga bosim o‘tkazmoqda. Biroq mart oyida «BYD» savdosi fevralga nisbatan 58 foizga oshgani kuzatildi.

Raqobatni kuchaytiruvchi omil

Mutaxassislar fikricha, neft narxlarining o‘sishi va mahalliy qo‘llab-quvvatlash choralari talabni qisman tiklagan. Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchilar narx emas, balki moliyaviy takliflar orqali raqobatni kuchaytirmoqda. Masalan, «Tesla» Xitoyda 7 yillik 1,36 foizli kredit dasturini taklif qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yakuniga ko‘ra, «BYD» ilk bor «Tesla»ni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik elektromobil yetkazib beruvchiga aylangan edi.

Amerikaning «Tesla» kompaniyasi yetkazib berish hajmi yillik hisobda 8,6 foizga kamayib, 2024 yildagi 1,79 mlntadan 2025 yilda 1,64 mlntaga tushgan. Shu davrda «BYD» savdosi 28 foizga o‘sib, 2,26 mln elektromobil sotilgan.

Teglar

Mavzuga oid