Rossiya neft portlarida uzilishlar yuz berdi
Primorsk va Ust-Luga portlariga dron hujumlari Rossiya neft eksportiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Rossiyaning Boltiq dengizidagi eng yirik eksport portlari — Primorsk va Ust-Luga dron hujumlaridan so‘ng faoliyatida jiddiy uzilishlarga duch keldi.
«Reuters» agentligining xabar berishicha, ushbu portlar mart oyidan buyon neft mahsulotlarini qabul qilishni cheklagan.
Agentlik manbalarining ta’kidlashicha, 22-martdan boshlab neftni qayta ishlash zavodlari dizel yoqilg‘isini Transneft tizimi orqali eksport qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.
Eksport zanjiriga ta’sir
Bu holat Sibir va Rossiyaning Yevropa qismidagi yirik zavodlarga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning eksport zanjirini izdan chiqargan.
Shuningdek, «Ust-Luga Oyl» terminali yo‘nalishida yuk qabul qilish 27-martdan to‘xtatilgan. Neft mahsulotlarini tashuvchi Rossiya temir yo‘llari esa yuk tashishga cheklovlar joriy etgan va bu cheklovlar 14-aprelgacha uzaytirilgan.
Zarar ko‘lami
Ma’lum qilinishicha, mart oyining so‘nggi o‘n kunligida portlarga berilgan dron zarbalari infratuzilmaga jiddiy shikast yetkazgan.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, Primorskdagi neft saqlash quvvatlarining taxminan 40 foizi, jumladan 8 ta yirik rezervuar yonib ketgan.
«Reuters» manbalariga ko‘ra, Ukraina tomonidan portlar, quvurlar va qayta ishlash zavodlariga berilgan zarbalar natijasida Rossiya neft eksport quvvatlarining taxminan 20 foizini yo‘qotgan. Bu ko‘rsatkich avval 40 foizgacha yetgan bo‘lsa-da, ayrim quvvatlar qisman tiklangan.




