Qo‘riqlash departamenti xodimlariga jarima qo‘llash vakolati beriladi

Bugun 15:151 daqiqa

Senat tasdiqlagan yangi qonunga ko‘ra, Qo‘riqlash departamenti xodimlari ayrim huquqbuzarliklar uchun jarima qo‘llash huquqiga ega bo‘ldi.

Qo‘riqlash departamenti xodimlariga jarima qo‘llash vakolati beriladi © Oliy Majlis Senati

Senatning navbatdagi yalpi majlisida «Qo‘riqlash faoliyatini takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ma’qullandi. Mazkur hujjat jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishga qaratilgan.

Endi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti xodimlari ham ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy chora ko‘rish vakolatiga ega bo‘ladi.

Avval bu huquq asosan profilaktika inspektorlariga tegishli edi.

Xususan:

Jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish;

Daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlash;

Noqonuniy ov qilish va baliq ovlash;

Boshqa turdagi ekologik qoidabuzarliklarga nisbatan chora ko‘rishi mumkin.

O‘zgartirish kiritiladigan qonunlar

Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, shuningdek «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida», «Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida» va «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritiladi.

Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari uchun bir qator yengilliklar ham nazarda tutilgan. Jumladan, qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalashtirish va ularga xizmat ko‘rsatish sohasida litsenziyalash tartibi bekor qilinib, uning o‘rniga xabardor qilish tartibi joriy etildi. Ushbu jarayon bo‘yicha vakolat Ichki ishlar vazirligiga o‘tkaziladi.

Yalpi majlis yakunida qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Teglar

Mavzuga oid