O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi sulh kelishuvini olqishladi

Bugun 14:403 daqiqa

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Pokiston vositachiligida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini qo‘llab-quvvatlab, barcha tomonlarni vazminlikka va muloqotni davom ettirishga chaqirdi.

O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi sulh kelishuvini olqishladi © Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Pokiston rahbariyati vositachiligida Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va sulh o‘rnatilishi e’lon qilinganini olqishladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining tegishli bayonoti e’lon qilindi.

«Mazkur sa’y-harakatlarni keskinlikni yumshatish, siyosiy-diplomatik muloqot va o‘zaro maqbul yechimlarni topish uchun sharoit yaratish yo‘lidagi muhim qadam, deb hisoblaymiz. Barcha tomonlarni vazmin bo‘lishga, vaziyatni yana keskinlashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga, shuningdek tinchlik va barqarorlikka erishish maqsadida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga chaqiramiz», – deyiladi bvyonotda.

TIV O‘zbekistonning mojarolarni faqat tinch yo‘l bilan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillariga muvofiq qat’iy ravishda hal etish zarurligi to‘g‘risidagi o‘zgarmas pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi.

Ikki haftalik kelishuv

AQSH va Eron 7-aprel kuni kechqurun ikki haftalik shartli o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Bu kelishuv Pokiston vositachiligida so‘nggi daqiqada amalga oshirilgan diplomatik harakatlar natijasida yuzaga keldi va Donald Trampning Eronga qo‘ygan ultimatumini bekor qildi. Kelishuv doirasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi vaqtinchalik va shartli ravishda qayta ochilishi ko‘zda tutilgan.

Trampning aytishicha, Xitoy Eronni muzokaralarga ko‘ndirishda rol o‘ynagan. Shuningdek, u Eronning boyitilgan urani «to‘liq nazorat ostida bo‘lishini» aytdi, ammo batafsil ma’lumot bermadi.

Ikki haftalik sulh davomida tomonlar 10 bandli taklif asosida doimiy kelishuvga erishishi mumkin. Tramp buni «ikki tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish» deb atadi va AQSH o‘z harbiy maqsadlariga erishganini ta’kidladi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy ham kelishuvni tasdiqlab, ikki hafta davomida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz harakat ta’minlanishini bildirdi.

Isroil nima deydi?

Bir necha soat davomida Isroil pozitsiyasi noaniq bo‘lib qoldi. Keyinroq bosh vazir Binyamin Netanyahu AQSH bilan tuzilgan sulhni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, ammo bu kelishuv Livandagi «Hibulloh»ga qarshi amaliyotlarga taalluqli emasligini ta’kidladi.

Kelishuv jarayoni noaniqlik bilan kechdi: Eron muzokaralar uchun taklif etilgan 10 bandli rejaning ikki xil versiyasini e’lon qildi. Fors tilidagi versiyada yadroviy dastur bo‘yicha «boyitishni qabul qilish» iborasi bor edi, ammo inglizcha versiyada bu ibora yo‘q edi.

Pokiston 10-aprel kuni Islomobodda muzokaralarga taklif qildi. Tehron qatnashishini bildirdi, ammo Vashington hali rasman javob bermagan.

O‘t ochishni to‘xtatish qachon kuchga kiradi?

O‘t ochishni to‘xtatish to‘liq qachon amalga kirishi hali aniq emas. Isroil ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, sulh Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qayta ochilganidan keyin kuchga kiradi. Shu bilan birga, Isroil bu oraliq davrda Eron tomonidan hujumlar davom etishini kutmoqda.

Donald Trampning bayonotidan bir soatdan ortiq vaqt o‘tgach, Isroil harbiylari Eron tomonidan uchirilgan raketalarni aniqlaganini ma’lum qildi. Tel Aviv shahrida esa ushlab qolingan raketalar portlashlari eshitilgan.

Shu bilan bir vaqtda, Fors ko‘rfazi davlatlari – Kuvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni va BAA – deyarli bir vaqtda ogohlantirish e’lon qildi va havo mudofaa tizimlarini faollashtirdi.

Neft bozori reaksiyasi

Jahon bozorlari Eronda ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi xabarlarga neft va neft mahsulotlari narxining pasayishi bilan javob qaytardi. 8-aprel kuni ertalabga kelib, «Brent» fyucherslari narxi bir barrel uchun taxminan 95 dollar atrofida bo‘ldi, bir kun oldin esa u taxminan 110 dollardan sotilayotgan edi.

«Trading Economics» ma’lumotlariga ko‘ra, neft xomashyosi jahon bozorlarida bir sutkada 14 foizga arzonlab, 96 dollarga tushgan. AQSHda pech yoqilg‘isi sifatida keng qo‘llaniladigan mazut narxi 17 foizga, benzin esa qariyb 10 foizga pasaygan.

Urush AQSHga qanchaga tushdi?

«Financial Times» keltirgan ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSHning Eronga qarshi urushi xarajatlari taxminan 30 milliard dollarni tashkil etgan.

«American Enterprise Institute» katta ilmiy xodimi Eleyn Makkasker nashrga ma’lum qilishicha, 28-fevraldan buyon Eronga qarshi harbiy kampaniya qiymati 22,3 milliard dollardan 31 milliard dollargachani tashkil etgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shuningdek, 13 nafar AQSH harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, 300 nafardan ortig‘i esa yaralangan.

Teglar

Mavzuga oid