Logo

Aholini xavotirga solayotgan narxlar, ikki karra o‘sgan iqtisodiyot va banklar uchun yangi reyting — 3-noyabr dayjesti

Kecha 23:004 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Aholini xavotirga solayotgan narxlar, ikki karra o‘sgan iqtisodiyot va banklar uchun yangi reyting — 3-noyabr dayjesti

«Openbank» biznesni islomiy moliyalashtirish uchun 10 mln dollargacha mablag‘ jalb qilmoqchi

Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhiga kiruvchi Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha islom korporatsiyasi (ICD) va O‘zbekistonning «Openbank» banki o‘rtasida 10 million dollargacha moliyalashtirish liniyasini taqdim etish bo‘yicha kelishuv imzolandi. 2026 yil 26-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida imzolangan ushbu hujjat doirasida ajratiladigan mablag‘lar shariat tamoyillariga muvofiq bo‘lib, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta biznes subyektlari hamda yirik korxonalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Mazkur hamkorlik O‘zbekiston iqtisodiyotining ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kabi daromad keltiruvchi tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mamlakatning barqaror o‘sishiga hissa qo‘shishni maqsad qilgan. Ma’lumot o‘rnida, 2022 yilda litsenziya olgan va dastlab «Smartbank» nomi bilan faoliyat yuritgan «Openbank» yaqinda (23-oktabr) Markaziy bank tomonidan O‘zbekistonda islom banki faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan birinchi bankka aylangan edi.

O‘zbekistonliklar eng ko‘p yoqilg‘i va kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda

O‘zbekistonda 2026 yil sentabr oyida yillik inflyatsion kutilmalar pasayishi kuzatilib, bu ko‘rsatkich aholi orasida 8,7 foizga, tadbirkorlar o‘rtasida esa 9,2 foizga tushdi. Markaziy bank so‘rovnomasiga ko‘ra, narxlar o‘sishiga ta’sir qiluvchi asosiy omil sifatida yoqilg‘i-energiya resurslari hamda kommunal xizmatlar qimmatlashishidan xavotirlar hanuz yetakchilik qilmoqda. Shu bilan birga, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi sun’iy oshirilishi va monopoliya bilan bog‘liq tashvishlar ham ortgan.

Aholi guruhlari orasida inflatsiyadan eng ko‘p pensionerlar va oylik daromadi 30 million so‘mdan yuqori bo‘lgan qatlam xavfsiramoqda. Tadbirkorlar kesimida eng yuqori kutilmalar tashish xizmatlari hamda hunarmandchilik sohalarida kuzatilgan. Hududiy jihatdan eng yuqori inflyatsion kutilmalar aholi o‘rtasida Toshkent shahrida, tadbirkorlar orasida esa Samarqand viloyatida qayd etilgan bo‘lib, past daromadli fuqarolarning bu boradagi kutilmalari nisbatan barqaror qolmoqda.

Apple, Google yoki Meta: O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatuvchi qaysi xorijiy kompaniya eng ko‘p soliq to‘laydi?

2026 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar tomonidan qariyb 20 million dollar (232,8 mlrd so‘m) soliq to‘langan. Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 86,5 foizga oshgan. Shuningdek, mazkur davrda ko‘rsatilgan elektron xizmatlarning umumiy qiymati ham 85,2 foizga o‘sib, 1,94 trillion so‘mga yetgan.

Xorijiy kompaniyalar orasida eng yirik soliq to‘lovchilar sifatida «Apple» (54,2 mlrd so‘m), «Google» (52,6 mlrd so‘m) va «Meta» (46,7 mlrd so‘m) yetakchilik qilmoqda. Kuchli o‘nlikdan, shuningdek, «Valve Corp.», «Anthropic», «OpenAI», «Midasbuy», «Booking.com», «TikTok» va «Anysphere» kabi kompaniyalar joy olgan. Ma’lumot uchun, mamlakatda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy raqamli xizmatlar soni muttasil o‘sib, 2026 yil oktabr holatiga kelib 109 taga yetgan.

YAIM ikki baravardan ko‘proq oshdi: O‘zbekiston iqtisodiyotida nimalar o‘zgardi?

2026 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 1 kvadrillion 755 trillion so‘mdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,3 foizga o‘sdi. Mamlakat iqtisodiyoti 2022 yilning shu davriga (828 trln so‘m) nisbatan besh yil ichida qariyb 2,1 baravarga kengayib, aholi jon boshiga YAIM nominal qiymatda 44,7 million so‘mga yetdi. O‘sishning asosiy qismi sanoat, xizmatlar va qurilish tarmoqlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Hududlar kesimida yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi bo‘yicha Toshkent shahri (372,1 trln so‘m) birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, aholi jon boshiga YAHM bo‘yicha Navoiy viloyati (140 mln so‘m) mutlaq yetakchilik qildi va bu eng past ko‘rsatkichga ega Surxondaryo viloyatidan (21,6 mln so‘m) 6,5 baravar ko‘p. Shuningdek, mazkur davrda kichik biznesning mamlakat jami qo‘shilgan qiymatidagi ulushi 53,8 foizni tashkil etdi va kuzatilmaydigan (yashirin) iqtisodiyotning YAIMdagi ulushi o‘tgan yilgi 23,9 foizdan 21,8 foizgacha pasaygani qayd etildi.

O‘zbekistonda tijorat banklarining moliyaviy ommaboplik reytingi joriy etiladi

O‘zbekistonda Markaziy bank tomonidan tijorat banklarining moliyaviy ommaboplik reytingi joriy etilmoqda. Ushbu yangi reyting orqali banklarning aholi hamda mikro, kichik va o‘rta biznes vakillari uchun yaratayotgan moliyaviy imkoniyatlari, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning qulayligi, xavfsizligi va sifati o‘zaro taqqoslanib, baholab boriladi.sa

Mazkur reytingni ishlab chiqishdan asosiy maqsad banklar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rag‘batlantirish va moliyaviy xizmatlardan foydalanish ko‘lamini kengaytirishdir. Hozirda reyting metodologiyasi va baholash mezonlari tijorat banklari vakillari ishtirokida qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ma’lumot o‘rnida, Markaziy bank 2026 yildan boshlab mijozlar murojaatlari asosida eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan banklar ro‘yxatini ham muntazam e’lon qilib kelmoqda.

Teglar

Mavzuga oid