«Xavfsiz talaba» mojarosi ortdan Jahon tillari universiteti dekani lavozimidan ozod etildi
Holat yuzasidan Ta’lim va ilm-fan vazirligi ishchi guruh tuzib, o‘rganish ishlarini boshlagan.
© Foto: Daryo.uz«Xavfsiz talaba» mobil ilovasini talabalarga majburan o‘rnattirish bilan bog‘liq voqealar ortidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Tarjimonlik fakulteti dekani Ulug‘bek Yo‘ldoshev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda «Daryo» xabar berdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Jahon tillari universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalarida talabalardan «Xavfsiz talaba» ilovasini o‘rnatish talab qilinayotgani, buni bajarmaganlar darslarga kiritilmayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Ta’lim va ilm-fan vazirligi ishchi guruh tuzib, o‘rganish ishlarini boshlaganini ma’lum qilgan. Vazirlik talabalarning ta’lim olish huquqi va o‘quv jarayoni uzluksizligi ta’minlanishi shartligini ta’kidlagan.
Keyinchalik Jahon tillari universitetidagi holat bo‘yicha kuzatuv kameralari tasvirlari ham e’lon qilindi. Ularda fakultet xodimlari talabalardan ilovani o‘rnatishni so‘rayotgani aks etgan.





