Logo

O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YIMdagi ulushi 22 foizdan pasaydi

Bugun 19:202 daqiqa

2026-yilning yanvar-sentabr oylarida kuzatilmaydigan iqtisodning yalpi qo‘shilgan qiymati 382,7 trln so‘mni tashkil etdi. Uning eng katta ulushi, ya’ni 57,6 foizi qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YIMdagi ulushi 22 foizdan pasaydi © Foto: lunainc

2026-yilning yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi (YIM) ulushi 21,8 foizni tashkil etdi va uning yalpi qo‘shilgan qiymati 382,7 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ortda qolgan to‘qqiz oy mobaynida mamlakat YIM hajmi 1,755 kvadrillion so‘mga yetib, real hisobda 8,3 foizga o‘sgan. Bu fonda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning YIMdagi ulushida ketma-ket pasayish dinamikasi qayd etilmoqda.

Xususan, mazkur ko‘rsatkich joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha 22,9 foizni, o‘tgan 2025 yilning mos davrida (yanvar-sentabr oylarida) esa 23,9 foizni tashkil qilgan edi.

Tarmoqlar kesimidagi holat va o‘zgarishlar

Yanvar-sentabr oylari yakunlari tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, kuzatilmaydigan iqtisodiyotning eng katta ulushi an’anaviy ravishda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda — 57,6 foiz.

Keyingi o‘rinlarni xizmatlar sohasi (23,8 foiz), qurilish (8,3 foiz) hamda sanoat tarmoqlari (4,9 foiz) band etgan.

Ushbu ko‘rsatkichlar joriy yilning birinchi yarim yillik yakunlari bilan taqqoslanganda, tarmoqlar tarkibida sezilarli o‘zgarishlar yuz bergani oydinlashadi.

Jumladan, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 60,5 foizdan 57,6 foizgacha pasaygan.

Shuningdek, keskin kamayish tendensiyasi qurilish sohasida 17,8 foizdan 8,3 foizgacha, sanoat tarmoqlarida esa 6,7 foizdan 4,9 foizgacha qayd etildi. Biroq, barcha tarmoqlarda ham pasayish kuzatilmagan: xizmatlar sohasida yashirin iqtisodiyot ko‘rsatkichining o‘sishi kuzatilib, uning ulushi 23 foizdan 23,8 foizgacha ortgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi ikki shahar aholisi daromadlarini deklaratsiya qilinishi haqida xabar berilgandi. Deklaratsiyada mehnatga haq to‘lash tarzidagi, mulkiy, moddiy foyda tarzidagi va boshqa daromadlar ko‘chmas mulk, ko‘char mulk va majburiyatlar bo‘yicha xarajatlar ko‘rsatiladi.

Teglar

Mavzuga oid