Logo

Tramp AQSHdan ixtiyoriy ketishga rozi bo‘lgan migrant bolalarga pul bermoqchi

Kecha 17:562 daqiqa

Oq uy rahbari oldinroq 20 mln katta yoshli amerikalikka salkam 100 dollardan va’da qilgandi. Bu galgi bolalar uchun moddiy taklif summasi ancha katta. Ba’zi sudyalar bu taklif bir marta berilishi va keyinchalik qayta o‘ylab ko‘rish imkoni bo‘lmasligini aytmoqda.

Tramp AQSHdan ixtiyoriy ketishga rozi bo‘lgan migrant bolalarga pul bermoqchi © Foto: newyorker.com

Donald Tramp ma’muriyati AQSHdan ixtiyoriy ravishda ketishga rozi bo‘lgan migrant bolalarga 3000 dollar berishni taklif qilmoqda. Ular orasida eng kichiklari atigi besh yoshda. Bu haqda «Bloomberg» advokatlar va inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga tayanib xabar berdi.

O‘tgan yili AQSH hukumati 2500 dollarlik taklifni faqat hamrohsiz borgan, 14 yoshdan katta o‘smirlarga bergan edi.

Ikki huquqiy tashkilot rahbarining aytishicha, bunday takliflarni bolalarga ham Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) advokatlari, ham immigratsiya sudyalarining o‘zi bildirmoqda.

«Acacia Center for Justice» tashkiloti rahbari Shayna Eyberning aytishicha, so‘nggi bir oy davomida mamlakatning turli hududlaridan kichik yoshdagi bolalarga ham shunday taklif berilayotgani haqida xabarlar kelgan. Ayrim bolalarning hatto advokati ham bo‘lmagan. Ba’zi sudyalar esa bu taklif bir marta berilishini va keyinchalik qayta o‘ylab ko‘rish imkoni bo‘lmasligini aytmoqda.

Eyberning ta’kidlashicha, bolalardan o‘sha joyning o‘zidayoq juda muhim qaror qabul qilish so‘ralmoqda. Masalan, ulardan 3000 dollar evaziga AQSHdan boshpana so‘rash huquqidan voz kechish talab qilinmoqda.

Vashingtondagi «Amica Center for Immigrant Rights» tashkiloti direktori Maykl Lyukens ham ICE advokatlari mamlakat bo‘ylab huquqshunoslarga bolalarga 3000 dollar berish taklifi haqida xatlar yuborganini ma’lum qildi. Shu hafta uning tashkiloti himoya qilayotgan 11 yoshli bolaning ishi bo‘yicha ham shunday xat kelgan.

AQSH Chegara xizmati (CBP) avvaldan CBP Home ilovasi orqali mamlakatni o‘z ixtiyori bilan tark etadigan migrantlarga 3000 dollar to‘lab kelmoqda. Ammo huquqshunoslar bu amaliyot sudlarda 14 yoshdan kichik bolalarga nisbatan ham qo‘llana boshlaganini avval eshitmaganini aytmoqda.

AQSH Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida immigratsiya sudlarida hamrohsiz borgan bolalarga tegishli 16,5 mingdan ortiq ko‘rib chiqilmagan ish qolgan. Sudyalar ularga advokat topish va boshpana so‘rab ariza berish uchun kamroq vaqt bermoqda. Ishni keyinroqqa qoldirish uchun esa 21 kundan ortiq muddat berilmayapti.

Shu bilan birga, iyul oyida bunday bolalarni himoya qiluvchi huquqiy tashkilotlarning federal budjetdan ajratiladigan mablag‘lari ham tugagan.

Brukings instituti may oyida o‘tkazgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Tramp davridagi ommaviy deportatsiyalar sababli AQSH fuqaroligiga ega bo‘lgan taxminan 145 ming bola ota-onasidan kamida biridan ajralib qolgan.

Tadqiqotchilar bahosiga ko‘ra, 2025-yilning yanvaridan 2026-yilning apreligacha ICE taxminan 400 ming chet el fuqarosini hibsga olgan. Bu jarayondan jabrlangan bolalarning 36 foizi esa olti yoshga ham to‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp 20 milliondan ortiq katta yoshli amerikalikka Medicare dasturi doirasidagi sug‘urta to‘lovlari xarajatlarini qoplash uchun bir martalik to‘lovlar berilishini e’lon qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Tramp AQSHdan ixtiyoriy ketishga rozi bo‘lgan migrant bolalarga pul bermoqchi | Vaqt.uz