UNCTAD O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi qo‘shnilarinikidan qanday farq qilishini aytdi
Mamlakatning ko‘rsatkichi 2026-yilda Qirg‘iziston uchun prognoz qilingan ko‘rsatkichlardan past, Tojikistonnikidan baland. Ammo jahon iqtisodiyotining o‘rtacha o‘sish sur’ati 2,6 foizdan ancha yuqori.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaBMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) 9-oktabr kuni e’lon qilgan yangi hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 7,9 foizga o‘sishi kutilmoqda.
UNCTADning «2026 yilgi savdo va taraqqiyot hisoboti»da Qirg‘iziston iqtisodiyoti 8,8 foizga, Tojikiston iqtisodiyoti esa 6,6 foizga o‘sishi prognoz qilingan.
Shunga ko‘ra, O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish sur’ati Qirg‘izistonnikidan 0,9 foiz bandga past, Tojikistonnikidan esa 1,3 foiz bandga baland bo‘lishi kutilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Tojikiston iqtisodiyoti uchun prognoz qilingan o‘sish sur’ati jahon bo‘yicha kutilgan o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori.
UNCTAD prognozi boshqa tashkilotlarning baholari bilan qanday farq qiladi?
O‘zbekiston iqtisodiyotining 2026-yildagi o‘sishi bo‘yicha xalqaro moliyaviy tashkilotlarning prognozlari bir-biridan farq qiladi. Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeTB) 7,9 foiz, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) esa 7,5 foiz o‘sishni prognoz qilgan.
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) iqtisodiy o‘sishni 6,7 foiz darajasida baholagan. Jahon banki prognozi 7,9 foiz, Xalqaro valuta jamg‘armasiniki (XVJ) esa 6,8 foizni tashkil etadi.
Jahon iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashishi kutilmoqda
UNCTAD prognozlariga ko‘ra, jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’ati 2025-yildagi 2,9 foizdan 2026 yilda 2,6 foizgacha pasayadi. Rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyoti esa o‘rtacha 4 foizga o‘sishi kutilmoqda. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 4,7 foizni tashkil etgan.
Shunga qaramay, tovarlar va xizmatlarning jahon savdosi inflatsiya ta’siri hisobga olingan holda taxminan 4 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.
UNCTAD ma’lumotlariga ko‘ra, Osiyo 2026-yilda ham jahon iqtisodiy o‘sishining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri bo‘lib qoladi. Mintaqa hissasi jahon iqtisodiyoti umumiy o‘sishining 59 foizini tashkil etishi kutilmoqda.
Tashkilot prognozlariga ko‘ra, 2026-yilda Hindiston iqtisodiyoti 7,3 foizga, Mo‘g‘ulistonniki 7 foizga, Indoneziyaniki 5,2 foizga, Xitoyniki 4,5 foizga va Vietnamniki 7,8 foizga o‘sadi.
UNCTAD geosiyosiy keskinliklar, energiya narxlarining ko‘tarilishi va xalqaro savdodagi o‘zgarishlar jahon iqtisodiyotining kelgusi istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganidan ogohlantirmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlar texnologiyalar, moliyalashtirish manbalari va xalqaro bozorlarning yuqori o‘sish sur’atiga ega segmentlariga kirishda ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
1964-yilda tashkil etilgan UNCTAD — BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi bo‘lib, savdo, investitsiya, moliya va texnologiyalar orqali mamlakatlar, ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiy taraqqiyotiga ko‘maklashadi.
Bosh qarorgohi Jenevada joylashgan tashkilot iqtisodiy tadqiqotlar olib boradi, statistik ma’lumotlar va prognozlarni e’lon qiladi, shuningdek, hukumatlarga iqtisodiy siyosat bo‘yicha tavsiyalar beradi. O‘zbekiston tashkilotning 195 a’zo davlatidan biri hisoblanadi.





