Shuhrat Xolmuhamedov ishdan ketdi: yangi mudofaa vaziri tayinlandi
Shuhrat Xolmuhamedov O‘zbekiston mudofaa vaziri lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Botir Qudratxo‘jayev egalladi.
© KollajO‘zbekiston Prezidentining tegishli farmonlari bilan Botir Baxromovich Qudratxo‘jayev mudofaa vaziri lavozimiga tayinlandi. Uning nomzodi bundan avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan.
Shuhrat G‘ayratjonovich Xolmuhamedov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan mudofaa vaziri lavozimidan ozod etildi.
Botir Qudratxo‘jayev avval qayerlarda ishlagan?
Botir Qudratxo‘jayevning mehnat faoliyati asosan prokuratura organlari va huquqni muhofaza qilish tizimi bilan bog‘liq.
U 2014–2016 yillarda Surxondaryo viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi, keyinchalik viloyat prokurori bo‘lib ishlagan. 2016–2017 yillarda Toshkent shahri prokurori lavozimida faoliyat yuritgan.
2017 yil iyunidan 2020 yil oktabrigacha Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga rahbarlik qilgan. 2020 yilda Xorazm viloyati prokurori etib tayinlangan.
2022 yil noyabrida esa O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari — Harbiy prokuror lavozimiga o‘tgan.
2025 yil 25-fevralda Qudratxo‘jayev Favqulodda vaziyatlar vaziri etib tayinlangan. Ushbu lavozimga tayinlanishi munosabati bilan unga general-mayor harbiy unvoni ham berilgan.
2026 yil yanvar oyida u ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i etib tayinlangan edi.
Shuhrat Xolmuhamedov qachon vazir bo‘lgan?
Shuhrat Xolmuhamedov 2024 yil 24-noyabrda O‘zbekiston mudofaa vaziri etib tayinlangan edi. U bunga qadar 2021 yil mart oyidan Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i — mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Uning avvalgi lavozimlari orasida mudofaa vaziri o‘rinbosari, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari va favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari lavozimlari ham bor. 2021 yilda unga general-mayor harbiy unvoni berilgan.





