«Avval yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatishga urinish» — issiqxonalar ko‘chirilishi ortidagi asl muammo nima?
Toshkent atrofidagi issiqxonalarni Surxondaryoga ko‘chirish qarori ekologik chora sifatida ko‘rsatilmoqda. Ammo jarayon ortida mamlakatda tobora chuqurlashayotgan energetika muammolari va gaz tanqisligi turgani haqidagi bahslar kuchaymoqda.

Toshkent shahri va viloyati atrofidagi issiqxonalarni Surxondaryoga ko‘chirish qarori bir qarashda ekologik tashabbusdek ko‘rinadi. Hukumat buni havoni tozalash, gaz taqchilligini kamaytirish va issiqxona xo‘jaliklarini iqlimi qulay hududlarga joylashtirish bilan izohlamoqda. Ammo jarayonning ichiga chuqurroq kirilsa, bugungi vaziyat aslida O‘zbekiston energetika siyosatidagi yillar davomida yig‘ilib kelgan muammolar oqibati ekanini ko‘rish mumkin.
Negaki, bundan atigi bir necha yil oldin davlatning o‘zi issiqxona biznesini agressiv tarzda rag‘batlantirgan edi. 2018–2019 yillarda mamlakat bo‘ylab yuzlab issiqxonalar tashkil qilindi, imtiyozli kreditlar berildi, yangi texnologiyalar olib kelindi va eng muhimi — gaz bilan kafolatli ta’minlash va’dasi berildi. Natijada Toshkent atrofi katta issiqxona hududiga aylandi.

Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalar joylashuvi. Google maps
Bugun esa aynan o‘sha issiqxonalar ekologik va energetik muammoga aylangan.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1-iyundan boshlab Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida ko‘mir hamda atmosferaga zararli yoqilg‘ida ishlovchi yangi issiqxonalar tashkil etish taqiqlanadi. 1-avgustdan esa ushbu hududlardagi issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi. Bundan tashqari, issiqxonalar uchun suv tariflari 5 barobar, yer va mol-mulk soliqlari esa 10 barobargacha oshiriladi.
Muammo issiqxonalardami yoki gazdami?
O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi yildan yilga sezilarli darajada qisqarib bormoqda, qish mavsumida esa energetika tizimidagi bosim kuchayib ketayotgani tobora yaqqol sezilmoqda. Ayniqsa sovuq mavsumda aholini gaz bilan ta’minlashning o‘zi murakkablashayotgan bir paytda, minglab gektar issiqxonalarni uzluksiz yoqilg‘i bilan ta’minlash tizim uchun og‘ir yukka aylana boshladi.
Muammo shundaki, issiqxonalar aynan eng sovuq mavsumda eng ko‘p gaz iste’mol qiladi. Ya’ni aholiga ham, issiqxonalarga ham bir vaqtning o‘zida katta hajmda gaz kerak bo‘ladigan pallada tizim bosim ostida qoladi.
Natijada qish kelishi bilan deyarli har yili bir xil manzara takrorlana boshladi: gaz bosimi tushadi, cheklovlar kuchayadi, issiqxonalar esa hosilni saqlab qolish uchun alternativ yoqilg‘iga o‘tadi.
Qish mavsumida gaz bosimi tushishi issiqxona egalari uchun shunchaki texnik muammo emas. Bu yuzlab million so‘mlik hosilning muzlab qolishi, kreditlarni yopolmaslik va mavsumni zarar bilan yakunlash xavfini anglatadi. Shu sabab ko‘plab issiqxonalar qishda tanlovsiz qoladi: yoki ishlab chiqarishni to‘xtatish, yoki qo‘lda nima yoqilg‘i bo‘lsa, shunga o‘tish.
Aslida bugungi ekologik muammo ham aynan shu nuqtadan boshlanadi.
«Jabrdiyda issiqxona, lekin aybdor ham issiqxona» — Bakirov
Iqtisodchi Otabek Bakirov ham «Avval iqtisod...» dasturida bu mavzuga to‘xtalib o‘tgan edi. Uning aytishicha, issiqxonalar bugungi ekologik muammoning boshlang‘ich sababi emas, balki energetika tizimidagi uzluksiz nosozliklarning oqibatiga aylangan.
«Har yili avgust oyida issiqxonalarga gaz bo‘yicha kafolat beriladi. Shu asosda ular yangi mavsumni boshlaydi. Keyin esa qish kelganda gaz uziladi», — deydi u.
Iqtisodchining aytishicha, tizim har yili bir xil ssenariyni takrorlagan: avval tadbirkorlarga gaz bo‘yicha kafolat beriladi, keyin esa aynan eng sovuq mavsumda ta’minot uziladi. Natijada issiqxonalar hosilni saqlab qolish uchun ko‘mir va boshqa arzon yoqilg‘ilarga o‘tishga majbur bo‘lgan. Bu esa Toshkent havosining keskin ifloslanishiga olib kelgan asosiy omillardan biriga aylandi.
Bakirovga ko‘ra, bugun ko‘mir yoqayotgan issiqxonalarni tanqid qilish oson, biroq ularni aynan shu holatga olib kelgan tizim deyarli muhokama qilinmayapti.
«Bu yoqda jabrdiyda issiqxona, lekin aybdor ham issiqxona bo‘lib qoladi. Gaz beraman deb kafolat bergan idoralardan esa hech kim hisob so‘ramaydi», — deydi iqtisodchi.
Bir necha yil oldin issiqxona biznesi iqtisodiyotning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rilayotgandi. Eksport oshishi, yil davomida hosil yetishtirish va ichki bozordagi narxlarni barqarorlashtirish uchun issiqxonalar faol qo‘llab-quvvatlandi.
Bakirovning aytishicha, bugungi vaziyatning paradoksal tomoni ham shunda.
«2018–2019 yillarda butun O‘zbekiston bo‘ylab issiqxonalar tashkil qilindi. Kreditlar berildi. Gaz bilan ta’minlaymiz deb kafolat berildi. O‘zimiz qo‘zg‘atganmiz shu harakatlarni», — deydi u.
Ammo oradan bir necha yil o‘tib, energetika tizimi bu yuklamani ko‘tara olmay qoldi. Gaz taqchilligi ham kuchaydi. Natijada hukumatning o‘zi ilgari rag‘batlantirgan modelni qisqartirishga majbur bo‘lyapti. Bu jarayon ayniqsa 2023 yildan keyin tezlashdi. O‘sha davrda issiqxonalarni ommaviy ravishda ko‘mirga o‘tkazish boshlandi. Bu paytda asosiy maqsad hosilni saqlab qolish va tizimdagi bosimni kamaytirish edi. Lekin buning ekologik oqibatlari haqida deyarli o‘ylanmadi.
«O‘sha paytda hech kim “ko‘mirga o‘tsak, Toshkent havosi nima bo‘ladi?” deb o‘ylamagan. Hammasi bugungi kun bilan yashagan. Bugungi selektordan eson-omon tik chiqsa, keyingi selektorgacha yetsa, bo‘ldi-da. Ya’ni, uzoqni ko‘zlamagan, noto‘g‘ri qarorlarning oqibati bo‘ldi o‘zi hammasi shu», — deydi Bakirov.
Natijada Toshkent qish mavsumida havosi eng iflos shaharlardan biri sifatida tilga olinadigan bo‘ldi.
Endi muammo Surxondaryoga ko‘chadimi?
Hukumatning issiqxonalarni Surxondaryoga ko‘chirish qarori ortida asosan iqtisodiy va energetik sabablar bor. Chunki Termiz va Sherobod yil davomida quyosh eng ko‘p tushadigan hududlardan hisoblanadi. Bu esa o‘simliklar yaxshi o‘sishiga yordam beradi, sun’iy yoritishga ehtiyojni kamaytiradi va eng asosiysi — elektr xarajatlarini ancha qisqartiradi.
Qishning nisbatan yumshoq kelishi ham issiqxona biznesi uchun hal qiluvchi omillardan biri. Ilmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, issiqxonada optimal +18…+22°C haroratni ushlab turish xarajatlari hududning iqlimiga bevosita bog‘liq. Masalan, yanvar oyida Toshkentdagi o‘rtacha harorat +6°C atrofida bo‘lsa, Termizda bu ko‘rsatkich +10,8°C ni tashkil etadi.
Bir qarashda katta farqdek tuyulmaydigan bu tafovut isitish xarajatlarida millionlab so‘mlik tafovutni yuzaga keltiradi. Natijada Toshkent viloyatida 1 tonna mahsulot yetishtirish tannarxi 11,9 mln so‘mga yetsa, Surxondaryoda bu ko‘rsatkich 4,9 mln so‘mgacha tushadi. Bu degani, Toshkentdagi issiqxona bir xil mahsulotni yetishtirish uchun Surxondaryodagiga qaraganda deyarli 2,5 barobar ko‘proq xarajat qilmoqda.
Aslida hukumat aynan shu orqali muammoni yechishga urinmoqda: gaz yetkazib berishni ko‘paytirish orqali emas, energiyaga ehtiyoj kamroq bo‘lgan hududga ko‘chirish orqali.
Ammo tanganing boshqa tomoni ham bor. Toshkent atrofidagi issiqxonalar yopilgani bilan bozordagi talab yo‘qolmaydi. Masalan, pomidor va bodring baribir yetishtiriladi, faqat endi yuzlab kilometr uzoqlikdan tashib kelinadi. Bu esa logistika xarajatlarini oshiradi va ayniqsa qish mavsumida narxlarning yanada qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning aytishicha, bugungi issiqxona iqtisodiyotida mahsulotning o‘zidan ko‘ra energiya qimmatroq omilga aylangan.
«Noyabrdan martgacha bodring emas, energiya eng qimmat mahsulotga aylanib qolgan», — deydi u.
Bu fikr aslida butun tizimning qanchalik energetikaga bog‘lanib qolganini ko‘rsatadi. Ya’ni qishda bozordagi narxni hosil emas, gaz va isitish xarajatlari belgilay boshlaydi. Endi esa bu xarajatlarga logistika ham qo‘shilmoqda.
Bakirovning fikricha, hukumat amalda ekologiya va toza havo uchun oziq-ovqat qimmatroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan ssenariyni tanlamoqda.
«Ekologiya uchun, toza havo uchun pomidor va bodringning yanada qimmat bo‘lishini qabul qilyapmiz», — deydi iqtisodchi.
Toshkent havosi tozalanadimi?
Biroq bu yerda yana bir muhim savol paydo bo‘ladi: issiqxonalarni ko‘chirish haqiqatan ham Toshkent havosini sezilarli darajada yaxshilaydimi?
So‘nggi yillarda poytaxtdagi PM2.5 ko‘rsatkichlari keskin oshib ketdi. Qish mavsumida esa Toshkent dunyodagi havosi eng iflos shaharlardan biri sifatida bir necha bor xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarda qayd etildi. Bu fonida ko‘mir yoqadigan issiqxonalar asosiy aybdorlardan biri sifatida ko‘rsatila boshlandi.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning VAQT.UZga izohlashicha, muammo faqat issiqxonalarning o‘zi bilan cheklanmaydi. Ammo ko‘mir yoqadigan issiqxonalar havodagi PM2.5 zarrachalarining eng xavfli manbalaridan biri hisoblanadi.
Uning ta’kidlashicha, Toshkent atrofida shamol oqimlari nisbatan past bo‘lgani uchun iflos havo shahar ustida to‘planib qoladi. Surxondaryo, ayniqsa Termiz atrofida esa shamol tezligi yuqori bo‘lib, ifloslantiruvchi moddalarni tarqatib yuborish xususiyati kuchliroq.
«Termiz shahrida qish oylarida shamol tezligi uch metr/sekunddan baland esadi. Ikki yarim metr/sekunddan yuqori shamol tezligi ifloslantiruvchi moddalarni uzoq-uzoqlarga eltib ketish xususiyatini beradi. Toshkent atrofida esa bunday shamol oqimi yo‘q, shuning uchun iflos havo shahar ustida to‘planib qoladi», — deydi Abdulahatov.
Iqlimshunosning fikricha, Surxondaryoning asosiy ustunligi faqat shamol emas, balki iqlimning o‘zi ham. Masalan, qish oylarida Termizdagi ob-havo Toshkentning mart oyiga yaqin sharoitni eslatadi. Bu esa issiqxonalarni isitish uchun ko‘mir va boshqa yoqilg‘ilarga bo‘lgan ehtiyojni keskin kamaytiradi.
«Termizda o‘n kunlab qattiq sovuq kuzatilmaydi. U yerda noldan past harorat uzoq davom etmaydi. Shuning uchun energiya samaradorligi ancha yuqori va ko‘mir yoqib isitishga ehtiyoj Toshkentga nisbatan ancha kam bo‘ladi», — deya tushuntiradi u.
Shu bilan birga, u Toshkent havosining ifloslanishini faqat issiqxonalar bilan bog‘lash ham noto‘g‘ri ekanini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, avtomobillar, mazut, qurilish changi va sanoat korxonalari ham asosiy omillar qatoriga kiradi.
«Vaziyat bitta issiqxona bilan bog‘liq emas. Mashinalar, mazut, qurilish changi, sanoat korxonalari — bularning hammasi ta’sir qilyapti. Lekin inson salomatligi uchun eng xavfli omillardan biri aynan ko‘mir yonishidan chiqadigan PM2.5 zarrachalari hisoblanadi», — deydi u.
Mutaxassisning fikricha, issiqxonalarni ko‘chirish havo sifatini ma’lum darajada yaxshilashi mumkin. Biroq bu Toshkentdagi ekologik muammoni to‘liq hal qilib yubormaydi. Chunki ifloslanishning boshqa yirik manbalari saqlanib qolmoqda.
Abdulahatov yana bir muhim jihatga e’tibor qaratadi: Toshkent atrofidagi issiqxonalarni ko‘mirga o‘tkazish muammosi bir kunda paydo bo‘lgan emas. Uning fikricha, bu xato bir necha yil avval, issiqxonalarni poytaxt atrofida ommaviy rivojlantirish boshlangan paytdayoq ko‘rinib turgan edi.
«2022–2023 yillardayoq aytilgandi: Toshkent periferiyasida bunday issiqxona modelini rivojlantirish keyinchalik ekologik kollapsga olib kelishi mumkin. Chunki ertami-kechmi gaz yetishmaydi va baribir ko‘mirga o‘tiladi», — deydi u.
«O‘sha paytda hamma tezroq hosil olish, eksport qilish va bozorni to‘ldirish haqida o‘yladi. Lekin keyinchalik bu issiqxonalarni nima bilan isitamiz, qishda gaz bo‘lmasa nima bo‘ladi, degan savollarga jiddiy qaralmadi», — deya ta’kidlaydi Abdulahatov.
Uning fikricha, bugungi qaror aslida avval yo‘l qo‘yilgan xatoni tuzatishga urinish ham hisoblanadi. Chunki Toshkent atrofida yuzlab issiqxonalarning ko‘mirga o‘tishi nafaqat havo sifatiga, balki aholi salomatligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
«Ko‘mir yonishidan chiqadigan PM2.5 zarrachalari insonning o‘pkasiga, qoniga va hatto miyasigacha ta’sir qiladi. Bu oddiy ekologik muammo emas», — deydi iqlimshunos.
Shu ma’noda, Toshkent atrofidagi issiqxonalarni ko‘chirish ekologik muammoning to‘liq yechimi emas, balki energetika va shahar ekologiyasi o‘rtasidagi muvozanatni qayta tiklashga qilingan kechikkan urinish sifatida ko‘rilmoqda.
Yashil hududlar qaytadimi?
Qarordagi eng qiziq jihatlardan biri — issiqxonalar bo‘shatadigan hududlarda kapital qurilish taqiqlanayotganidir. Hukumat bu yerlarda bog‘dorchilik, uzumchilik va yashil hududlarni saqlab qolishni rejalashtirmoqda.
Chunki Zangiota, Qibray va Toshkent tumani atrofidagi issiqxona hududlari qurilish kompaniyalari uchun eng jozibador yerlardan biri hisoblanadi. Ayniqsa poytaxt kengayib borayotgan bir paytda bu hududlarning qiymati yanada oshmoqda.
Shu sabab jamiyatda tabiiy savol paydo bo‘lyapti: bugungi issiqxonalar o‘rnida ertaga yangi turar joy massivlari paydo bo‘lmaydimi?
Agar qarordagi cheklovlar saqlanib qolsa, Toshkent atrofi qisman bo‘lsa-da yana yashil hududlarga aylanishi mumkin. Aks holda esa ekologiyani yaxshilash uchun boshlangan jarayon yangi qurilishlar bosqichiga o‘tib ketishi ehtimoldan xoli emas.
Bir paytlar davlatning o‘zi rag‘batlantirgan issiqxonalar bugun energetika tizimi ko‘tara olmaydigan yukka aylanmoqda. Toshkent atrofidagi issiqxonalarni ko‘chirish qarori esa ekologik choradan ko‘ra ko‘proq mamlakatdagi energetika muammolari tobora chuqurlashib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Teglar






