«Centrum Air»ning samolyotini chaqmoq urdi

Kecha 14:591 daqiqa

«Centrum Air» aviakompaniyasining Toshkent — Urganch yo‘nalishidagi C6089 reysi samolyotiga chaqmoq urilgani sabab boshqa havo kemasiga almashtirildi.

«Centrum Air»ning samolyotini chaqmoq urdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026 yil 19-may kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan C6089 reysi uchun dastlab «Airbus A330» samolyoti ajratilgan edi. Biroq parvozdan oldin havo kemasiga chaqmoq urilgani aniqlanib, samolyot texnik ko‘rik va xizmat ko‘rsatish ishlariga yuborildi.

Shundan so‘ng aviakompaniya reysni bekor qilmaslik maqsadida kichikroq sig‘imga ega «Airbus A320» samolyotidan foydalanishga qaror qildi. Natijada 40 nafar yo‘lovchi mazkur reys bilan parvoz qila olmadi.

Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lovchilarga darhol ikki xil variant taklif etilgan. Ular chipta mablag‘ini to‘liq qaytarib olish yoki eng yaqin bo‘sh reysga, jumladan boshqa aviakompaniyalar reyslariga qayta band qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Ajratilgan kompensatsiya

Kutish vaqti uzoq davom etgan yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtirilgan va xarajatlar aviakompaniya tomonidan qoplangan. Shuningdek, noqulayliklar uchun qo‘shimcha kompensatsiyalar ham e’lon qilindi.

Xususan, yo‘lovchilarga «Centrum Air»ning ichki yo‘nalishlaridagi keyingi parvoz uchun 50 foizli chegirma promokodi, bitta bepul bagaj joyi hamda yuqori qulaylikka ega o‘rindiq taqdim etiladi.

Aviakompaniya yuzaga kelgan holat uchun yo‘lovchilardan uzr so‘rab, xavfsizlik talablari ustuvor ekanini ta’kidladi.

16-may kuni «Centrum Air»ning Toshkent—Guanchjou—Toshkent yo‘nalishida qatnovchi samolyotini chaqmoq urgandi. Havo kemasi zudlik bilan parvozlardan chetlashtirilgandi. Yo‘lovchilar esa mehmonxonaga joylashtirilgandi.

Teglar

Mavzuga oid