«So‘nggi qo‘ng‘iroq» qanchaga tushadi?
O‘zbekiston maktablarida yangraydigan, butun umrga bitiruvchining yodida qoluvchi «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari ularning oilasi uchun qo‘shimcha xarajatlarni ham keltirib chiqaradi. VAQT.UZ ushbu sarf-xarajatlarni Chorsu bozori misolida tahlil qilib, ota-onalar fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.
© Javhar ChorshanbiyevaHar yili may oyi yaqinlashishi bilan maktab bitiruvchilari va ularning ota-onalarida o‘ziga xos g‘am-tashvishlar mavsumi boshlanadi. Hali sentabr oyidayoq so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirida qanday ko‘rinishda bo‘lishni, bu kunni qanday esda qolarli o‘tkazishni xayol qilgan o‘smirlar may kelishi bilan amaliy harakatga tushishadi. Ohorli kiyimlar, maxsus aksessuarlar, esdalik fotoalbomlari, ya’ni «vinetka» xaridi kabi masalalar o‘ziga yarasha tayyorgarlik va e’tiborni talab etadi. Bolaning shirin orzu-havaslari o‘z yo‘liga, biroq iqtisodiy imkoniyati turlicha bo‘lgan oilalarda ota-onalar «bolam tengqurlaridan kam bo‘lmasin» deya, imkon qadar munosib sharoit yaratishga urinishadi. Xo‘sh, bugungi kunda o‘g‘il yoki qiz bolani maktab bilan xayrlashuv tadbiriga kiyintirish va zaruriy narsalar bilan ta’minlash qanchaga tushmoqda? Shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida VAQT.UZ muxbiri poytaxtdagi Chorsu bozori misolida narx-navolarni o‘rgandi.
Kiyim-kechak xarajatlari
Bozorlardagi holat kuzatilganda, kiyim-kechak narxlari mato sifati va tikilish uslubiga qarab keskin farqlanishiga guvoh bo‘lish mumkin. Xususan, bitiruvchi qizlar uchun an’anaviy oq kofta va yubka xaridi o‘rtacha 250 ming so‘mdan 650 ming so‘mgacha tushsa, mos tushuvchi oyoq kiyimlar uchun yana 150 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha mablag‘ talab etiladi. Yigitlar kiyimida ham xarajatlar salmog‘i shunga yaqin: oq ko‘ylak va klassik shim xaridi o‘rtacha 250 ming so‘mdan 600 ming so‘mgacha, poyabzallar esa 150 ming so‘mdan 400 ming so‘mgacha sotilmoqda.

Suhbat jarayonida bozordagi ota-onalardan biri farzandini ushbu tadbirga tayyorlash uchun oq ko‘ylakka 320 ming so‘m, shimga 290 ming so‘m, oyoq kiyimiga 260 ming so‘m sarflaganini ma’lum qildi.
Aksessuarlar va esdalik fotoalbomlari
Tadbirning ramziy atributlari va esdalik sovg‘alari ham alohida xarajat. «Bitiruvchi» yozuvi tushirilgan lentalar (10-20 ming so‘m atrofida), kichik to‘g‘nog‘ichli qo‘ng‘iroqchalar (5 ming so‘m) va boshqa shunga o‘xshash zaruriy aksessuarlar uchun o‘rtacha 65 ming so‘mdan 125 ming so‘mgacha pul sarflanadi.


Eng katta bahslarga va xarajatlarga sabab bo‘ladigan jihatlardan biri – bu esdalik fotoalbomlari, ya’ni «vinetka» masalasidir. Bozordagi sotuvchilar va ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, albomning sifati, material turi va dizayni, 2D yoki 3D bo‘lishiga qarab, uning narxi 300 ming so‘mdan 800 ming so‘mgacha baholanadi. Tadbirga tayyorgarlik ko‘rayotgan xaridorlardan biri farzandi uchun o‘rtacha sifatdagi vinetkani 400 ming so‘mga tayyorlatganini ma’lum qildi.

Yakuniy hisob-kitob
Yuqoridagi barcha narxlarni umumlashtirib hisoblaganda, bitta maktab bitiruvchisini tadbirga to‘liq tayyorlash uchun ketadigan jami xarajatlar miqdori oydinlashadi. Agar eng arzon tovarlar tanlansa, bitiruvchi qizlar va yigitlar uchun kiyim-kechak, aksessuarlar hamda esdalik albomini o‘z ichiga olgan umumiy minimal xarajat taxminan 765 ming so‘mni tashkil etadi.

Biroq, yuqori sifatli va qimmatroq mahsulotlar xarid qilingan taqdirda, bu ko‘rsatkich yigitlar uchun 1 million 925 ming so‘mgacha, qizlar uchun esa 2 million 75 ming so‘mgacha yetishi mumkin. Bordiyu, siz farzandingizga xorijiy brend magazinlaridan xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, bu narx yana kamida bir necha barobarga oshishi mumkin.

Olingan iqtisodiy raqamlar shuni ko‘rsatadiki, «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbiri oilaviy budjet uchun jiddiy moliyaviy sinov hisoblanadi. Kam ta’minlangan yoki ko‘p bolali oilalar uchun bir kunlik xarajatlar og‘ir yuk bo‘lib, ota-onalar farzandining ruhiy holati va g‘ururini o‘ylab, ko‘pincha o‘z imkoniyatlaridan ortiq mablag‘ sarflashi, hatto qarz olish darajasigacha olib kelishi mumkin. Bu holat jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy tabaqalanish va bosim masalalarini yana bir bor kun tartibiga chiqaradi. Aynan shu muammoning oldini olish maqsadida ba’zi ota-onalar o‘zaro kelishuv yo‘lini tanlashmoqda. Ulardan biri sinfdagi boshqa ota-onalar bilan kengashib, so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirida kiyish uchun farzandlariga yangi ust-bosh olib bermaslikka qaror qilishganini aytib berdi.
«Sinfda atigi 5-6 ta ota-onaning farzandiga yangi kiyim olib berishga qurbi yetarkan. Boshqa bolalar o‘ksinmasin, deb butun sinfdagi ota-onalar kelishib, farzandimizga yangi kiyim olib bermaslikka qaror qildik» , — deya ta’kidladi u.
Teglar






