Qozog‘istonda ilk bor uchar taksi parvozi amalga oshirildi

Kecha 12:552 daqiqa

Markaziy Osiyoda birinchi marta «eVTOL» texnologiyasiga asoslangan uchar taksi sinovdan o‘tkazildi. Loyiha transport tirbandligini kamaytirish va shaharlar o‘rtasidagi qatnovni tezlashtirishga qaratilgan.

Qozog‘istonda ilk bor uchar taksi parvozi amalga oshirildi © alatau.city

Qozog‘istonning Olmaota viloyatida elektr quvvatida ishlaydigan «eVTOL» uchar taksisi ilk sinov parvozini amalga oshirdi. Sinov «Alatau City» hududida tashkil etildi va bu butun Markaziy Osiyodagi birinchi shunday tajriba sifatida qayd etilmoqda.

Loyihaga sarflangan mablag‘

Viloyat hokimi Marat Sultonog‘oziyev ma’lum qilishicha, loyihani amalga oshirish uchun 250 million dollar sarmoya jalb qilingan. Uning ta’kidlashicha, mamlakat global texnologik o‘zgarishlarni kuzatuvchi emas, balki ularning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.

Uchar taksi hususiyatlari

Yangi aerotaksi soatiga 200 kilometr tezlikka chiqa oladi va bir marta quvvatlanish orqali 200 kilometrgacha masofani bosib o‘tadi. Qurilma bir nafar uchuvchi va besh nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, 13 ta elektr dvigateli bilan jihozlangan.

«Boshqa transport turlariga nisbatan qurilma ancha past ovozda ishlaydi va karbonat angidrid gazini chiqarmaydi. Xavfsizlik talablariga muvofiq, birinchi sinov parvozi yo‘lovchilarsiz amalga oshirildi», deyiladi hokimlik xabarida.

«eVTOL» apparatlari uchun maxsus vertiport — vertikal uchish va qo‘nish maydonchalari qurilmoqda. Bunday infratuzilma binolar tomi, transport markazlari va biznes hududlarida joylashtirilishi mumkin. «Alatau City» hududida birinchi vertiport qurilishi allaqachon boshlangan.

Dunyo bo‘ylab yo‘lovchi tashuvchi aerotaksilar hozircha sinov bosqichida qolmoqda. Qozog‘istonda mazkur xizmatni 2029 yilga qadar to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Avvalroq «Joby Aviation» kompaniyasi Dubayda o‘zining «eVTOL» turidagi havo taksi sinov parvozlarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan edi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda ham uchar taksilarni joriy etish rejalari mavjud. «Air Tashkent» va «Samson Sky» o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 2028–2030 yillarda mamlakatga Switchblade rusumidagi uchar taksilar olib kelinishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid