Raqobat va reklama qoidalarini buzganlar haqida xabar bergan fuqarolar rag‘batlantiriladi

Kecha 11:552 daqiqa

O‘zbekistonda raqobatga qarshi kelishuvlar va reklama qonunchiligi buzilgani haqida xabar bergan shaxslarga pul mukofoti berish rejalashtirilmoqda.

Raqobat va reklama qoidalarini buzganlar haqida xabar bergan fuqarolar rag‘batlantiriladi © yesware.com

O‘zbekistonda raqobatga qarshi kelishuvlar yoki reklama qonunchiligi buzilgani haqida vakolatli organlarga ma’lumot bergan fuqarolarni moddiy rag‘batlantirish taklif etilmoqda. Bu bo‘yicha ishlab chiqilgan nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim qilindi.

Loyihaga ko‘ra, rag‘batlantirish Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Mukofot miqdori qonunbuzarlik uchun undirilgan jarimaning jamg‘armada qolgan qismiga qarab belgilanadi.

Xususan, raqobatga qarshi kelishuvlar, til biriktirish yoki kartel holatlari haqida ma’lumot berganlarga undirilgan mablag‘ning 3 foizi miqdorida mukofot to‘lanishi mumkin. Biroq bu summa bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan, ya’ni 41,2 million so‘mdan oshmasligi kerak.

Reklama to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgani haqida xabar berganlarga esa undirilgan mablag‘ning 10 foizi miqdorida, ammo BHMning 10 baravari — 4 million 120 ming so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda pul mukofoti berish taklif qilinmoqda.

Tashabbusdan maqsad

Loyihada ta’kidlanishicha, raqobatga qarshi yashirin kelishuvlarni aniqlash amalda juda murakkab jarayon hisoblanadi. Ayniqsa, kartel yoki til biriktirish holatlari og‘zaki kelishuv asosida amalga oshirilganda, ularni isbotlash va rasmiylashtirish uzoq vaqt talab qiladi.

Qonunchilik talablari buzilishining oldini olish va bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shuningdek, faol fuqarolarni rag‘batlantirish orqali nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda mavjud resurslardan samarali foydalanish amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu esa bozorda adolatli raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid