Dunyo quyosh energiyasiga o‘tyapti. O‘zbekiston ulguradimi?

Bugun 19:013 daqiqa

Notinch global sharoitda O‘zbekiston uchun energiya xavfsizligi dolzarb masalaga aylanmoqda. Bunday paytda «serquyosh» o‘lkaga quyosh katta yordam berishi mumkin.

Dunyo quyosh energiyasiga o‘tyapti. O‘zbekiston ulguradimi?

O‘zbekiston so‘nggi yillardagi gaz tanqisligi sabab, sof gaz eksportyoridan sof gaz importchisiga aylanib qoldi. 2026 yil boshida mamlakat ilk bor umuman gaz eksport qilmasdan, uni katta miqdorda import qildi.

Hukumat tomonidan «energiya islohoti» sifatida uzoq yillar subsidiyalashtirilgan elektr va gaz narxlari ham oxirgi yillarda oshirildi. Mish-mishlarga qaraganda, narxlar joriy yil may oyida ham yana 10 foizga oshiriladi.

Energiyaga bo‘lgan ehtiyojni qisman ko‘mir bilan ham qondirishga harakat qilinmoqda. Dunyo tajribasida esa asosiy e’tibor qayta tiklanuvchi «yashil energiya» manbalariga qaratilmoqda.

The Economist yozishicha, Fors ko‘rfazidagi yangi urush energetika bozorida ko‘pchilik kutganidek ko‘mirga emas, quyosh energiyasiga bo‘lgan talabni oshirishi mumkin.

20-aprel kuni yirik neft iste’mol qiluvchi davlatlar birlashmasi — Xalqaro energetika agentligi (IEA) o‘zining yillik «Global energetika sharhi»ni e’lon qildi.

IEA hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yili quyosh panellari dunyoning yangi energiya talabining (energiya ishlab chiqarish va transportni hisobga olgan holda) 25 foizdan ortig‘ini qopladi va bu borada 17 foiz ko‘rsatkichga ega bo‘lgan tabiiy gazni ortda qoldirdi.

1

Ember tadqiqot firmasi tomonidan bir kundan keyin e’lon qilingan ikkinchi hisobot esa elektr energiyasi bozoriga e’tibor qaratadi. Unda ham ayrim rekord natijalar qayd etilgan:

— 2025 yilda tarixda ilk bor qayta tiklanuvchi manbalardan olingan yangi energiya hajmi global elektr energiyasiga bo‘lgan talabning o‘sishidan yuqori bo‘ldi.
— Bir asrdan ko‘proq vaqt ichida birinchi marta qayta tiklanuvchi manbalar butun dunyo bo‘ylab ko‘mirga (33 foiz) qaraganda ko‘proq elektr energiyasi (34 foiz) ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘ldi.

Ushbu o‘sishning asosiy qismi yillik quyosh energiyasi ishlab chiqarishning 2,143 dan 2,778 teravatt-soatga (TWh) ya’ni 30 foizga o‘sishiga to‘g‘ri keldi. Boshqa tomonda, bu asrda atigi to‘rtinchi marta qazib olinadigan yoqilg‘ilardan olingan quvvat avvalgi yilga nisbatan kamroq bo‘ldi.

Quyosh energiyasi narxlari keskin tushmoqda

Kapital va operatsion xarajatlarni o‘z ichiga olgan quyosh energiyasining «keltirilgan qiymati» 2010 yildan beri qariyb 90 foizga pasaydi. Hozirda Hindistonda akkumulatorli saqlash tizimini qo‘shganda ham, quyosh energiyasi narxi ko‘mirdan arzonroq. Quruqlikdagi shamol energiyasi esa undan ham arzon bo‘lib turibdi.

Agar past narx va kam uglerodli chiqindi ayrimlar uchun yetarli argument bo‘lmagan bo‘lsa, hozirgi kabi energetik inqirozlar yana bir afzallikni — energiya xavfsizligini ko‘rsatib beradi.

Bo‘linib borayotgan dunyoda, toza energiya xavfsizlik manbaidir. Quyosh panellari va shamol turbinalari o‘rnatilgandan so‘ng, ular geosiyosiy g‘alayonlardan qat’i nazar ishlashda davom etadi (ob-havoga bog‘liqlikni istisno qilganda).

Global trend O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?

Quyosh panellari haqida gapirganda O‘zbekistonda, afsuski, majburiy o‘rnatish holatlari ham uchrab turadi. Davlat tomonidan kam foizli kreditlar va bir qancha imtiyozlar berilmoqda.

2

Biznes egalari umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanganda mol-mulk va yer solig‘idan belgilangan muddatga ozod qilinadi.

Bu qurilmalar orqali umumiy tarmoqqa elektr energiyasini realizatsiya qilishdan olingan daromad uchun foyda solig‘i 0 foiz stavkada qo‘llaniladi.

Quyosh panellaridan foydalanilganda aholi uchun mol-mulk solig‘i summasi 2 BHMdan (412 ming so‘m), yer solig‘i summasi esa 1 BHMdan oshmaydigan miqdorda kamaytiriladi.

Biroq, bu imtiyozlar bilan birgalikda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni ommalashtirish hukumat oldidagi asosiy vazifalardan biri bo‘lishi kerak.

Zero, yuqorida aytilganidek, bu o‘zgarishlar O‘zbekistondek serquyosh va rivojlanayotgan bozor uchun energiya mustaqilligini ta’minlab berishi mumkin.

Bu — nafaqat ekologiya, balki iqtisodiy mustaqillik masalasi.

Teglar

Mavzuga oid