Energiya tariflari oshishi: va’dalar, variantlar va takliflar
Ijtimoiy tarmoqlar va iqtisodiy doiralarda 2026-yil 15-maydan e’tiboran elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirilishi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Garchi rasmiy idoralar hozircha sukut saqlayotgan bo‘lsa-da, «shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi».

O‘zbekistonda energiya tariflarining navbatdagi transformatsiyasi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Ishonchli manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan hamkorlikda tariflarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha maxsus idoralararo hujjat loyihasini yakunlagan. E’tiborlisi shundaki, mazkur hujjat loyihasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan ham konseptual jihatdan ma’qullangani aytilmoqda. Bu esa narxlarning oshishi shunchaki vaqt masalasi ekanidan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilgan tabaqalashtirilgan tariflar amal qilmoqda. Elektr energiyasi uchun 200 kWhgacha bo‘lgan ijtimoiy me’yor doirasida 1 kWh uchun 600 so‘m, keyingi bosqichlarda esa mos ravishda 800 va 1000 so‘m va h.k. narxlar belgilangan. Tabiiy gaz ta’minotida esa 100 metr kubgacha (qish mavsumida 500 metr kubgacha) bo‘lgan hajm uchun 1000 so‘m, undan yuqori iste’mol uchun 1800 so‘m to‘lanmoqda.
Ammo kutilayotgan 10 foizlik oshish mazkur muvozanatni o‘zgartirib yuboradi.
Agar prognozlar tasdiqlansa, eng past ijtimoiy me’yor ichidagi elektr energiyasi 660 so‘mga, tabiiy gaz esa 1100 so‘mga ko‘tariladi. Bir qarashda 60 yoki 100 so‘mlik farq arzimasdek tuyulishi mumkin, biroq bu raqamlar zanjirli reaksiyaning «detonatori» hisoblanadi. Energiya resurslari tannarxining oshishi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi xarajatlarni o‘stiradi.
Natijada, nondan tortib transport xarajatlarigacha bo‘lgan barcha sohalarda narx-navoning inflyatsion bosimi sezila boshlaydi. Bu esa ijtimoiy me’yor doirasida yashayotgan aholi qatlamining xarid qobiliyatiga zarba bo‘ladi va kundalik iste’mol savatining qimmatlashuviga olib keladi.
Unutilgan «uch yillik» barqarorlik
Energetika sohasidagi islohotlar va tariflarni erkinlashtirish siyosati ilk bor kun tartibiga chiqqanda, hukumat va tegishli mutasaddilar tomonidan jamiyatga juda muhim bir va’da berilgan edi: narxlar bir marta bozor tamoyillariga moslashtirilgach, kamida uch yil davomida o‘zgarishsiz qoladi.
Bu va’da nafaqat aholining ijtimoiy xotirjamligini ta’minlashi, balki tadbirkorlik subyektlari uchun uzoq muddatli biznes-rejalarni tuzishda poydevor bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Biroq, amaldagi voqealar rivoji shuni ko‘rsatmoqdaki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi uchun «har yili tariflarni oshirish» allaqachon kanda qilib bo‘lmaydigan an’anaga aylanib qoldi.
Bugungi kunda tariflarni oshirish bo‘yicha olib borilayotgan harakatlar avvalgi va’dalarning «unutilganidan» dalolat beradi. Taassufki, berilgan kafolatlar budjet defitsitini yopish, iqtisodiy ko‘rsatkichlardagi kamchiliklarni to‘ldirish va energetika tizimidagi samarasiz boshqaruv xarajatlarini qoplash maqsadida qurbon qilinmoqda. Tizim ichidagi yo‘qotishlarni kamaytirish yoki korrupsion omillarni bartaraf etish o‘rniga, eng oson yo‘l — iste’molchi hamyoniga qo‘l solish tanlanmoqda.
Darvoqe, yangi qarorda ham 2026 yildan tariflar uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qilishi belgilanmoqda.
To‘rt yo‘l chorrahasida: Qaysi variant jamiyat manfaatlariga mos?
Ayni paytda mutasaddilar va ekspertlar doirasida muhokama qilinayotgan dastlabki ikki variant turlicha ta’sir qudratiga ega.
Birinchi variant — barcha tariflarni bir tekisda, kamida 10 foiz miqdorda oshirish bo‘lib, uni shartli ravishda jamiyat uchun «shok terapiyasi» deb atash mumkin. Bunday yondashuv kichik va o‘rta biznesdan tortib, oddiy uy xo‘jaliklarigacha bo‘lgan barcha qatlamga iqtisodiy bosim beradi. Narxlarning ko‘tarilishi norozilikni va negativ rezonansga sabab bo‘lishi kundek ravshan, chunki unda inson omili va aholining to‘lov qobiliyati inobatga olinmaydi.
Ikkinchi variant esa «ijtimoiy adolat tamoyili»ga asoslangan bo‘lib, unda amaldagi ijtimoiy me’yorlarga (200 kWh va 100 kub metr) teginmasdan, yangilangan tariflarni faqat ushbu limitdan oshgan qismlarga tatbiq etish nazarda tutiladi. Bu variant nafaqat mantiqiy, balki strategik jihatdan ham to‘g‘riroqdir.
Ma’lumki, aholining katta qismi hozircha belgilangan me’yor doirasida qolishga harakat qilmoqda. Bunday qaror energiya resurslarini tejaydigan va kam ta’minlangan iste’molchilarga nisbatan davlatning o‘ziga xos «mukofoti» va daldasi bo‘lar edi.
Bunda asosiy iqtisodiy yuk energiyani haddan tashqari ko‘p isrof qiladigan va bunga moddiy imkoniyati yetadigan qatlam zimmasiga tushadi. Shu yo‘l bilan davlat ham ijtimoiy himoyani ta’minlaydi, ham energiya tejamkorligini rag‘batlantiradi.
Uchinchi variant sifatida biz «inflatsiya bilan mutanosiblik» modelini taklif etamiz. Agar iqtisodiy kon’yunktura va sohadagi taqchillik tufayli tariflarni oshirish muqarrar va qaytarib bo‘lmas jarayon bo‘lsa, u holda keskin sakrashlardan voz kechish lozim. Buning o‘rniga narx o‘sishini mamlakatdagi rasmiy inflatsiya darajasi — taxminan 7 foiz atrofida jilovlash maqsadga muvofiqdir.
Bunday yondashuv iqtisodiy jihatdan asoslangan bo‘lib, iste’molchilarning cho‘ntagiga keskin zarba bermaydi. Narxlarning inflatsiya darajasida indeksatsiya qilinishi jamiyat tomonidan iqtisodiy jarayonlarning tabiiy oqimi sifatida nisbatan xotirjam qabul qilinadi.
To‘rtinchi va eng xalqchil yo‘l esa — tariflarga moratoriy e’lon qilish, ya’ni narxlarni umuman oshirmaslikdir. Bugungi kunda energiya narxlari amaldagi holatida ham aholining katta qismi, ayniqsa, budjet tashkilotlari xodimlari va nafaqaxo‘rlar uchun sezilarli «og‘irlik» qilmoqda.
Oldimizda anomal issiq kelishi kutilayotgan jazirama yoz fasli turibdi. Bu davrda sovitish tizimlari, konditsionerlar va sug‘orish nasoslarining ishlashi tufayli elektr energiyasiga bo‘lgan talab bir necha barobar ortadi.
Energiya resurslari faqat tovar emas, balki strategik ijtimoiy ne’matdir. Shu sababli, hukumat qaror qabul qilishda faqat raqamlar va moliyaviy hisobotlarga emas, balki har bir xonadonning chirog‘i va oilaviy budjetiga kirib boradigan ijtimoiy mas’uliyatga tayanishi ham kerak. Eng to‘g‘ri tanlov — xalqning bugungi iqtisodiy holatini inobatga olgan holda, tariflarni barqaror saqlab qolishdir.
Nega hozir tariflarni oshirish mavridi emas?
Energetika sohasidagi islohotlarning muvaffaqiyati faqatgina tariflarni bozor narxlariga yaqinlashtirish yoki narxlarni oshirish bilan o‘lchanmasligi kerak. Bugungi kunda iste’molchilar haqli ravishda bir savolni o‘rtaga tashlamoqda: «To‘lovlar miqdori oshyapti, ammo ko‘rsatilayotgan xizmat sifati qachon yaxshilanadi?».
Afsuski, tariflarning muntazam o‘sishi fonida tarmoqlardagi texnik holat hamon achinarliligicha qolmoqda. Eskirgan transformatorlar, kuchlanishning pastligi va kutilmagan avariyaviy uzilishlar tizimli muammo bo‘lib qolmoqda. Islohotlar avvalo tizimdagi texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish va boshqaruvdagi korrupsion omillarni jilovlashdan boshlanishi lozim edi. Narxlarni oshirish orqali samarasiz tizimni moliyalashtirish — muammoni yechish emas, balki uni vaqtincha xaspo‘shlashdir.
Bundan tashqari, energiya resurslari narxining ko‘tarilishi iqtisodiyotda «zanjirli ta’sir» (multiplier effect) berishi isbotlangan haqiqatdir. Elektr va gaz narxining har bir foizga o‘sishi avtomatik tarzda oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari va kundalik xizmatlar tannarxini yuqoriga itaradi. Bu esa mamlakatda inflatsiyani jilovlash va aholining real daromadlarini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatiga mutlaqo ziddir. Ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish ustuvor vazifa etib belgilangan bir paytda, energiya narxlarining oshirilishi aholining ehtiyojmand qatlami uchun og‘ir iqtisodiy yuk bo‘ladi.
Iqtisodiyot xalq manfaatlariga xizmat qilishi kerak
Energiya tariflarini oshirish — budjet defitsitini yopish va sohadagi moliyaviy bo‘shliqlarni to‘ldirishning eng oson yo‘li. Ammo xalqning ijtimoiy himoyasi, aholining islohotlarga bo‘lgan ishonchi va berilgan va’dalarga sodiqlik har qanday iqtisodiy ko‘rsatkichdan ustuvor bo‘lishi shart. Islohotlarning muvaffaqiyati raqamlarda emas, balki odamlarning turmush darajasi va roziligida aks etishi lozim.
Agar tariflarni o‘zgartirish bo‘yicha hujjat haqiqatdan ham imzolanish arafasida bo‘lsa, biz hukumatni ijtimoiy adolat tamoyillaridan kelib chiqib, ikkinchi yoki uchinchi variantlarga ustuvorlik berishga undaymiz. Ya’ni, ijtimoiy me’yorni o‘zgarishsiz qoldirish yoki oshirish darajasini rasmiy inflatsiya chegarasidan o‘tkazmaslik eng maqbul murosa yo‘lidir.
Biroq, eng ideal va xalqchil yechim — oldinda turgan jazirama yoz mavsumi va aholining hozirgi to‘lov qobiliyatini inobatga olgan holda, narxlarni oshirmaslik haqida siyosiy iroda ko‘rsatishdir.
Zero, iqtisodiyot xalq uchun, uning farovonligi uchun xizmat qilishi kerak. Xalq esa energetika tizimidagi samarasiz boshqaruv, texnologik qoloqlik yoki iqtisodiy rejalashtirishdagi kamchiliklarni o‘z hamyoni hisobidan yopib beruvchi manba bo‘lib qolmasligi lozim.





