
Hongkongda yuk samolyoti dengizga qulab tushdi
Hongkong xalqaro aeroportida Birlashgan Arab Amirliklariga tegishli yuk samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, dengizga quladi.

20 oktyabr kuni Hongkong xalqaro aeroportida Emirates aviakompaniyasining Boeing 747 turidagi yuk samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, dengizga quladi.
Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 3:50 da sodir bo‘ldi. Dubaydan kelayotgan EK9788 reysidagi samolyot o‘z vaqtida to‘xtay olmagan. Politsiyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, layner yo‘lakdan chiqib ketib, yaqin atrofdagi xizmat avtomobili bilan to‘qnashgan. Shuning ortidan samolyot dengizga qulab tushgan.
Quruqlikdagi avtomobilda bo‘lgan 30 va 41 yoshli ikki erkak dastlab bedarak deb hisoblanib qutqaruv xizmati qidirish ishlarini boshlagan. Tong soat 5:55 da 30 yoshli erkakning jasadi dengizdan topilgan va o‘sha yerning o‘zida vafoti tasdiqlangan. 41 yoshdagi erkak esa kasalxonaga yetkazilgan, ammo shifokorlar uning hayotini saqlab qololmagan.
Yuk samolyoti ekipajining to‘rt a’zosi sog‘-omon qolgan. Fojia natijasida Hongkong xalqaro aeroportidagi shimoliy uchish-qo‘nish yo‘lagi vaqtincha yopilgan, 12 ta yuk reysi bekor qilingan.
Hongkong hukumati hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha tekshiruv boshlagan. Transport va logistika byurosi vakilining ta’kidlashicha, parvozlar xavfsizligi «birinchi darajali ahamiyatga ega», shuning uchun Aviatsiya halokatlarini tekshirish boshqarmasi bu voqeani har tomonlama o‘rganmoqda.
Avvalroq Sankt-Peterburg shahrining Pulkovo xalqaro aeroportida Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining samolyoti favqulodda qo‘nishni amalga oshirib, uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgani haqida xabar bergan edik.





