Logo

«Jazosiz genotsid»: Isroil Livan janubidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga amal qilmayapti

Iyun oyida AQSH vositachiligida sulh uzaytirilganiga qaramay, Isroil hujumlari oqibatida bir kunning o‘zida kamida 11 kishi halok bo‘ldi.

«Jazosiz genotsid»: Isroil Livan janubidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga amal qilmayapti

Livan rahbariyati mamlakat janubi Isroil tomonidan bombardimon qilinayotganini keskin qoraladi. Iyun oyida AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish tartibi yangilanganidan buyon eng og‘ir deb baholanayotgan bu hujumlar oqibatida kamida 11 kishi qurbon bo‘ldi.

Livan va Isroil AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati vositachiligida ikkita sulh bitimiga — 4 va 26-iyun kelishuvlariga rozilik bildirgan edi. 4-iyundagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi «Hizbulloh» tomonidan harbiy harakatlarni «to‘liq to‘xtatish» va uning jangchilarini hududdan olib chiqib ketish shartiga bog‘langan edi. 26-iyundagi doiraviy bitimda esa Isroil kuchlarini olib chiqib ketish bo‘yicha aniq talab qo‘yilmagan, balki bu «Hizbulloh»ning qurolsizlantirilishiga e’tibor qaraтилgaнди.

Mazkur kelishuvlar aprel oyida e’lon qilingan yana bir sulh barbod bo‘lganidan so‘ng imzolangan edi. «Hizbulloh» qarshi chiqqan har ikkala o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi ham Isroil armiyasining Livan hududidagi nazoratini kengaytirishiga va qonli hujumlar uyushtirishiga to‘sqinlik qila olmadi.

Vaziyatning bunday keskinlashuvi Livan hukumati kelasi oyda Isroil bilan muzokaralarning navbatdagi bosqichini o‘tkazishni rejalashtirayotgan bir paytda yuz bermoqda.

Xo‘sh, Isroilning so‘nggi eskalatsiyasi ortida nima turibdi va muzokaralar hozir qaysi bosqichda?

Нималар yuz berdi?

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, shanba kuni Isroil tomonidan mamlakat janubidagi Nabatiya tumaniga berilgan havo zarbalari oqibatida kamida 11 kishi, jumladan, bir necha bola halok bo‘lgan.

Livan Milliy axborot agentligi (NNA) xabariga ko‘ra, Isroil harbiy samolyotlari Ansor qishlog‘i chekkasidagi uyni nishonga olgan. Binoning vayron bo‘lishi oqibatida yetti kishi halok bo‘lib, uch kishi yaralangan. Yana to‘rt kishi esa Dayr al-Zahraniy qishlog‘iga berilgan zarba qurboniga aylangan.

«Al-Jazira» muxbirining aytishicha, Isroil hujumi yarim tundan keyin amalga oshirilgan va bir oilaning yostig‘ini quritgan. Bu voqea hudud aholisi orasidagi qo‘rquvni yanada kuchaytirgan.

«Odamlar bu yerni xavfsiz hudud deb hisoblar edi, ammo endi bu joyga ham havodan zarba berildi. Ayni paytda vaziyat keskinlashgani va Livan janubiga Isroil hujumlari sezilarli darajada ortayotgani kuzatilmoqda. Ko‘plab vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lyapmiz. Ular janubdagi shahar va qishloqlarni yer bilan yakson qilmoqda», — dedi u.

Уning qo‘shimcha qilishicha: «Ayniqsa, Isroil bilan chegaradosh ayrim qishloqlar, jumladan, qabristonlar va tarixiy obidalar butunlay yo‘q qilingan».

Isroil armiyasi Nabatiya tumanidagi YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan Bofor qal’asi yaqinida joylashgan Ali at-Tohir tepaligiga havodan zarba bergan.

Iyun oyidagi sulhdan so‘ng kuzatilgan nisbiy sukunat o‘rnini so‘nggi kunlar va haftalarda Isroil armiyasining mazkur hududdagi faol harakatlari egalladi. Isroil bu hudud strategik ahamiyatga ega ekanini hamda zarbalar «Hizbulloh» infratuzilmasiga qaratilganini ta’kidlamoqda.

NNA ma’lumotlariga ko‘ra, Livan janubidagi Bint Jbayl va Taybeh shaharlarida ham portlashlar sodir bo‘lgan.

Shuningdek, Isroil dronlari al-Mansuriy shaharchasi atrofini ham nishonga olgan. Sarbin, Barashit, al-Mansuriy va Vodiy Zibqin shaharchalari artilleriyadan o‘qqa tutilgani aytilmoqda.

Isroil nima demoqda?

Isroil harbiylarining ta’kidlashicha, bu hujumlar «Hizbulloh»ning Ali at-Tohir tepaliklarida Isroil askarlariga qarshi uyushtirgan harakatiga javoban amalga oshirilgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida Isroil harbiylari Hizbulloh qarorgohiga zarba бyerилganini ma’lum qildi. Bayonotda, shuningdek, Isroil harbiylari «Hizbullohning ataylab tinch aholini ushbu harbiy majmuaga joylashtirganini faqat keyinroq bilgani» qo‘shimcha qilingan.

Isroil Livan va G‘azodagi qirg‘inbarot urushlari davomida tinch aholini bir necha bor nishonga olgan. Biroq u ko‘pincha qurolli guruhlar fuqarolik hududlaridan turib harakat qilayotganini bahona qiladi. Aksariyat hollarda bu da’volar yolg‘on ekani o‘z tasdig‘ini topgan.

Shuningdek, Isroil armiyasi Livan janubiga berilgan zarbalar oqibatida «Hizbulloh»ning «Badr» bo‘linmasi yuqori martabali qo‘mondoni Abu Hassan Alo va yana bir qo‘mondon Ali Samir al-Haj Hassan o‘ldirilganini e’lon qildi. «Hizbulloh» hozircha Isroilning bu da’volariga izoh bergani yo‘q.

AQSHning Nyu-York shtatidagi Bard kollejining Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha dotsenti Ziyad Abu Rish «Al-Jazira» telekanaliga bergan intervyusida vaziyatni shunday izohladi: aksariyat kuzatuvchilarning fikricha, Netanyahu bu zarbalar orqali Livan janubini bosib olishda o‘zining «qat’iy irodasini namoyish etish»ni hamda «Hizbulloh» va Livan tinch aholisini «yanchib tashlash»ni maqsad qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shanba kungi hujumlar — «AQSH tomonidan Isroilga Hizbulloh va Livanning tinch aholisiga hech qanday jazosiz hujum qilishga ruxsat berilgani» hamda «o‘t ochishni to‘xtatish deb atalmish kelishuvdan buyon davom etayotgan tendensiyaning» mantiqiy davomidir.

Shuningdek, u 2-martdan buyon Isroil kuchlari Livanda 4300 dan ortiq kishini o‘ldirgani va 12 mingdan ziyod odamni yaralaganini ta’kidladi. Qariyb 90 mingta uy shikastlangan yoki vayron qilingan, 600 mingga yaqin inson esa o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

2-mart — Isroilning Livanga qarshi urushida navbatdagi eskalatsiya boshlangan kun hisoblanadi. Bu holat Eron Oliy rahnamosi Ali Xomanaiyning o‘limiga sabab bo‘lgan AQSH va Isroil havo zarbalariga qasos sifatida «Hizbulloh» Isroil tomon raketalar uchirganidan so‘ng yuz bergandi.

Professorning qo‘shimcha qilishicha, Isroilning Livandagi xatti-harakatlarini G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar doirasida ham baholash lozim. Oktyabrdagi «sulh»dan beri Isroil G‘azoda 1200 dan ortiq kishini o‘ldirdi.

«Biz Isroil G‘azodagi genotsidni hech qanday oqibatlarsiz davom ettira olganiga guvoh bo‘ldik. Shuning uchun ham, ko‘plab jurnalistlar va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan hujjatlashtirilganidek, Isroil Livan janubini aholidan xoli va yashash uchun yaroqsiz hududga aylantirish kampaniyasini amalda bajara olayotgani odamlarni ajablantirmasligi kerak», — dedi u.

Livan nima demoqda?

Livan prezidenti Jozef Aun Isroilning mamlakat janubiga, xususan, Nabatiya va uning atrofidagi hududlarga uyushtirayotgan uzluksiz hujumlarini keskin tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tomoni AQSH vositachiligida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini muntazam ravishda buzib kelmoqda.

Prezident bu hujumlarni «muzokaralar jarayoni» hamda AQSHning kelishuvni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlariga yo‘llangan «ochiq signal» deb baholadi. Shuningdek, u Isroilni tinch aholini himoya qilishga qaratilgan xalqaro qonunlarni muttasil buzayotganlikda aybladi.

Bosh vazir Navaf Salom ham Livan janubidagi davomli hujumlarni qoralab, vaziyatni «o‘ta jiddiy» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Isroil mazkur hududdagi eskalatsiyani zudlik bilan to‘xtatishi shart.

Parlament spikeri Nabih Berri esa Isroilning xatti-harakatlarini «qirg‘in» deb atab, buni Livan janubida olib borilayotgan «yo‘q qilish urushi»ning davomi sifatida baholadi.

Shanba kuni «Hizbulloh» tomonidan e’lon qilingan bayonotda ta’kidlanishicha, bu eskalatsiya Netanyahuning «ichki siyosiy mavqeini mustahkamlash, saylovoldi maqsadlariga erishish va o‘ta o‘ngchi kuchlarni tinchlantirish yo‘lida urushni kuchaytirish» niyatini aks ettiradi. Ma’lumot o‘rnida, Isroilda umumiy saylovlar 27-oktabrga belgilangan.

Shuningdek, «Hizbulloh» Livan hukumatini ham tanqid ostiga olib, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish o‘rniga, Isroil hujumlarini to‘xtatishning muqobil yo‘llarini izlashga chaqirdi.

Livan va Isroil o‘rtasidagi muzokaralar qaysi bosqichda?

Isroil va «Hizbulloh» joriy yilning 2-martidan buyon ochiq urush holatida. Ungacha «Hizbulloh» Isroilning deyarli har kungi qoidabuzarliklariga qaramay, avvalgi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi shartlariga amal qilib kelayotgan edi. Bu sulh 2023 yil oktabrda boshlangan G‘azodagi voqealar ortidan kelib chiqqan mojaroga barham berish maqsadida tuzilgan edi.

AQSH vositachiligida tuzilgan bitim doirasida Isroil Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh» guruhi qurolsizlantirilganidan va Livan armiyasi Isroil bilan chegara yaqinida xavfsizlikni ta’minlash uchun joylashtirilganidan so‘ng, o‘zi egallab turgan Livan janubidagi hududlardan chiqib ketishga rozi bo‘lgan edi. Biroq bu hali amalga oshgani yo‘q va shundan buyon Livan hamda Isroil o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda.

Muzokaralarning navbatdagi raundi avgust oyining boshlarida bo‘lib o‘tgani aytilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid