Logo

Migrantlar soni qisqardi, pul o‘tkazmalari esa 9,3 mlrd dollarga yetdi – Markaziy bank

Kecha 13:254 daqiqa

O‘zbekistonda ish haqi va bandlik oshgan bo‘lsa-da, korxonalar taklif qilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari 9,8 foizga kamaydi. Mehnat bozoridagi o‘zgarishlar migratsiyaga ham ta’sir qilib, Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan o‘zbekistonliklar soni qisqargan.

Migrantlar soni qisqardi, pul o‘tkazmalari esa 9,3 mlrd dollarga yetdi – Markaziy bank © old.asiaplustj.info

Markaziy bankning 2026-yil II chorak bo‘yicha «Mehnat bozori sharhi»da mamlakatdagi ishchi kuchiga talab va taklif, bandlik va ish haqi dinamikasi bilan bir qatorda, tashqi mehnat migratsiyasi hamda pul o‘tkazmalarni tahlil qilgan.

Sharh ma’lumotlariga ko‘ra, mehnat bozorida ishchi kuchiga talab tarmoqlar bo‘yicha turlicha shakllangan. Sanoat, qurilish va xizmatlarda bandlik oshgan bir paytda, ayrim sohalarda vakansiyalar qisqargan.

Korxonalarda yangi xodimlarga ehtiyoj pasaydi

2026-yil II chorakda korxonalar tomonidan joylashtirilgan vakansiyalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 foizga kamaydi. Bunda chakana savdo, ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda ishchi kuchiga bo‘lgan talabning qisqarishi asosiy omillardan bo‘lgan.

Shu paytda ish izlovchilarning faolligi pasaymagan. Joylashtirilgan rezyumelar soni vakansiyalarga qaraganda tezroq oshgan. Natijada mavjud ish o‘rinlari uchun raqobat kuchayib, ish izlayotganlar uchun tanlov avvalgiga qaraganda kamaygan.

Korxonalarning kelgusi rejalari ham yangi xodimlarga ehtiyoj kamayganini ko‘rsatadi. Xodimlar sonini oshirishni kutayotgan korxonalar ulushi mart oyidagi 40 foizdan iyunda 34 foizgacha kamaygan. Aksincha, ish o‘rinlarini qisqartirishni rejalashtirayotgan korxonalar ulushi birinchi chorakdagi 6,6 foizdan ikkinchi chorakda 9,2 foizga yetgan.

Biroq bu holat ish bilan ta’minlanganlar soni ham qisqarmoqda degani emas. Aksincha, 2026-yilning birinchi choragida ish bilan band aholi soni 5,2 foizga oshgan.

Sanoat va xizmatlarda ish o‘rinlari ko‘paygan

O‘zbekistonda ish bilan ta’minlanganlar soni oshayotgan bo‘lsa-da, o‘zgarish barcha sohalarda bir xil emas. Qishloq xo‘jaligida ishlayotganlar kamayib borayotgan bir paytda, sanoat va qurilishning umumiy bandlikdagi ulushi mos ravishda 1,1 va 0,7 foizga oshgan.

Bu orada faol korxona va tashkilotlar soni ham ko‘paygan. 2026-yil 1-iyun holatiga ularning soni 471 mingtaga yetib, bir yil ichida 7,2 foizga oshgan. Lekin yangi ish o‘rinlariga ehtiyoj tarmoqlar bo‘yicha turlicha shakllanmoqda.

Korxonalar kelgusi davrda sanoat va qurilishda xodimlar sonini qisqartirishni, xizmatlar va savdoda esa yangi ishchilarni ko‘paytirishni kutmoqda. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida bandlikning qisqarishi ishchi kuchining boshqa tarmoqlarga, ayniqsa xizmatlar sohasiga o‘tishiga sabab bo‘ladi.

O‘rtacha ish haqi 7,1 mln so‘mga yetdi

2026-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7,1 mln so‘mga yetdi. Bir yil ichida nominal ish haqi 18,4 foizga, narxlar ta’siri chiqarib tashlangandagi real ish haqi esa 10,9 foizga yetgan. Ya’ni ish haqi faqat qog‘ozdagi raqam sifatida emas, aholining xarid qobiliyati bo‘yicha ham o‘sgan.

1

Manba: Markaziy bank

Biroq maoshlar miqdori sohalar kesimida bir-biridan farq qiladi. Moliya va sug‘urta sohasida o‘rtacha ish haqi 19,1 mln so‘mga yetgan bo‘lsa, axborot va kommunikatsiyada bu ko‘rsatkich 17,4 mln so‘m bo‘lgan.

Qishloq xo‘jaligida esa o‘rtacha maosh 3,5 mln so‘m, ijtimoiy xizmatlarda 4,7 mln so‘m atrofida qolgan. Eng yuqori va eng past maoshlar o‘rtasidagi farq 5 baravardan oshadi.

Maoshlar ayniqsa transport, ijtimoiy xizmatlar va qurilishda tezroq ko‘tarilgan. Transport va saqlashda ish haqi 22,8 foizga, ijtimoiy xizmatlarda 20,2 foizga, qurilishda 19,9 foizga oshgan. Bu sohalarning ayrimlarida o‘rtacha maosh hanuz eng yuqori darajada bo‘lmasa-da, ish haqi tezroq o‘smoqda.

Ayniqsa, qurilish, sanoat va transportda ish haqining tez o‘sishi malakali xodimlarga ehtiyoj kuchaygani bilan bog‘liq. Korxonalar bir tomondan yangi xodimlarga ehtiyojni qayta ko‘rib chiqayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan kerakli mutaxassislarni ushlab qolish uchun ko‘proq haq to‘lashga to‘g‘ri kelmoqda.

Hududlarda ish haqining o‘sishi ham turlicha bo‘lgan. Jizzaxda real ish haqi 13,3 foizga oshib, eng yuqori natijani qayd etgan. Namangan va Toshkent shahrida ham o‘sish 10 foizdan yuqori bo‘lgan, mos ravishda 11,8 va 10,7 foiz. Andijonda esa real ish haqi 7,9 foizga oshgan.

Shunday qilib, real ish haqining oshishiga inflatsiyaning sekinlashishi ham ta’sir qilgan. Ma’lumot uchun, may oyi yakuniga ko‘ra, mamlakatda yillik inflatsiya 5,5 foizni tashkil qilgan. Natijada 2026-yil 1-iyul holatiga nominal va real ish haqi o‘sishi o‘rtasidagi farq 7,5 foizgacha qisqargan.

O‘zbekistonliklar uchun yangi mehnat bozorlari kengaydi

2026-yil yanvar-iyun oylarida 1,18 mln O‘zbekiston fuqarosi ishlash uchun Rossiyaga borgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,2 foizga kam. Patent asosida ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni esa 9,2 foizga qisqardi.

Shu sababli ham Rossiya hanuz o‘zbekistonliklar uchun eng asosiy mehnat bozori bo‘lib qolmoqda. Biroq boshqa davlatlarda ishlayotgan fuqarolar soni ham oshgan. 1-iyul holatiga Turkiyada 70 ming, Janubiy Koreyada esa 102,2 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi yashagan.

Yevropa davlatlarida ham o‘zbekistonliklar soni ko‘paygan. 2025-yil yakunida Turkiya, Janubiy Koreya, Yevropa va AQSHdagi o‘zbekistonliklar soni jami 320 ming nafarga yaqinlashgan. Bir yil ichida Yevropadagi o‘zbekistonliklar soni 13,2 foizga, Turkiyadagi migrantlar soni esa 10,7 foizga oshgan.

Shu bilan birga, xorijda ishlayotgan fuqarolardan O‘zbekistonga yuborilayotgan mablag‘lar ham ko‘paymoqda.

Pul o‘tkazmalari 9,3 mlrd dollardan oshdi

2026-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga jami 9,3 mlrd dollar pul o‘tkazilgan. Shundan 3,8 mlrd dollari birinchi chorakda, 5,5 mlrd dollari ikkinchi chorakka to‘g‘ri kelmoqda.

2

Manba: Markaziy bank

Pul o‘tkazmalarining katta qismi Rossiyadan kelmoqda. Biroq boshqa davlatlardan yuborilgan mablag‘lar miqdori ham oshgan. Xususan, 

II chorakda Qozog‘istondan kelgan pul o‘tkazmalari 28,2 foizga, AQSHdan 18,8 foizga, Turkiyadan 14,2 foizga va Janubiy Koreyadan 11,4 foizga ko‘paygan.

Rossiyadan kelgan pul o‘tkazmalari ham 8,8 foizga oshgan. Biroq Rossiyaga ishlash uchun ketganlar soni kamayganiga qaramay, mamlakatga kelayotgan pul o‘tkazmalari hajmi ko‘paygan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning I choragida O‘zbekistonga 3,8 mlrd dollar pul o‘tkazilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga ko‘p. Shu davrda Rossiyadan kelgan pul o‘tkazmalarining umumiy hajmdagi ulushi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha kamaygan.

Teglar

null null

Zilola Xolto'rayevaMaqolalar soni: 43

Barchasi

Mavzuga oid