
Odamga ilk bor cho‘chqa o‘pkasi ko‘chirib o‘tkazildi
Xitoylik olimlar birinchi marta insonga genetik o‘zgartirilgan cho‘chqa o‘pkasini ko‘chirib o‘tkazdi. Bu ksenotransplantatsiya sohasidagi yirik ilmiy qadam sifatida baholanmoqda.

Guanchjou Tibbiyot universiteti professori Xe Szyansin rahbarlik qilgan jamoa klinik o‘lim holatidagi 39 yoshli bemorga transgen cho‘chqa o‘pkasini ko‘chirib o‘tkazdi. Shu vaqtgacha bunday amaliyot insoniyat tarixida hech qachon amalga oshirilmagan edi. Operatsiyadan keyin organ darhol rad etilmadi va 9 kun (216 soat) davomida o‘z vazifasini bajarishni davom ettirdi.
Olimlarning aytishicha, ular CRISPR/Cas9 texnologiyasi yordamida cho‘chqa genomidan immunitet reaksiyasini qo‘zg‘atadigan antigenlarni olib tashlagan. Shuningdek, inson tanasidagi «o‘z» va «begona» hujayralarni ajrata oladigan maxsus genlar qo‘shilgan. Bu o‘zgarishlar tufayli amaliyotdan keyingi dastlabki kunlarda kuchli rad etish holati kuzatilmadi.
Shu bilan birga, uchinchi kundan boshlab shifokorlar cho‘chqa to‘qimalariga qarshi antitanalar, yallig‘lanish va immunitetga bog‘liq zarar belgilarini qayd etdi. Mutaxassislar bu holat ksenotransplantatsiya usulini bemorlar uchun mutlaqo xavfsiz qilish uchun yanada chuqur genetik ishlanmalar zarurligini ko‘rsatdi, deb hisoblaydi.
Tarixan odam organizmi hayvon a’zolarini keskin rad etgani uchun ksenotransplantatsiya mumkin emas deb qaralardi. Ammo 2010-yillar boshida CRISPR texnologiyasi paydo bo‘lishi bilan bu sohada yangi imkoniyatlar ochildi. 2022 yilda AQSHda bir bemorga cho‘chqa yuragi ko‘chirib o‘tkazilgan edi. Bir necha hafta tana uni qabul qilgandek ko‘rinsa-da, bemor ikki oydan so‘ng vafot etdi. Yangi tadqiqot esa kelajakda inson hayotini saqlab qolish imkoniyatini oshirishi mumkin.





