
Oltin so‘nggi 46 yildagi eng yaxshi natijani namoyish etmoqda
2025-yilda oltin narxi keskin oshdi. Nyu Yorkdagi fyucherslar 71 foizga qimmatlab, so‘nggi 46 yil ichidagi eng kuchli o‘sishni qayd etdi.

2025 yil oltin bozori uchun tarixiy yil bo‘ldi. «Yahoo» ma’lumotiga ko‘ra, Nyu York birjasida oltin fyucherslari yil boshidan beri qariyb 71 foizga oshgan. Bu 1979 yildan beri eng yaxshi natija hisoblanadi.
O‘shanda AQSH prezidenti Jimmi Karter davrida Yaqin Sharqda inqiroz, yuqori inflatsiya va energetik muammolar mavjud edi. bugungi vaziyat ham o‘xshash: xalqaro savdoda tariflar oshmoqda, Rossiya Ukraina bilan urushni davom ettiryapti, Yaqin Sharqda keskinlik saqlanib qolmoqda.
Noma’lumlik kuchaygan paytda investorlar xavfsiz aktivlarga murojaat qiladi. Oltin aynan shunday himoya vositasi sifatida ko‘riladi. inflatsiya o‘sganda yoki valyutalar qadrsizlanganda, oltin qiymatini saqlab qolishi bilan jozibador.
«Jahon iqtisodiyotida noaniqlik asosiy omilga aylandi. Bu sharoitda oltin barqarorlik manbai sifatida yanada ahamiyat kasb etmoqda», — deydi «Jahon oltin kengashi»ning bozor strategi Jo Kavatoni.
Oltin foizli daromad bermasligi uning kamchiligi sanaladi. Ammo Federal zaxira tizimi stavkalarni pasaytirganda obligatsiya daromadlari tushadi va oltin nisbatan jozibaliroq bo‘ladi.
Shu hafta oltin narxi tarixda ilk bor unsiyasi uchun 4500 dollardan oshdi. Yil boshidan beri bu 50-marta rekord yangilanishi bo‘ldi. «JPMorgan» tahlilchilari 2026 yilda narx 5000 dollardan ham oshib ketishi mumkinligini kutmoqda.





