
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 66,3 mlrd dollarga yetib, rekordni yangiladi
Jahon bozorida oltin narxining jadal o‘sishi natijasida dekabr oyida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 5 milliard dollardan ortiqqa ko‘paydi.

2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Markaziy bank zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati 66,31 milliard AQSH dollarni tashkil etdi.
Oxirgi bir oyda zaxiralar hajmi 5,08 milliard dollarga yoki 8,3 foizga oshgan. Yil boshidan buyon o‘sish sur’ati 61 foizga yetdi. Markaziy bank statistikasiga ko‘ra, bu natija ma’lumotlar e’lon qilina boshlaganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
O‘sishning asosiy qismi oltin narxining jahon bozorlarida keskin ko‘tarilishi hisobiga ta’minlandi. Markaziy bank zaxiralaridagi oltin qiymati bir oyda 4,23 milliard dollardan ziyodga oshib, 55,09 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, oltinning jismoniy hajmi ham 0,4 million unsiyaga o‘sib, 12,6 million troy unsiyani tashkil qildi.
valuta zaxiralari ham ijobiy dinamikani namoyon etdi. Dekabr oyida ular 1,09 milliard dollarga yoki 8,4 foizga ko‘payib, 10,64 milliard dollardan oshdi. Jumladan, xorijiy markaziy banklar va Xalqaro valuta jamg‘armasi hisoblaridagi valuta mablag‘lari 1,48 milliard dollarga, xorijiy banklarda joylashtirilgan zaxiralar esa 7,63 milliard dollarga teng bo‘ldi.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar qiymati 5,3 million dollarga o‘sib, 1,53 milliard dollarga yetdi. Hozirda oltin-valuta zaxiralarida aksiya va obligatsiyalarning ulushi 2,3 foizni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida O‘zbekiston Markaziy banki 10 tonna oltin xarid qilib, dunyodagi eng yirik uchta xaridor qatoriga kirgan edi.





