O‘zbekiston yarim yildan beri oltin sotmayapti
O‘zbekiston mart oyida ham oltin eksportini amalga oshirmadi. Oxirgi marta oltin 2025-yilning sentabr oyida eksport qilingan edi.
2025-yilning I choragida allaqachon 3,6 mlrd dollar oltin sotilgandi. Bu 2026-yilda eksportning kamroq shakllanishiga sabab bo‘ldi.
Mart oyida oltin narxlari sotuv uchun jozibador bo‘lmagandi. Oy davomida narxlar unsiya uchun 5 300 dollarga yaqin ko‘rsatkichdan, 4 400 dollargacha tushib ketdi.
Biroq, avvalgi oylarda oltin narxi tarixiy rekord darajada bo‘lib, sotish uchun qulay narxda edi.
Markaziy bank oltin sotilmayotganini sotuvlar oltin zaxiralariga ta’sir qilishi, hozirda zaxiralarni yuqori ko‘rsatkichlarda ushlab turish muhim ekani bilan izohladi.
O‘zbekiston oltin eksport qilmagani bilan birgalikda, I chorak davomida eng ko‘p oltin xarid qilgan davlatlardan biriga aylandi.
3 oy ichida oltin xaridi 25 tonnani tashkil qildi va mamlakat bu borada dunyoda ikkinchi bo‘ldi. Xaridlar natijasida O‘zbekistonning oltin zaxiralari hajmi 416 tonnaga yetdi — bu tarixiy rekord hisoblanadi.
Polsha Markaziy banki eng ko‘p oltin sotib olgan davlat bo‘ldi. U o‘z zaxiralarini 31 tonnaga ko‘paytirib, 582 tonnaga yetkazdi.
Uchinchi o‘rinni 7 tonna oltin xarid qilib, Xitoy Markaziy banki egalladi. Xaridlarni o‘tgan chorakka nisbatan ikki barobardan ko‘proqqa oshirgan Xitoy Markaziy bankining umumiy oltin zaxiralari 2313 tonnaga (umumiy zaxiralarning 9 foiz) yetdi.
Boshqa xaridorlar qatoriga Qozog‘iston (12t), Chexiya (5t), Malayziya (5t), Gvatemala (2t), Kambodja (2t), Indoneziya (2t), Serbiya (1t) va BAA (1t) kirdi.
Geosiyosiy vaziyat, jumladan Eron, AQSH va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatlar bozorlarda noaniqlikni kuchaytirdi. Shuning uchun O‘zbekiston va boshqa davlatlar oltinni ishonchli aktiv deb bilib, zaxiralarini shu orqali ko‘paytirmoqda.
Oltin sotgan davlatlar
Uch oyda Turkiya taxminan 70 tonna oltin sotib, bozordagi eng yirik sotuvchilardan biriga aylandi. Undan keyingi o‘rinlarni Ozarbayjon va Rossiya 22 tonna oltin sotib, egalladi.
Shuningdek, Qirg‘iziston 1 tonna oltin sotdi, Bolgariya esa yevro joriy etish jarayoni doirasida 2 tonna oltinni Yevropa Markaziy banki ixtiyoriga o‘tkazdi.
Tahlilchilar fikrlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy bank jahonda sodir bo‘layotgan geosiyosiy muammolar sabab oltin narxi kelajakda bundan ham oshishi mumkinligiga ishonmoqda.
Ma’lumot uchun: 2025-yil davomida O‘zbekiston 7,8 tonna oltin xarid qildi. 2020–2025 yillar oralig‘ida esa jami 54,4 tonna qimmatbaho metall sotib olgan.
Oltin zaxiralari
Hozirda mamlakat 60,850 mlrd dollarlik oltin zaxiralariga ega. Mart oyida O‘zbekistonning oltin zaxirasi rekord darajadagi 67,7 mlrd dollardan shu ko‘rsatkichga tushib ketgandi. Vaholanki, oy davomida zaxiralardagi oltin hajmi qariyb 10 tonnaga ko‘paydi.
Fizik o‘sishga qaramasdan zaxiralar qiymati yo‘qolishiga mart oyida oltin narxi troya unsiyasida 5 300 dollardan 4 300 dollargacha pasayib ketgani sabab bo‘ldi.
Aprel oyida ham oltin narxi nisbatan pastroq shakllandi. Natijada bu oyda ham O‘zbekistonning oltin zaxiralari pasayishi kutilmoqda.
Ayni paytda oltinning global narxi unsiyada 4 700 dollar atrofida bo‘lib turibdi. Bu yil boshidagi 5 500 dollarlik rekordga nisbatan ancha kam.
Agarda narxlar shu atrofda saqlanib qoladigan bo‘lsa, O‘zbekiston oltinni yuqori narxda sotish uchun qulay vaqtni o‘tkazib yuborgan bo‘ladi.
Shunga qaramay, uzoq muddatda oltin doimgidek xavfsiz aktiv sifatida ko‘rilmoqda.
Teglar






