O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasi tutashgan hududda savdo-iqtisodiy park quriladi
100 gektarlik park chegara savdosi, investitsiya va turizmni rivojlantirishga qaratilgan strategik infratuzilma sifatida ko‘rilmoqda.
© Фото: Қирғизистон президенти матбуот хизматиTojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasi tutashgan hududda yirik «Do‘stlik» savdo-iqtisodiy parki qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyiha Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga kecha, 6-may kuni Botken viloyatiga tashrifi davomida taqdim etildi. Qirg‘iziston prezidenti chegara uchrashuv nuqtasida joylashgan, 2025-yil 31-mart kuni ochilgan «Do‘stlik» stelasini ham ko‘zdan kechirgan.

Parkdan nima ko‘zlangan?
Yangi park konsepsiyasiga ko‘ra, u 100 gektar maydonda barpo etiladi. Unda ma’muriy, turistik, logistik, ishlab chiqarish, savdo va dam olish zonalari bo‘ladi. Loyiha maqsadi – chegaraviy savdo-logistika aloqalarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va mintaqa iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish.
To‘liq amalga oshirilsa, 5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi va chegara savdosi hajmi sezilarli oshishi kutilmoqda.
Konsepsiya, shuningdek, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro madaniy tadbirlar, etnofestivallar va ko‘rgazmalarni tashkil etishni ham o‘z ichiga oladi. Tashabbuskorlar fikricha, bu madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga va Buyuk ipak yo‘li tarixiy merosini ommalashtirishga xizmat qiladi.
Japarov: stategik ahamiyatga ega loyiha

Sadir Japarov Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash muhim ekanini ta’kidlagan. Uning aytishicha, Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil rivojlanish uchun qo‘shma infratuzilma va iqtisodiy loyihalar strategik ahamiyatga ega.
Shuningdek, u «Do‘stlik» xalqaro savdo-iqtisodiy parkini muvaffaqiyatli amalga oshirish faqat uch davlatning yaqin hamkorligi sharoitidagina mumkinligini bildirdi.
Japarovning qayd etishicha, loyiha nafaqat yirik savdo va investitsiya maydoni, balki Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasida tinchlik, ishonch va birdamlik ramzi ham bo‘lishi mumkin.




