Tojikistonda tadbirkorlar ko‘paydi
Eng tez o‘sish patent asosida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
© Фото: asia+2026-yilning birinchi choragida Tojikistonda yangi tadbirkorlar soni faoliyatini to‘xtatgan bizneslardan ko‘p bo‘ldi: 11,5 mingta yangi biznes ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 6,2 mingta tadbirkorlik subyekti o‘z faoliyatini tugatgan. Bu esa soha umumiy o‘sishini ta’minladi. Bu haqda Statistika agentligiga tayanib, «Aziya plyus» xabar berdi.
Mamlakatda faol yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 349,7 mingtaga yetgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 4,3 foizga ko‘p. Bu holat mamlakatda kichik biznes hali ham qishloq xo‘jaligi bilan chambarchas bog‘liq ekanini, bir vaqtning o‘zida savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida ham rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
O‘sish barcha toifalarda qayd etildi

Eng tez o‘sish patent asosida ishlovchi tadbirkorlar (+9,5 foiz) va alohida shartlar bo‘yicha guvohnoma bilan faoliyat yurituvchilar (+8,2 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Statistika agentligi buni shaharlarda kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasi kengayib borayotgani bilan izohlagan.
Tojikistonda kichik tadbirkorlik davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Mamlakatda tadbirkorlikni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonunchilik amal qiladi. U biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar, jumladan soliq imtiyozlari, davlat dasturlari va moliyaviy yordamni nazarda tutadi.
Yangi 12 mln dollarlik dastur
Shuningdek, mamlakatda 2023–2027-yillarga mo‘ljallangan davlat tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshirilmoqda. U biznes muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Dasturning umumiy moliyalashtirish hajmi taxminan 113 mln somonini (taxminan 12 mln dollar) tashkil etadi. Shundan 19 mln somoni davlat budjeti, qariyb 87 mln somoni rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va 7 mln somoni xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ushbu dastur tadbirkorlar sonini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.





