Prezident farmoni: To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etiladi

Yangi agentlik to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va jarayonlarni raqamlashtirish uchun mas’ul bo‘ladi.

Prezident farmoni: To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etiladi © SI asosida yaratilgan

O‘zbekistonda To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etiladi. Bu kecha, 6-may kuni qabul qilingan «To‘lovga qobiliyatsizlik institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonida belgilangan.

Farmonga ko‘ra, To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi Adliya vazirligi huzurida tashkil etiladi va uning hududiy bo‘limlari ham bo‘ladi. Agentlik to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida yagona davlat siyosatini yuritishga mas’ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Vazifalari

Agentlikning to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

– to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shu jumladan, ushbu sohani nazorat qilish va tartibga solish;

– to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

– to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni soddalashtirish.

Yagona elektron platformasi tashkil etiladi

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan sudgacha sanatsiya davrida banklar (kreditorlar) qarzdor bilan tuzilgan kelishuvga asosan kelishuvda belgilangan muddatga va faoliyatini tiklashga qaratilgan sanatsiya rejasini bajarish sharti bilan kreditlar bo‘yicha foizlarni hisoblash va (yoki) to‘lashni to‘xtatib turishi, keyinchalik sanatsiya rejasiga muvofiq restrukturizatsiya qilishi yoxud kreditni restrukturizatsiya qilishning boshqa choralarini ko‘rishi mumkin. Sud sanatsiyasi davrida sanatsiya rejasiga muvofiq va kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) roziligi bilan sud ajrimi asosida qarzdorning kreditlar bo‘yicha foizlarini hisoblash va (yoki) to‘lash to‘xtatib turilishi, keyinchalik esa sanatsiya rejasida belgilangan tartibda restrukturizatsiya qilinishi yoxud kreditni restrukturizatsiya qilishning boshqa choralari ko‘rilishi mumkin.

Shuningdek, soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashda garov mulki, bank kafolati yoxud sug‘urta polisi taqdim etilganda, moliyaviy holati va istisno etuvchi holatlar mavjudligidan qat’i nazar, soliq organlari tomonidan soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Soliq organlariga soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risidagi arizalar Soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi hamda ularni ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartiriladi.

2026-yil 1-dekabrdan to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini onlayn monitoring qilish imkonini beradigan To‘lovga qobiliyatsizlik ishlarini yuritishning yagona elektron platformasi ishga tushiriladi.

Yangi palata ham tashkil etiladi

Prezident farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi negizida barcha sud boshqaruvchilari a’zoligiga asoslangan O‘zbekiston Sud boshqaruvchilari palatasi tashkil etiladi.

Palata o‘zining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladigan hududiy tuzilmalari bilan birgalikda sud boshqaruvchilarini birlashtiruvchi yagona o‘zini o‘zi boshqarish tizimini tashkil etadi.

2026-yil 1-iyuldan Sud boshqaruvchilari palatasi, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda qonunchilikda belgilangan talablarga javob beradigan boshqa ta’lim muassasalariga sud boshqaruvchilarini tayyorlash huquqi beriladi.

Shuningdek, Sud boshqaruvchilari palatasiga sud boshqaruvchisining palataga a’zoligini to‘xtatish yoki a’zolikdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish va shu munosabat bilan uni o‘z vazifasini bajarishdan ozod qilish haqida sudga murojaat etish huquqi beriladi. Sud boshqaruvchisi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, sud kreditorlar yig‘ilishining qaroriga asosan sud boshqaruvchisiga to‘lanadigan haq miqdorini kamaytirishga haqli bo‘ladi.

Farmonga ko‘ra, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchilikka nomzod kreditorlar yig‘ilishi (qo‘mitasi) yoki Agentlik tomonidan taqdim etilmaganda, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi Sud boshqaruvchilari palatasi tomonidan maxsus elektron tizim orqali tanlangan nomzodlar orasidan sud tomonidan tayinlanishi mumkin. Sud boshqaruvchilariga to‘lanadigan haq miqdori bazaviy va natijaga (KPI) bog‘liq qismlarga ajratiladi, bunda natijaga bog‘liq haq, shu jumladan, sanatsiya rejasida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda prezident Shavkat Mirziyoyevga to‘lovga qobiliyatsizlik institutini takomillashtirish va moliyaviy ahvoli og‘ir tadbirkorlik subyektlarini sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar yuzasidan taqdimot qilingandi. To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha agentlikni tashkil etish va Sud boshqaruvchilari palatasini tuzish aynan shu taqdimotda taklif qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid

Prezident farmoni: To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etiladi | Vaqt.uz