Jamoat transporti aglomeratsiya tizimiga o‘tkaziladi: bunda nimalar o‘zgaradi?
Yangi taklif etilayotgan tizimga ko‘ra, shaharlar atrofidagi 12 kilometrgacha bo‘lgan hududlarga qatnaydigan avtobus yo‘nalishlari brutto-shartnoma asosida faoliyat yurita boshlaydi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekistonda jamoat transporti tizimi yagona aglomeratsiya tamoyili asosida rivojlantiriladi va shahar atrofidagi yo‘nalishlar ham brutto-shartnoma tizimi bilan qamrab olinadi. Bu haqda 7-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda jamoat transportini yaxshilash yuzasidan o‘tkazilgan taqdimot bilan tanishish chog‘ida ma’lum qilindi.
Yangi taklif etilayotgan tizimga ko‘ra, shaharlar atrofidagi 12 kilometrgacha bo‘lgan hududlarga qatnaydigan avtobus yo‘nalishlari brutto-shartnoma asosida faoliyat yurita boshlaydi. Xususan, Toshkentda 19 ta, viloyat markazlarida esa 79 ta ana shunday yo‘nalish tashkil etilishi rejalashtirilgan. Poytaxtda Nazarbek, Mineral suvlar va Uch Qahramon hududlarini shahar bilan bog‘lash orqali avtomobillar oqimini kamida 20 foizga kamaytirish maqsad qilingan.
Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish uchun shahar atrofi temir yo‘l qatnovlari va jamoat transporti o‘zaro bog‘lanadi. Bunda «elektropoyezd – avtobus» va «elektropoyezd – metro» kabi yagona va qulay tariflarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Sohadagi texnik ehtiyojlarni qondirish maqsadida hududlar uchun yana 1,5 mingta katta va o‘rta sig‘imli avtobuslar sotib olish zarurligi ta’kidlandi. Tadbirkorlarni rag‘batlantirish uchun avtobuslarni import qilishda utilizatsiya yig‘imidan ozod qilish muddatini yana 2 yilga uzaytirish taklif etildi.
Xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini ta’minlash uchun bir avtobusga to‘g‘ri keladigan haydovchilar sonini 2 nafardan 3 nafarga oshirish vazifasi qo‘yildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili haydovchilarning me’yordan ortiq ishlashi va muomalasi yuzasidan Toshkentning o‘zida 1 670 ta shikoyat kelib tushgan, avtobuslar ishtirokida 109 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan.
Jamoat transporti tizimiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Ushbu texnologiyalar yo‘lovchilar oqimini tahlil qilgan holda avtobuslar harakatini optimallashtirishga xizmat qiladi. Bu chora bir yo‘lovchini tashish tannarxini 10-15 foizga qisqartirish imkonini beradi.
Prezident turizm markazlari bo‘lgan Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida ham jamoat transportini rivojlantirish dasturlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, Samarqand va Namangan shaharlarida aholi va sayyohlar uchun zamonaviy “yashil transport” yo‘nalishlarini ko‘paytirish bo‘yicha master-rejalar ishlab chiqiladi.
So‘nggi uch yil ichida mamlakatga 2 ming 650 ta zamonaviy avtobus va elektrobuslar olib kelingan. Natijada kunlik qatnovlar soni 45,2 mingtaga, yo‘lovchilar oqimi esa 2,3 million nafarga yetgan.





