Energetika vaziri va bloger o‘rtasidagi nizo: sud ishni ko‘rmasdan tugatdi
Nizo metan zapravkalaridagi navbatlar, elektr va gaz ta’minoti muammolari hamda «Avto24» ilovasi haqidagi tanqidiy postlar ortidan kelib chiqqan.
© vaqt.uzBugun, 7-may kuni Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov ustidan yozgan arizasi asosida ochilgan ish jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi binosida ko‘rib chiqildi. Bu haqda sud zalidan VAQT.UZ muxbiri xabar berdi.
VAQT.UZ muxbiriga ko‘ra, sudda arizaning muddati o‘tib ketganligi sababli ayblilik masalasini muhokama qilmasdan turib, ishni tugatish haqida to‘xtamga kelingani tushuntirilgan.
Hammasi nimadan boshlangan?
Mazkur nizo vazirning 2024-yil 26-dekabr kuni Toshkent shahar IIBBga qilgan murojaati bilan bog‘liq. Shikoyatda «bakirooo» Telegram kanalida e’lon qilingan, metan zapravkalardagi navbatlar, «Avto24» mobil ilovasi faoliyati va Toshkent tumanidagi elektr hamda gaz ta’minotidagi uzilishlar tanqid qilingan postlarga huquqiy baho berish so‘ralgan.
Bloger Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, vazirning e’tirozlariga sabab bo‘lgan chiqishlar qariyb bir yarim yil oldingi voqealarga taalluqli.
«Mirzamahmudov shikoyatining mazmuni 2024-yil dekabr oyida metan zapravkalarda gaz bor-yo‘qligi va navbatlar haqida ma’lumot beradi, deya taqdim etilgan «Avto24» ilovasiga bildirilgan e’tirozlar, shuningdek Toshkent tumanida «rejaga chiqish uchun» paydar-pay gaz-svet o‘chirilishlar bilan bog‘liq. Qizig‘i, shikoyat va qayta ochilgan ish yana qariyb 1,5 yil avvalgi chiqishlar bilan bog‘liq va o‘zgarishsiz jihati shundaki, mazkur post yozilayotgan kunda ham svet uch marta, qariyb 4 soatga o‘chdi», - deya yozdi Bakirovning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Ichki ishlar idoralari mazkur murojaat yuzasidan 2026 yil 23-yanvarda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilgan edi. Biroq oradan ikki oy o‘tib, 25-mart kuni shahar prokuraturasi ushbu qarorni asossiz deb topdi va bekor qildi.





