O‘zbekistonda aksiyalarni qanday sotib olish mumkin? IPOda ishtirok etish bo‘yicha qo‘llanma
Yetakchi kompaniya aksiyalariga sarmoya kiritishni rejalashtiryapsizmi? Buning uchun qancha mablag‘ kerak, IPOda qanday ishtirok etish va investitsiya qilishda qanday xatarlarni hisobga olish lozim? Vaqt.uz ushbu maqolada yangi investorlar uchun eng muhim savollarga sodda va batafsil javob beradi.
© Foto: YandexO‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish siyosati doirasida davlat kompaniyalari bosqichma-bosqich fond bozoriga olib chiqilmoqda. So‘nggi yillarda UzAuto Motors, O‘zbektelekom va O‘zNIF IPO o‘tkazgan bo‘lsa, 2027-yilgacha yana beshta davlat kompaniyasi aksiyalarini ommaviy joylashtirishi kutilmoqda.
Aksiya nima va undan qanday daromad olish mumkin?
Aksiya sotib olgan investor kompaniyaning ulushdori (aksiyadori) ga aylanadi. Bu unga kompaniya foydasidan dividend olish, ayrim masalalarda ovoz berish hamda aksiyalar narxi oshsa, ularni qimmatroq narxda sotish imkonini beradi.
Boshlanishiga investitsiyani faqat erkin mablag‘ hisobidan amalga oshirish tavsiya etiladi, chunki aksiyalar qiymati nafaqat oshishi, balki pasayishi ham mumkin.
Aksiyalarni qayerdan sotib olish mumkin?
O‘zbekistonda barcha qimmatli qog‘ozlar "Toshkent" respublika fond birjasi orqali muomalaga chiqariladi. Biroq jismoniy shaxslar birjada bevosita savdo qila olmaydi. Buning uchun litsenziyaga ega broker orqali hisob ochish talab etiladi.
Brokerlik hisobi ikki usulda ochiladi:
● broker ofisiga shaxsan murojaat qilish;
● GoInvest yoki JETT kabi mobil ilovalar orqali MyID yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tish.
Hisob ochilgach, investor uni mablag‘ bilan to‘ldirib, aksiyalarni sotib olish mumkin bo‘ladi.
IPOda ishtirok etish qanday tartibda amalga oshiriladi?
IPO — biror kompaniya aksiyalarini ilk bor keng jamoatchilikka taklif qilish jarayoni hisoblanadi.
Agar IPO mobil ilovada mavjud bo‘lsa, investor kerakli miqdordagi aksiyalar uchun buyurtma beradi va to‘lovni amalga oshiradi. Talab taklifdan yuqori bo‘lsa, buyurtma qisman qanoatlantirilishi mumkin. Bunday holatda foydalanilmagan mablag‘ investor hisobiga qaytariladi.
Xorijiy kompaniyalar aksiyalarini sotib olish mumkinmi?
Hozircha O‘zbekiston brokerlari orqali Apple, Tesla, Google, Meta yoki Nvidia kabi xorijiy kompaniyalar aksiyalarini qonuniy ravishda sotib olish imkoni mavjud emas.
Biroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi "Toshkent" fond birjasida xorijiy qimmatli qog‘ozlar savdosi uchun alohida maydoncha yaratishni rejalashtirmoqda.
Daromad va soliq
O‘zbekistonda aksiyalarni sotishdan olingan daromadga odatiy daromad solig‘i qo‘llanilmaydi. Buning o‘rniga har bir bitim summasining 0,01 foizi miqdorida majburiy yig‘im avtomatik ushlab qolinadi.
Dividendlar bo‘yicha esa soliq mavjud, ammo ayni paytda jismoniy shaxslar uchun 2028-yil oxirigacha imtiyoz joriy etilgan bo‘lib, dividendlardan olinadigan soliq undirilmaydi.
Jamg‘arma va davlatga IPO nima uchun kerak?
IPO prezident qarori asosidagi xususiylashtirish dasturi doirasida o‘tkazilmoqda. Aksiyalar savdosidan tushadigan mablag‘lar davlat budjetiga yo‘naltiriladi.
Biroq aksiyalarni joylashtirishdan maqsad faqat mablag‘ jalb qilish emas. IPO Milliy investitsiya jamg‘armasi(UzNIF) tarkibidagi kompaniyalarni isloh qilishni jadallashtirishi kerak. Jumladan, moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga o‘tkazish, korporativ boshqaruvni joriy etish hamda investorlar uchun shaffoflikni oshirish ko‘zda tutilgan.
Jamg‘arma aksiyalarining joylashtirilishi portfeldagi yirik kompaniyalarni IPOga tayyorlashning ilk bosqichi sifatida ham baholanmoqda. Rejalarga ko‘ra, yaqin ikki yil ichida Uzbekistan Airways, Milliy elektr tarmoqlari, O‘zbektelekom, O‘zbekgidroenergo, Hududiy elektr tarmoqlari va Hududgazta’minot kompaniyalarini birjaga chiqarish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2030-yilgacha O‘zsanoatqurilishbank IPOsi yoki strategik investorlarga sotish rejalashtirilgan.





